YouVersion Logo
Search Icon

Zabur 58

58
58–SANO
1Ijrochilar rahbariga. Shoul Dovudni oʻldirish uchun uning uyini kuzatishga kishi yuborgandan keyin#58:1 Shoul Dovudni oʻldirish uchun uning uyini kuzatishga kishi yuborgandan keyin… — 1 Shohlar 19:11-17 ga qarang., Dovudning aytgan qoʻshigʻi. “Xarob etma” kuyiga aytiladi.
2Gʻanimlarimdan meni qutqar, ey Xudoyim,
Menga qarshi turganlardan himoya qil meni.
3Badkirdorlardan qutqargin meni,
Qonxoʻrlardan saqlagin meni.
4Qara, ular meni poylab yotarlar,
Zolimlar menga qarshi fitna qilarlar,
Garchi aybu gunohim boʻlmasa–da, ey Egam,
5Garchi men haqsizlik qilmasam–da,
Ular menga qarshi hujum qilmoqqa tayyor.
Qoʻzgʻal Oʻzing, ahvolimni koʻr, kel yordamga.
6Ey Isroil xalqining Xudosi,
Ey Parvardigori Olam — Egam,
Qani, boʻl, barcha xalqlarni jazolagin,
Yovuz sotqinlarga shafqat qilmagin.
7Gʻanimlarim har kuni oqshomda qaytib keladi,
Itlarday uvullab, shahar izgʻiydi.
8Qara, ogʻizlaridan qusuq chiqadi,
Tillaridan zahar soʻzlar chiqadi,
“Kim ham bizni eshitardi”, deya oʻylaydi.
9Ular ustidan Sen kulasan, ey Egam,
Hamma xalqlarni Sen masxaralaysan.
10Senga intizorman, ey Qudratim,
Sen mening qalʼamsan, ey Xudo!
11Sodiq sevging ila, ey Xudoyim, menga madad berasan,
Koʻzlarimga dushmanlarim magʻlubiyatini koʻrsatasan.
12Ularni oʻldirma, xalqim bu saboqni unutib qoʻyar,
Qudrating bilan ularni titrat,
Ey qalqonim Rabbiy, ularni koʻtarib ur.
13Ularning ogʻzidan chiqqan gunohlar uchun,
Lablaridan chiqqan soʻzlar uchun
Oʻzlarining takabburligi orqali ilinsin.
Ular aytadigan laʼnat, yolgʻon uchun
14Gʻazabing ila ularni yoʻq qilgin,
Bitta ham qoldirmay qirib tashlagin.
Shunda ey Xudo, Yoqub nasli ustidan hukmron ekanliging
Yerning toʻrt tomonida maʼlum boʻladi.
15Gʻanimlarim har kuni oqshomda qaytib keladi,
Itlarday uvullab, shahar izgʻiydi.
16Ovqat izlab, daydib yuradi,
Agar toʻymasalar, irillaydi.
17Men esa Sening qudratingni tarannum etaman,
Sodiq sevgingni tongda sevinch ila kuylayman.
Sen mening qalʼam boʻlgansan,
Kulfatda qolganimda panohimsan.
18Ey Qudratim, Seni kuylab madh qilaman,
Sen, ey Xudo, mening qalʼamsan,
Sodiq sevgisini koʻrsatuvchi Xudosan.

Currently Selected:

Zabur 58: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in