YouVersion Logo
Search Icon

Zabur 108

108
108–SANO
Ijrochilar rahbariga. Dovud sanosi.
1Seni olqishlayman, ey Xudo,
Sukut saqlamagin.
2Fosiq, yolgʻonchilar menga qarshi ogʻiz ochgan,
Yolgʻonchi tillar bilan menga qarshi gapirar.
3Nafratga toʻla soʻzlarni ustimga yogʻdirarlar,
Sababsiz menga hujum qilarlar.
4Menga ayb qoʻyarlar doʻstligimga javoban,
Ibodat qilaman hamon.
5Yaxshilik evaziga menga yomonlik qaytararlar,
Doʻstligim evaziga menga adovat qilarlar.
6Fosiqni ularga qarshi qoʻy,
Ularning oʻng tomonida ayblovchi tursin.
7Sinalganda, ular aybdor boʻlsin,
Ularning ibodati gunoh deb hisoblansin.
8Ularning umri qisqa boʻlsin,
Oʻrnini boshqasi olsin.
9Yetim boʻlib qolsin bolalari,
Beva boʻlib qolsin xotinlari.
10Bolalari kulbasidan ayrilib, darbadar boʻlsin,
Non izlab tilanchi boʻlsin.
11Mol–holini sudxoʻrlar egallasin,
Mehnati samarasini begonalar tortib olsin.
12Biron kimsa ularga shafqat qilmasin,
Ularning yetim bolalariga hech kim achinmasin.
13Ularning nasl–nasabi qirilib ketsin,
Bir nasldan soʻng nomlari yoʻq boʻlsin.
14Ey Egamiz! Otalari aybini esga olgin,
Onalarining gunohini hech qachon unutmagin.
15Ey Egamiz, ularning gunohidan doim xabardor boʻlgin,
Oʻsha insonlarning xotirasini yer yuzidan oʻchirgin.
16Axir, ular hech qachon shafqat qilishni oʻylamadi.
Muhtojlarni, umidsizlikka tushganlarni,
Kambagʻallarni taʼqib qildi, oʻldirdi.
17Ular laʼnatlashni yaxshi koʻrardi,
Endi laʼnatlari oʻzlarining boshiga kelsin.
Duo qilishni yoqtirmasdi,
Endi duo ulardan uzoq boʻlsin#108:17 …kelsin…boʻlsin — yoki …keldi…boʻldi..
18Laʼnatni ular kiyimday kiyardi,
Ularning tanasiga laʼnat suv kabi kirardi,
Suyaklariga moy kabi singardi.
19Ha, kiyim kiyganday, ular laʼnatga oʻranib olsin,
Laʼnatni har kuni belga taqadigan kamarday qilib olsin.
20Ey Egam! Menga qarshi yomon gapiruvchilarga,
Meni ayblovchilarga Sendan ana shular mukofot boʻlsin.
21Sen, ey Egam Rabbiy,
Oʻz noming haqi menga madad ber,
Ezgudir sodiq sevging, meni qutqar.
22Men bir bechora, yoʻqsilman,
Ichimda yuragim yaralangandir.
23Oqshomgi soyaday yoʻq boʻlib boryapman,
Chigirtkaday men uloqtirilganman.
24Roʻza tutganimdan tizzalarimda darmon yoʻq,
Etim suyagimga yopishib qolgan.
25Dushmanlarim haqoratining nishoniman,
Meni koʻrganlarida masxaralab, boshlarini chayqashar.
26Ey Egam Xudo, menga madad bergin,
Sodiq sevging haqi meni xalos qilgin.
27Buni Sening qoʻling qilganini dushmanlarim bilsin,
Ey Egam, menga najot bergan Sen ekaningni ular bilsin.
28Mayli, ular meni laʼnatlasin,
Sen esa menga baraka berasan.
Ular hujum qilganda, sharmanda boʻlishsin,
Men — quling esa shod–xurram boʻlay.
29Meni ayblovchilar badnomlikka burkansin,
Chopon kiyganday, sharmandalikka oʻransin.
30Egamga cheksiz shukronalar aytaman,
Xaloyiq orasida Unga hamdu sano oʻqiyman.
31Egamiz turar yoʻqsillarning oʻng tomonida,
Ularni oʻlimga mahkum etganlardan qutqarmoq uchun.

Currently Selected:

Zabur 108: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

Video for Zabur 108