Zabur 21
21
21–SANO
1Ijrochilar rahbariga. “Tongda chiqqan kiyik” kuyiga aytiladigan Dovud sanosi.
2Ey Xudoyim! Nega meni tark etding?!
Nega mendan uzoqdasan shu qadar?!
Ey Xudoyim! Nechun menga najot bermaysan?!
Ohu nolalarimni eshitmaysan?!
3Ey Xudoyim, kun boʻyi iltijo qilaman,
Sen esa javob bermaysan.
Tun boʻyi yolvoraman,
Ammo menga tinchlik yoʻq.
4Baribir Sen Muqaddas Xudosan,
Isroilning hamdu sanosi qurshab olgan taxtingni.
5Ota–bobolarimning umidi Senda edi,
Sen ularga najot berding.
6Ular Senga nola qilib, najot topdilar,
Ular Senga ishonib, uyalib qolmadilar.
7Axir, men inson emas, bir qurtdirman.
Odamlar hazar qilgan, xalqlar nafratlangan.
8Meni koʻrgan har kim ustimdan kular,
Meni haqoratlab, bosh chayqab derlar:
9“Egangga ishon, Oʻzi qutqarib olar,
Egang sendan mamnun boʻlsa, U najot berar.”
10Onam qornidan Sen meni chiqargan eding,
Onam bagʻrida Oʻzing meni omon saqlagan eding.
11Senga tayanaman tugʻilganimdan buyon,
Mening Xudoyimsan onam dunyoga keltirgandan buyon.
12Mendan uzoq boʻlmagin!
Axir, kulfat yonginamda–ku,
Menga madad berguvchi biron kimsa yoʻq!
13Bir gala buqalar#21:13 buqalar — sano ijodkori bu soʻz orqali dushmanlarini nazarda tutgan. U dushmanlarini yana sherlar (shu sanoning 14, 22–oyatlariga qarang), koʻppaklar (shu sanoning 17, 21–oyatlariga qarang) va yovvoyi buqalar (shu sanoning 22–oyatiga qarang) deb ataydi. Meni qurshab olgan,
Ha, Bashan oʻlkasining#21:13 Bashan oʻlkasi — Bashan Jalila koʻlining shimoli–sharqida joylashgan boʻlib, oʻzining koʻm–koʻk yaylovlari va sogʻlom nasldor, chorvasi bilan mashhur edi. kuchli buqalari Meni oʻrab olgan.
14Oʻkirib oʻljasini pora qiladigan sherga oʻxshab,
Men tomon ular ogʻizlarini katta ochgan.
15Hayotim suv kabi toʻkildi,
Suyaklarim boʻgʻinidan boʻshashdi,
Yuragim mum kabi ichimda erib ketdi.
16Madorim qurib, sopol parchasiday boʻlib qoldim#21:16 Madorim qurib, sopol parchasiday boʻlib qoldim — yoki Ogʻzim sopol parchasiday qurib ketdi.,
Tilim tanglayimga yopishib qoldi,
Meni oʻlim toʻshagiga yotqizding.
17Atrofimda koʻppaklar izgʻiydi,
Badkirdorlar toʻdasi meni qurshab olgandir,
Qoʻlu oyoqlarimni ular ilma–teshik qiladi#21:17 …Qoʻlu oyoqlarimni ular ilma–teshik qiladi — baʼzi ibroniy qoʻlyozmalaridan, qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …Sher kabi, qoʻl–oyoqlarim. Bu iborani …Ular sher kabi, qoʻl–oyoqlarimni bosib turadilar yoki …Ular sher kabi, qoʻl–oyoqlarimni gʻajiydilar deb tarjima qilsa ham boʻladi..
18Hamma suyaklarim koʻrinib turadi,
Dushmanlarim koʻzlarini chaqchaytirib,
Yeb qoʻygudek boʻladi.
19Kiyimlarimni ular oʻzaro boʻlishgan,
Libosim uchun qurʼa tashlashgan.
20Mendan uzoq turma, ey Egam!
Kuchim manbai Sensan! Tez kel, yordam ber!
21Jonimni qilich damidan qutqar,
Hayotimni koʻppaklar changalidan qutqar!
22Sherlar ogʻzidan qutqargin meni!
Yovvoyi buqalar shoxidan asragin meni!
Sen iltijoimga javob berding.
23Birodarlarimga Sen haqingda aytaman,
Jamoa orasida Senga hamdu sano oʻqiyman.
24Ularga shunday deyman:
“Egamizga hamdu sano ayting, ey Undan qoʻrqqanlar!
Egamizni ulugʻlang, ey Yoqub nasli!
Egamizni izzatlang, ey Isroil nasli!
25Kulfatda qolgan bechoradan Egamiz yuz oʻgirmadi.
Uning qaygʻularidan hazar qilmadi, nafratlanmadi.
Bechoraning nolalarini Egamiz eshitdi.”
26Ulugʻ jamoa ichra
Hamdu sano aytishimning sababi Sensan.
Sendan qoʻrqqanlar oldida ontimni ado etaman.
27Ey Egam, qashshoqlar yeb toʻyadilar#21:27 …yeb toʻyadilar… — sano ijodkori Xudodan olgan yordami uchun Xudoga shukrona bildirish niyatida Maʼbadga nazr olib kelgan. Soʻng oʻsha nazrning bir qismini taom sifatida qashshoqlarga ulashib bergan.,
Senga yuz burganlar Seni madh qiladilar,
Ular dunyo turguncha tursinlar!
28Egamizni eslab, Unga yuz bursinlar
Yer yuzidagi jamiki insonlar!
Jamiki urugʻu elatlar
Unga sajda qilsinlar!
29Egamiz hokimiyati mutlaqdir,
Elatlar ustidan U hukmrondir.
30Jamiki boylar ham ziyofat yeb, Unga taʼzim qiladi.
Tuproq ostiga ketayotganlar ham Unga sajda qiladi,
Hatto oʻz hayotini saqlay olmaydiganlar taʼzim qiladi.
31Avlodlar Unga xizmat qiladi,
Kelgusi nasllar Rabbiy haqida eshitadi.
32Ular kelib Egamizning najoti haqida eʼlon qiladi,
Uning qilganlarini hali tugʻilmagan xalqlarga aytadi.
Currently Selected:
Zabur 21: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020