YouVersion Logo
Search Icon

Filippiliklar Kirish

Kirish
Mazkur maktub muallifi havoriy Pavlusdir. Pavlus bu maktubini qamoqda boʻlgan paytda#…qamoqda boʻlgan paytda… — 1:13 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. Filippi shahridagi imonlilar jamoatiga yozgan. Filippi Rim imperiyasining Makedoniya viloyatida joylashgan boʻlib, boy shahar edi. Pavlus Yevropada Xushxabarni targʻib qilishni aynan shu shahardan boshlagan edi. Pavlusning faoliyati natijasida Filippi shahrida imonlilar jamoati vujudga keldi.
Pavlus bu maktubini Filippiliklar yuborgan hadyalar va ularning ibodatlari uchun oʻz minnatdorchiligini bildirish hamda ularga boʻlgan mehr–muhabbatini izhor etish niyatida yozgan. Ushbu maktubida u Masih uchun hatto jonini fido qilishga ham tayyorligini yozadi, ammo Xushxabarni targʻib qilish va jamoatni oʻstirish maqsadida tirik qolishiga ishonchi komil ekanligini taʼkidlaydi. Pavlus mazkur maktubini yozar ekan, jamoatdagi yolgʻon taʼlimotlar tufayli koʻp aziyat chekayotganini bayon qiladi. Baʼzi odamlar, masihiylar Musoning qonuniga amal qilmasalar, najot topmaydilar, deb taʼlim berayotgan edilar. Pavlus mana shunday odamlardan ehtiyot boʻlishni va ularning taʼlimotlariga quloq tutmaslikni maslahat beradi, chunki bu taʼlimotlar Pavlus targʻib qilgan Xushxabarga mutlaqo zid edi.
Maktub satrlarida Pavlusning joʻshqin imoni va cheksiz quvonchi yorqin aks etgan. Oʻzi qiyin ahvolda boʻlsa ham, Pavlus fursatdan foydalanib, Filippilik imonlilarga tasalli beradi. Oʻzining hayotidagi va ularning boshiga tushgan qiyinchiliklarga qaramay, ularni imonda sobit qolishga va jasoratli boʻlishga undaydi. Ular qonunga amal qilish orqali emas, balki Xudoning inoyati tufayli Iso Masihga tegishli ekanliklarini eslatadi. U Iso Masihga ishonib yashaganlarga Xudo shodlik va tinchlik berishi haqida ham yozadi. Xudoning xalqi ahil yashashi kerakligini eslatadi. Ularga, xudbinlik va magʻrurlik ixtiyorida boʻlmanglar, balki Iso Masihga oʻxshab, kamtarin boʻlinglar, deb yolvoradi.
Ushbu maktub zamirida quvonch, ishonch, birlik va imonda sobitlik kabi mavzular yotadi. Maktubni oʻqir ekanmiz, Pavlusning Filippidagi jamoatga boʻlgan oʻzgacha mehrini sezamiz.

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in