Zabur 5
5
5–SANO
1Ijrochilar rahbariga. Nay joʻrligida aytiladigan Dovud sanosi.
2Soʻzlarimga quloq tut, ey Egam!
Diqqat qilgin nolalarimga.
3Eshitgin, madad soʻrab iltijo etaman,
Sen ham Shohimsan, ham Xudoyimsan!
Shu bois Senga ibodat qilaman.
4Ey Egam! Tong chogʻi ovozimni eshitasan,
Subhidamda Senga yolvoraman,
Sendan javob kutaman.
5Qabihlikdan mamnun boʻlmaydigan Xudosan Sen,
Senga mehmon boʻlolmas gunohkor inson.
6Takabburlar huzuringda tura olmaydilar,
Hamma badkirdorlarni Sen yomon koʻrasan.
7Yolgʻon gapiradiganlarni Sen qirib tashlaysan,
Ey Egam, qonxoʻr, yolgʻonchilardan Sen jirkanasan.
8Men esa sodiq sevgingning moʻlligi sabab
Sening uyingga kiraman.
Muqaddas Maʼbadingda taʼzim qilaman,
Qoʻrquv ila Senga sajda qilaman.
9Naqadar dushmanlarim koʻp, ey Egam,
Odilliging bilan meni soʻqmogʻingdan yetakla,
Oʻz yoʻllaringni menga ravshan qil.
10Dushmanlarim ogʻzidan haqiqat chiqmaydi,
Ularning yuraklari baloyu ofatdir.
Ochiq qabr kabidir ogʻizlari,
Tillari xushomad qiladi.
11Ey Xudo, ularni jazolagin!
Yomon niyatlari oʻzlarining boshiga yetsin.
Ular Senga qarshi isyon qilganlar.
Gunohlari koʻpligi uchun ularni haydab yuborgin.
12Senda panoh topganlarning hammasi sevinsin,
To abad shodlikdan ular kuylasin.
Ularni Sen himoya qilganing uchun,
Seni sevganlar sevinch ila joʻshsin.
13Ey Egam! Sen solih kishilarga baraka berasan,
Sening himmating ularni qalqonday himoya qiladi.
Currently Selected:
Zabur 5: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020