Matto 19
19
19–BOB
Nikoh va ajralish haqida
1Iso bu gaplarini tugatgandan keyin, Jalila hududini tark etdi. U Iordan daryosining sharq tomoniga, Yahudiya oʻlkasining narigi tomoniga bordi. 2Bir talay olomon Isoga ergashib borgan edi. Iso u yerda xastalarga shifo berdi.
3Bir necha farziylar Isoning oldiga keldilar va Uni sinamoqchi boʻlib soʻradilar:
— Qonunga koʻra, erkak kishi har qanday sabab bilan oʻz xotinidan ajralishi mumkinmi?#19:3 Qonunga koʻra, erkak kishi har qanday sabab bilan oʻz xotinidan ajralishi mumkinmi? — Qonunlar 24:1 da yozilgan qonuniy ajralishning sabablari haqida yahudiy olimlari koʻp bahslashardilar. Baʼzi olimlar Qonunlar 24:1 dagi “uyatli qiliq”ni zino deb talqin qilgan holda, faqatgina xotin zino qilganda ajrashish mumkin, deb aytishardi. Boshqa baʼzi olimlarning fikri boʻyicha, xotin erga biror sababga koʻra yoqmay qolsa, er xotini bilan ajrashishi mumkin edi. Ular Qonunlar 24:1 dagi “uni yoqtirmay qolsa” iborasiga urgʻu berganlar. Iso Masihning taʼlimotiga koʻra esa Xudoning asl maqsadi shu ediki, er va xotin nikohi buzilmasin, ular aslo ajrashmasin (shu bobning 4-6–oyatlariga qarang). Ammo Iso ham Musoning qonunlarida berilgan, bevafolik sababi bilangina ajralish mumkin, degan fikriga qoʻshilar edi (shu bobning 8-9–oyatlariga qarang).
4Iso ularga shunday javob berdi:
— Nahotki sizlar: azalda Yaratuvchi “odamlarni erkagu ayol qilib yaratdi”#19:4 Ibtido 1:27, 5:2 ga qarang. degan soʻzlarni oʻqimagan boʻlsangizlar? 5“Shuning uchun erkak kishi ota–onasidan boʻlak boʻlib, xotiniga bogʻlanib qoladi, ikkalasi bir tan boʻladilar.”#19:5 Ibtido 2:24 ga qarang. 6Bunga koʻra, ular endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadilar. Xudo birga qoʻshganni bandasi ajratmasin.
7Farziylar esa Isoga dedilar:
— Unday boʻlsa, nima uchun Muso, erkak oʻz xotiniga taloq xatini yozib berib, joʻnatib yuborsin, deb amr bergan?#19:7 …Muso…amr bergan — Qonunlar 24:1 ga qarang.
8Iso ularga shunday javob berdi:
— Sizlar bagʻri tosh boʻlganlaringiz uchun Muso xotinlaringiz bilan ajrashishga ijozat bergan, ammo azalda bunday boʻlmagan. 9Men sizlarga shuni aytayin: kim bevafolikdan boshqa sabab tufayli oʻz xotini bilan ajrashib, boshqasiga uylansa, zino qilgan boʻladi#19:9 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar Isoning gapiga qoʻshimcha qilingan: shuningdek, eridan ajralgan xotinga uylangan ham zino qilgan boʻladi..
10Shogirdlar Isoga dedilar:
— Agar erkakning xotiniga nisbatan shunday majburiyati boʻlsa, uylanmagan yaxshiroq ekan–da!
11Iso esa shogirdlariga:
— Ha, bu taʼlimotimni hamma ham qabul qilavermaydi, — dedi. — Bu taʼlimotim Xudo atagan odamlargagina tegishli. 12Baʼzi erkaklarning uylana olmasligiga ayrim sabablar bor: baʼzilarning erkakligi tugʻma zaifdir. Boshqalari esa odamlar tomonidan bichilgan. Yana boshqalari Osmon Shohligi yoʻlida uylanishdan voz kechadilar. Bu taʼlimotni qabul qila oladigan qabul qilsin.
