Zabur 106
106
106–SANO
1Egamizga shukrona ayting, U yaxshidir,
Uning sodiq sevgisi abadiydir.
2Shunday desin Egamizdan najot topganlar,
U kulfatdan qutqargan odamlar.
3Axir, Egamiz ularni sharqu gʻarbdan,
Shimolu janubdan#106:3 janub — ibroniycha matnda dengiz. Bu oʻrinda Oʻrta yer dengizining janubiy sohili yoki Aqaba qoʻltigʻi nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. toʻplagan,
Koʻp yurtlardan ularni yigʻib kelgan.
4Baʼzilari choʻlu biyobonda tentirab yurdilar,
Yashash uchun biron shaharga yoʻl topmadilar.
5Och, tashna holda qoldilar,
Sal boʻlmasa oʻlayozdilar.
6Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar,
Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi.
7Ular yashaydigan shaharga borgunga qadar,
Egamiz ularni toʻgʻri yoʻldan yetakladi.
8Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsin!
Egamizning insoniyatga koʻrsatgan ajoyib ishlari uchun shukur qilsin!
9Zotan, U qondirar tashna boʻlganlarni,
Toʻydirar neʼmatlar bilan ochlarni.
10Baʼzilari zimziyo zulmatda oʻtirardilar,
Asir boʻlib, kishanda azob chekardilar.
11Ular Xudoning soʻzlariga qarshi isyon qilgandilar,
Xudoyi Taoloning yoʻl–yoʻriqlarini mensimadilar.
12Shu bois Xudo ularni ogʻir ishlarga majbur etdi,
Ular yiqilganda, yordam berishga biron kimsa boʻlmadi.
13Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar,
Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi.
14Ularni zimziyo zulmatdan olib chiqdi,
Ularning kishanlarini parcha–parcha qildi.
15Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsin!
Egamizning insoniyatga koʻrsatgan ajoyib ishlari uchun shukur qilsin!
16Zotan, U bronza darvozalarni sindirar,
Temir tambalarni ikkiga boʻlib tashlar.
17Baʼzilari ahmoq boʻlib, itoatsizlik qildilar,
Gunohlari tufayli azobga duchor boʻldilar.
18Har qanday ovqatdan jirkanar edilar,
Oʻlim ogʻziga yaqinlashib qolgan edilar.
19Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar,
Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi.
20Egamiz gapirib, ularga shifo berdi,
Qabrdan ularni saqlab qoldi.
21Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsinlar!
Egamizning insoniyatga koʻrsatgan ajoyib ishlari uchun shukur qilsinlar!
22Ular shukrona qurbonligini keltirsinlar,
Uning ishlarini shodon qoʻshiqlarda kuylasinlar.
23Baʼzilari kemalarda dengizga chiqdilar,
Vahimali suvlar uzra savdo qildilar.
24Ular Egamizning ishlarini,
Chuqur suvda Uning moʻjizalarini koʻrdilar.
25U amr berganda, boʻron qoʻzgʻaldi,
Dengiz toʻlqinlari baland koʻtarildi.
26Kema osmonga koʻtarilib, yana chuqur suvga tushdi,
Falokatdan kemadagilar bemajol boʻlib qoldi.
27Ular mast kabi dovdirab aylandi,
Mahoratlari foyda bermadi.
28Kulfatda qolganlarida Egamizga nola qildilar,
Egamiz ularni azob–uqubatlardan qutqardi.
29U boʻronni shabadaga aylantirdi,
Dengiz toʻlqinlari sukutga choʻmdi.
30Toʻlqinlar jim boʻlganidan ular sevindi,
Istagan bandargohga#106:30 bandargoh — kemalar toʻxtaydigan joy, port. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi BANDARGOH soʻziga qarang. ularni keltirib qoʻydi.
31Sodiq sevgisi uchun ular Egamizga shukrona aytsin!
Egamizning insoniyatga koʻrsatgan ajoyib ishlari uchun shukur qilsin!
32Ular jamoa oldida Egamizni ulugʻlasin,
Oqsoqollar yigʻinida Unga hamdu sanolar aytsin.
33Egamiz daryolarni sahroga aylantirar,
Buloqlarni qaqragan yerga aylantirar.
34Aholisining fosiqligi sababli
Hosildor yerlarni shoʻr yerga aylantirar.
35Sahroni esa Egamiz koʻl qilar,
Qaqragan yerdan buloqlar chiqarar.
36Och–yupunlarni u yerga olib kelib oʻrnashtirar.
Ular esa yashash uchun shaharlar qurar.
37Dalalarga urugʻ ekib, uzumzorlar yaratar,
Dalalardan moʻl–koʻl hosil olar.
38Egamizning barakasi ila ular juda koʻpayar,
Ularning chorvasi kamayishiga Egamiz yoʻl qoʻymas.
39-40Egamiz aslzodalarni xor qildi,
Yoʻlsiz sahroda ularni sargardon qildi.
Zulm, kulfat, gʻamdan
Ularning soni kamaydi,
Ular qashshoqlashdi.
41Yoʻqsillarni esa Egamiz kulfatdan qutqarar,
Ularning oilasini qoʻy suruviday koʻpaytirar.
42Solihlar buni koʻrib, sevinar,
Fosiqlar esa ogʻzini yopib, jim boʻlar.
43Donolar bularga eʼtibor bersin,
Egamizning sodiq sevgisini anglasin.
Currently Selected:
Zabur 106: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020