YouVersion Logo
Search Icon

Noxum 3

3
3–BOB
Naynavoning qismati
1Holingga voy, ey qoʻli qon shahar!
Oʻtaketgan makkor, oʻljaga toʻlgan shahar!
U yerdagi qotilliklar hech tugamas!
2Quloqqa chalinar qamchilarning vizillashi,
Gʻildiraklarning taraq–turugʻi,
Yelayotgan ot tuyoqlarining tovushi,
Jang aravalarining gumburlashi!
3Jangga kirmoqda otliq sipohlar,
Yalt–yult etmoqda qilichlar,
Yarqiramoqda nayzalar,
Uyilib ketdi oʻliklar,
Uyum–uyum boʻldi jasadlar,
Murdalarning son–sanogʻi yoʻq.
Qoqilishar jasadlarga odamlar!
4Ey Naynavo#3:4 Naynavo — Nineviya nomi bilan ham maʼlum., oʻzingni buzuq fohishaday#3:4 …buzuq fohishaday… — Naynavo aholisining xatti–harakatlari va qilmishlariga mos obraz. Naynavo Ossuriya kuch–qudratining markazi va maʼbuda Ishtarga qilinadigan sajdaning oʻchogʻi edi. Butxonadagi fohishalar bilan jinsiy aloqa maʼbuda Ishtarga sajda qilish marosimining bir qismi edi. Ayrim hollarda, sajda qiluvchilar Ishtarning oʻzini ham fohisha deb atardilar. Ossuriya fohishaga oʻxshab boshqa xalqlarni qudrati bilan oʻziga rom qilgan edi. Ammo keyinchalik bu xalqlar Ossuriyaga bogʻlanib qolganlaridan afsuslanar edilar, chunki Ossuriya ularni dushmanlardan himoya qilsa ham, ularni qattiq nazorat ostiga olgan edi va ulardan katta oʻlpon toʻlashni talab qilardi (4 Shohlar 16:7-9, 17:1-6 ga qarang). tutding,
Suyuqoyoq jodugarday odamlarni rom qilding,
Buzuqliging bilan xalqlarni qul qilding,
Sehr–jodularing bilan oʻzingga ogʻdirding.
5“Men senga qarshiman!
— deb aytmoqda Sarvari Olam. —
Men koʻylagingni koʻtarib,
Xalqlarga yalangʻoch tanangni koʻrsataman,
Ellar oldida sharmandangni chiqaraman.
6Ustingdan axlat yogʻdirib, seni xoʻrlayman.
Odamlarga seni tomosha qildiraman.
7Seni koʻrganlar orqaga chekinib, shunday deyishar:
«Naynavo vayron boʻldi!
Kim unga achinar ekan?!»
Seni yupatadigan hech kim yoʻq!”
8Noʻ–Omon#3:8 Noʻ–Omon — Fiva nomi bilan ham maʼlum. Fiva shahri Misr janubiy hududining markazi boʻlib, Misr tarixida birmuncha vaqt poytaxt ham boʻlgan edi. Miloddan oldingi 663 yilda Ossuriya shohi Ashshurbanapal tomonidan bosib olingan va shaharning baʼzi qismlari vayron qilingan. shahridan sening ortiq joying bormidi?!
Oʻsha shahar Nil daryosi boʻyida joylashgandi,
Suvlar qurshovida turgandi,
Daryo — uning istehkomi,
Suvlar — himoyasi boʻlgandi.
9Habashistonu#3:9 Habashiston — ibroniycha matnda Kush. Bu joy Misrdan janubda boʻlib, hozirgi Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini oʻz ichiga olgan edi. Misr uning ustidan hukmronlik qilardi,
Kuchining chek–chegarasi yoʻq edi.
Liviya#3:9 Liviya — ibroniycha matnda bu yurtning qadimgi nom Fut. Bu oʻrinda Fut va Lub nomlari Liviyaning ikkita hududiga nisbatan ishlatilgan boʻlishi mumkin. bilan Lub uning ittifoqdoshlari edi.
10Shunday boʻlsa–da,
Noʻ–Omon shahrining aholisi surgun qilindi,
Odamlari asirlikka olib ketildi,
Har bir koʻchaning boshida
Toshga urib oʻldirildi goʻdaklari,
Aslzodalari uchun qurʼa tashlandi,
Barcha zodagonlari zanjirband boʻldi.
11Ey Naynavo, sen ham mast boʻlib, gandiraklab qolasan#3:11 …mast boʻlib, gandiraklab qolasan… — bu oʻrinda sharob Xudo gʻazabining ramzi boʻlib, sharobdan mast boʻlish Xudoning hukmiga duchor boʻlishni bildiradi (Ishayo 51:17-23, Yeremiyo 25:15-29 ga qarang).,
Bekinasan, dushmanlaringdan qochib, panoh izlaysan.
12Sening hamma qalʼalaring
Mevasi pishgan anjir daraxtiga oʻxshar.
Anjirni silkitsang,
Anjirlar xoʻrandaning ogʻziga tushar.
13Lashkaringga bir qarasang–chi!
Xotin kishidan farqi yoʻq–ku ularning.
Yurtingning darvozalari yov uchun keng ochildi,
Darvozalarning tambalarini olov yoʻq qildi.
14Qamalga tayyorlangin!
Suvga toʻldir idishlaringni!
Mustahkamla qoʻrgʻonlaringni!
Oyoq bilan ezgin loyni,
Tayyorla tezroq qoliplaringni!
15Baribir olov seni yamlab yuborar,
Chigirtka#3:15 Chigirtka — baʼzan toʻda–toʻda boʻlib kelib, dalalardagi hosilga katta zarar yetkazadigan hasharot. Bu oʻrinda Noxum Naynavoga hujum qiladigan lashkarga chigirtkalar toʻdasi deb ishora qiladi. Ammo muallif shu bobning 16-17–oyatlarida Naynavo shahrining aʼyonlarini, savdogarlarini va qoʻriqchilarini chigirtkalarga oʻxshatadi. ekinlarni qirtishlaganday,
Qilich seni qirib tashlar.
Chigirtkaday koʻpayaver!
16Savdogarlaringni osmondagi yulduzlardan ham koʻp qilding,
Biroq ular chigirtkaday yurtingni talashar,
Soʻng qanot qoqib uchib ketishar.
17Sovuq kunda devorlarga qoʻnadigan,
Quyosh chiqqach esa uchib yoʻq boʻladigan
Chigirtkadaydir sening posbonlaring,
Chigirtka galasidaydir sening sarkardalaring.
Ular qayerga gʻoyib boʻlganini bilmaydi hech kim.
18Ey Ossuriya shohi,
Rahnamolaringning#3:18 Rahnamolar — ibroniycha matnda Choʻponlar. Yoʻlboshchilar va hukmdorlarga nisbatan qoʻllangan sheʼriy usul. koʻzi yumilgan,
Yoʻlboshchilaring abadiy uyquga ketgan,
Sening xalqing togʻlarga tarqalgan,
Ularni yigʻadigan biror kimsa yoʻq.
19Sening yarangni davolab boʻlmas,
Jarohating halokatlidir.
Bu haqda xabar topgan hamma odamlar
Xursandligidan chapak chalar.
Zotan, hech kim cheksiz zulmingdan
Qochib qutula olmagan.

Currently Selected:

Noxum 3: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in