Mixo 6
6
6–BOB
Egamiz Isroil xalqi bilan daʼvolashadi
1Egamizning soʻzini eshiting:
“Qani, turing!
Togʻlar oldida ayting daʼvoingizni,
Qirlar eshitsin sizning ovozingizni.”
2Ey togʻlar, Egamizning daʼvosiga quloq tuting,
Zaminning mangu poydevorlari#6:2 Zaminning mangu poydevorlari — qadimda Isroil xalqining tasavvuriga koʻra, yer tep–tekis boʻlib, yer ostida buyuk dengiz bor edi, dengiz tubida oʻrnatilgan ulkan ustunlar yerni ushlab turardi. Bu ustunlar dengiz tubidagi poydevorga tayanardi., siz ham eshiting!
Egamiz Oʻz xalqi bilan daʼvolashadi,
Xalqi Isroil bilan U bahslashadi.
3Egamiz demoqda:
“Ey xalqim, senga Men nima qildim?!
Senga tushdimi biror ogʻirligim?!
Qani, javob bergin–chi Menga!
4Men sizlarni Misr yurtidan olib chiqqan edim–ku,
U yerdagi qullikdan xalos etgan edim–ku.
Oldingizga yuborgandim yoʻlboshchilarni —
Muso, Horun va Maryamni.
5Ey xalqim, nahot eslamasangiz
Moʻab shohi Boloqning yovuz niyatini,
Bavoʻr oʻgʻli Balomning unga bergan javobini?!
Shitimdan Gilgalga qilgan safaringizda ham
Nimalar yuz berganini bir eslang#6:5 …Nimalar yuz berganini bir eslang — Boloq bilan Balom Isroil xalqini laʼnatlashga qanchalar urinmasin, Xudo Isroilga baraka berar edi (Sahroda 22:1-24:25 ga qarang). Xudo Iordan daryosining suvlarini toʻxtatib, Oʻz xalqini daryoning sharqidagi Shitimdan gʻarbdagi Gilgalga eson–omon olib oʻtdi, vaʼda qilgan yurtni ularga berdi (Yoshua 3:1-4:19 ga qarang)..
Bu voqealarni esga olsangiz,
Men, Egangiz, sizlarni qutqarmoqchi boʻlib,
Ne–ne ishlar qilganimni koʻrasiz!”
Xudoning talablari
6Yuksalgan Xudoga sajda qilganimda,
Nima olib boray Egamizning huzuriga?!
Unga atab qurbonliklar kuydirsammikan?!
Bir yoshli buzoqlarni nazr qilsammikan?!
7Unga atab minglab qoʻchqorlarni soʻysam,
Zaytun moyin daryo–daryo qilib oqizsam
Egamiz mendan mamnun boʻlarmikan?!
Itoatsizligim evaziga toʻngʻich oʻgʻlimni beraymi?!
Gunohim evaziga oʻz farzandimni qurbon qilaymi?!
8Ey inson, nima yaxshi ekanligini
Egamiz senga ayon qildi.
Shudir Uning sendan qilgan talabi:
Adolatli ish tutgin,
Mehr–shafqat qilishdan zavq olgin,
Kamtar boʻlib, Xudoning yoʻlidan yurgin.
9Xudodan qoʻrqish — donolik, axir!
Egamiz Quddus ahliga xitob qilar:
“Yaxshilab quloq soling!
Men sizlarni hademay jazolayman!#6:9 Yaxshilab quloq soling! Men sizlarni hademay jazolayman! — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi Kaltakka va uni Tayinlaganga quloq sol! Bu oʻrinda kaltak shaxs timsolida boʻlib, Xudo beradigan jazoga ishora qiladi.
10Ey fosiqlar, harom boyligingizga qanday koʻz yumay?!
Tarozidan urib yiqqan davlatingizni qanday unutay?!
Bunday boylikdan jirkanaman, axir!
11Notoʻgʻri tarozini ishlatgan odamni qanday oqlayin?!
Soxta qadoq toshlardan foydalangan kishiga qanday chidayin?!
12Ey Quddus boylari, sizlar zoʻravonlik qilyapsiz,
Ey shahar odamlari, sizlar aldayapsiz.
Yolgʻondan boshqani bilmas tillaringiz.
13Shuning uchun Men sizlarga qaqshatqich zarba beraman,
Gunohlaringiz uchun sizlarni xarob qilaman.
14Sizlar yeysiz, lekin toʻymaysiz,
Qorningiz doim och boʻladi.
Narsa yigʻasiz–u, saqlay olmaysiz,
Yiqqanlaringizni urushda nobud qilaman.
15Siz ekasiz, ammo oʻrib olmaysiz.
Moy olasiz, ammo undan foydalanmaysiz.
Uzum ezasiz#6:15 Uzum ezasiz… — qadimgi paytlarda odamlar uzumni qoyatoshga oʻyilgan chuqurga yoki tuproqdan qazilgan, tubiga va atrofiga zich qilib tosh terilgan chuqurga solib, sharbatini siqib olish uchun oyoqlari bilan ezardilar. Sharbat oʻsha chuqurdan yana boshqa bir chuqurga oqib tushardi., ammo sharobidan ichmaysiz.
16Axir, sizlar shoh Omrining odatlarini tashlamayapsiz.
Axab#6:16 …Omri…Axab… — Mixo paygʻambar davridan oldin Isroilda, yaʼni shimoliy shohlikda hukmronlik qilgan ikki shoh. Omri va uning oʻgʻli Axab oʻzlarining butparastligi va oʻta qabihligi bilan tanilgan edilar (3 Shohlar 16:25-33 ga qarang). xonadonining barcha qilmishlariga taqlid qilyapsiz,
Ularning yoʻlini tutyapsiz.
Shuning uchun Men sizlarni xarob qilaman.
Sizni koʻrganlar sizlardan hazar qiladi,
Barcha xalqlar sizlarni haqorat etadi#6:16 …Barcha xalqlar sizlarni haqorat etadi — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda …Mening xalqim sizlarni haqorat etadi..”
Currently Selected:
Mixo 6: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020