Iso bolalarni duo qiladi
13Iso bolalarimizga qoʻl qoʻyib duo qilsin deb, odamlar Isoning oldiga bolalarni olib kelishdi. Shogirdlar esa bolalarni olib kelgan odamlarni koyidilar. 14Ammo Iso dedi:
— Bolalarga yoʻl beringlar, Mening oldimga kelishlariga toʻsqinlik qilmanglar! Zero, Osmon Shohligi shundaylarnikidir.
15Iso bolalarning boshiga qoʻl qoʻyib, duo qildi, keyin Oʻz yoʻliga ketdi.
Boylik va abadiy hayot
16Shu mahal bir odam Isoning yoniga kelib:
— Ustoz!#19:16 Ustoz! — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Valineʼmat Ustoz! Abadiy hayotga ega boʻlishim uchun qanday yaxshi ish qilishim kerak? — deb soʻradi. 17Iso unga dedi:
— Nega Mendan yaxshi ish toʻgʻrisida soʻrayapsan? Faqatgina Xudo yaxshi–ku!#19:17 Nega Mendan yaxshi ish toʻgʻrisida soʻrayapsiz? Faqatgina Xudo yaxshi–ku! — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Nega Meni valineʼmat deysiz? Birgina Xudodan boshqa hech kim valineʼmat emas–ku! Abadiy hayotdan bahramand boʻlishni istasang, Xudoning amrlariga rioya qilgin.
18— Qaysilariga? — deb soʻradi u. Iso dedi:
— “Qotillik qilma. Zino qilma. Oʻgʻrilik qilma. Yolgʻon guvohlik berma. 19Ota–onangni hurmat qil. Oʻzgani oʻzingni sevganday sevgin”#19:18-19 Chiqish 20:12-16, Qonunlar 5:16-20, Levilar 19:18 ga qarang. degan amrlarga.
20Yigit Unga dedi:
— Bularning hammasiga amal qilib kelaman. Yana nima qilishim kerak?
21Iso yigitga aytdi:
— Agar komil boʻlishni istasang, borib, mol–mulkingni sotib, pulini kambagʻallarga tarqat. Shunda samoda xazinang boʻladi. Keyin kelib, Menga ergashgin.
22Yigit bu soʻzlarni eshitib, gʻamgin boʻlib qaytib ketdi, chunki uning mol–mulki koʻp edi.
23Iso shogirdlariga dedi:
— Sizga chinini aytayin: boy odamning Osmon Shohligiga kirishi qiyin boʻladi. 24Sizlarga yana shuni aytay: boyning Xudo Shohligiga kirishidan koʻra, tuyaning igna teshigidan oʻtishi osonroqdir.
25Shogirdlar buni eshitib, gʻoyat ajablanishdi va:
— Unday boʻlsa, kim najot topa olar ekan? — deyishdi. 26Iso ularga koʻz tikib dedi:
— Inson uchun bu imkonsizdir, lekin Xudo uchun hamma narsaning imkoni bor.
27Shunda Butrus dedi:
— Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik. Buning evaziga nima olamiz?
28Iso ularga shunday javob berdi: “Sizga chinini aytayin: hamma narsa yangilanganda#19:28 …hamma narsa yangilanganda… — Vahiy 21:1-5 ga qarang. va Inson Oʻgʻli Oʻzining ulugʻvor taxtida oʻtirganda, Mening orqamdan ergashib kelgan sizlar ham oʻn ikkita taxtga oʻtirib, Isroilning oʻn ikki qabilasiga hukmronlik qilasizlar. 29Men uchun uy–joyini, aka–ukalarini, opa–singillarini, ota–onasini, bolalarini yoki yer–mulkini tashlab ketgan har bir kishi bulardan yuz hissa ortiqrogʻini olib, abadiy hayotga ega boʻladi. 30Ammo birinchi boʻlganlarning koʻplari oxirgi boʻladilar, oxirgilar esa birinchi boʻladilar.
Currently Selected:
Matto 19: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020