Sahroda 34
34
34–BOB
Kanʼon yurtining chegaralari
1Egamiz Musoga dedi:
2— Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Kanʼon yurtiga kirib borganingizdan keyin, sizlarga mulk qilib beriladigan bu yurt quyidagicha chegaralanadi:
3Yurtingizning janubiy qismi Zin choʻlidan Edom yurti boʻylab choʻziladi. Janubiy chegarangiz sharq tomonda Oʻlik dengizning#34:3 Oʻlik dengiz — ibroniycha matnda Tuz dengizi (shu bobning 12–oyatida ham bor). janubiy qirgʻogʻidan boshlanib, 4Chayonlar dovonidan#34:4 Chayonlar dovoni — ibroniycha matnda Akrabim dovoni, maʼnosi chayonlar dovoni. oʻtadi va janubga — Zin choʻli tomonga choʻziladi. Chegarangizning eng janubiy nuqtasi Kadesh–Barna boʻladi. U yerdan chegara Xazor–Adargacha borib, Ozmon orqali oʻtadi. 5Soʻng burilib, Misr chegarasidagi irmoq#34:5 Misr chegarasidagi irmoq — Sinay yarim orolining shimoli–sharqidagi Arish soyligi yoki Nil daryosining sharqiy irmogʻi nazarda tutilgan (yana Ibtido 15:18 va Yoshua 13:3, 15:4, 47 ga qarang). boʻylab Oʻrta yer dengiziga borib taqaladi.
6Oʻrta yer dengizining qirgʻogʻi gʻarbiy chegarangizni tashkil qiladi.
7Shimoliy chegarangiz esa Oʻrta yer dengizidan sharqqa, Xoʻr togʻiga#34:7 Xoʻr togʻi — shimolda joylashgan bu togʻ 20:22 va 33:37-39 da tilga olingan Horun vafot etgan Xoʻr togʻi emas. tomon choʻziladi. 8Xoʻr togʻidan Levo–Xomatgacha#34:8 Levo–Xomat — yoki Xomat dovoni. boradi, soʻng Zadoddan oʻtib, 9Zifroʻnga choʻzilib boradi va Xazor–Enanda toʻxtaydi. Bu sizning shimoliy chegarangiz boʻladi.
10Sharqiy chegarangiz shimoldagi Xazor–Enandan boshlanib, janub tomon Shafomga boradi, 11soʻng yana janubga choʻzilib, Oyinning sharq tomonidagi Rivlodan oʻtadi va Jalila koʻlining#34:11 Jalila koʻli — ibroniycha matnda Keneret koʻli, oʻsha vaqtda Jalila koʻli va uning atrofidagi yerlar shu nom bilan ham atalardi. sharq tomonidagi qirlar boʻylab boradi. 12Soʻng chegara Iordan daryosi boʻylab janubga choʻzilib, Oʻlik dengizga borib toʻxtaydi.
Har tomondan chegaralangan mana shu yerlar sizlarning yurtingiz boʻladi.”
13Shundan soʻng Muso Isroil xalqiga buyurdi:
— Bu yurtni qurʼa tashlab#34:13 …qurʼa tashlab… — 26:55 izohiga qarang., boʻlib olinglar. Egamiz bu yurtni toʻqqizta qabilaga va bir qabilaning yarmiga boʻlib berishni amr etgan. 14-15Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi xonadonlari boʻyicha Yerixo shahrining roʻparasidagi Iordanning sharq tomonidan oʻzlariga tegishli mulkni olganlar.
Yurtning taqsimlanishiga javobgar yoʻlboshchilar
16Egamiz Musoga yana aytdi: 17“Ruhoniy Elazar va Nun oʻgʻli Yoshua yurtni Isroil xalqiga boʻlib berishsin. 18Har bir qabiladan bittadan yoʻlboshchini ularga yordamchi qilib tayinlanglar. 19Oʻsha odamlarning ismlari quyidagichadir:
Yahudo qabilasidan — Yafunax oʻgʻli Xolib.
20Shimoʻn qabilasidan — Omihud oʻgʻli Shomuil.
21Benyamin qabilasidan — Xislon oʻgʻli Elidod.
22Dan qabilasidan — Yoxli oʻgʻli Bukki.
23Yusuf oʻgʻli Manashe qabilasidan — Efoʻd oʻgʻli Xanniyol.
24Efrayim qabilasidan — Shifton oʻgʻli Kamuvol.
25Zabulun qabilasidan — Parnoʻx oʻgʻli Elizofon.
26Issaxor qabilasidan — Ozzon oʻgʻli Paltiyol.
27Osher qabilasidan — Shalumi oʻgʻli Oxixud.
28Naftali qabilasidan — Omihud oʻgʻli Padahiyol.”
29Egamiz ana shu odamlarga, Isroil xalqiga Kanʼon yurtini mulk qilib boʻlib beringlar, deb amr bergan edi.
Currently Selected:
Sahroda 34: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020