YouVersion Logo
Search Icon

Levilar 26

26
26–BOB
Itoatkorlik evaziga beriladigan barakalar
1Oʻzingiz uchun butlar yasamang, oʻyib ishlangan tasvirlaru boshqa xudolarga atalgan toshlarni oʻrnatmang. Yurtingizda butsimon toshlar oʻrnatib, ularga sajda qilmang. Zotan, Men Egangiz Xudoman. 2Shabbat kunlariga rioya qiling, muqaddas makonimni izzat eting. Men Egangizman. 3Agar qonunlarimga rioya qilib, amrlarimni bitta qoldirmay bajarsangiz, 4Men oʻz vaqtida yomgʻir yogʻdiraman. Yer hosilini beradi, daraxtlar meva soladi. 5Gʻalla yanchish vaqti uzum terish paytiga ulanib ketadi, uzum terish payti ekin–tikin vaqtiga ulanib ketadi. Toʻyguningizcha non yeysiz, oʻz yurtingizda bexatar yashaysiz. 6Men yurtingizga tinchlik ato etaman, yotganingizda hech kim sizni vahimaga solmaydi. Yurtingizdan yirtqich hayvonlarni haydab yuboraman. Zaminingiz urush koʻrmaydi. 7Gʻanimlaringizni taʼqib qilasiz, ular qilichingizdan halok boʻladi. 8Sizlardan beshtasi gʻanimlarning yuztasini quvadi, yuztangiz oʻn mingtasini quvadi. Ularni qilichdan oʻtkazasizlar. 9Sizlarga yuz buraman, barakali qilib koʻpaytiraman. Sizlar bilan qilgan ahdimga sodiq qolaman. 10Eski hosilingizni yeb boʻlmasingizdan, yangisiga joy boʻshatish uchun eskisini chiqarib tashlaysizlar. 11Men orangizda yashayman, sizlardan hazar etmayman. 12Doimo orangizda boʻlaman. Men sizning Xudoyingiz, sizlar esa Mening xalqim boʻlasizlar. 13Men Egangiz Xudoman. Sizlar bundan buyon qul boʻlmasligingiz uchun Men sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Qaddingizni rostlab yurishingiz uchun boʻyinturugʻingizni sindirganman.
Itoatsizlik evaziga beriladigan jazo
14Agar Menga quloq solmasangiz, Mening amrlarimni bajarmasangiz, 15qonunlarimni rad etsangiz, qoidalarimdan nafratlansangiz, amrlarimni bajarmay, ahdimni buzsangiz, 16Men boshingizga kulfat solaman, sizlarni tuzalmas kasallikka duchor qilaman, isitmangizni chiqarib, koʻzingizning nurini olaman, joningizni iztirobga solaman. Ekkan urugʻlaringiz behudaga ketar, chunki hosilingiz gʻanimlarga nasib etar. 17Men yuzimni sizlarga qarshi buraman, dushmanlaringiz sizlarni magʻlub etadi. Yovlaringiz ustingizdan hukmronlik qiladi. Sizlarni hech kim taʼqib qilmasa ham tumtaraqay boʻlib qochasizlar. 18Shunda ham Menga itoat qilmasangizlar, gunohlaringiz uchun jazoni yetti karra kuchaytiraman. 19Takabburona qaysarligingizni sindiraman, osmonni temir kabi qattiq, yerni mis kabi zarang qilaman. 20Mehnatingiz behudaga sarf boʻlar: yeringiz hosil bermas, daraxtlaringiz meva solmas.
21Shunda ham Menga qarshilik qilib itoat etmasangiz, gunohlaringizga yarasha yetti karra koʻproq taʼziringizni beraman. 22Sizlarga qarshi yirtqich hayvonlarni yuboraman. Ular sizlarni bolalaringizdan judo qiladi, mol–holingizni qirib yuboradi, shunda soningiz kamayib, koʻchalaringiz huvullab qoladi.
23Agar shundan ham saboq olmay, Menga qarshilik qilaversangiz, 24Men ham sizlarga qarshilik qilishni davom ettiraman. Oʻzim gunohlaringiz uchun yetti karra koʻproq taʼziringizni beraman. 25Ahdimni buzganingiz uchun boshingizga qilich keltiraman. Shaharlaringizga qochib berkinsangiz, oralaringizga oʻlat yuborib, sizlarni gʻanimlar qoʻliga tutib beraman. 26Rizq–roʻzingizni qirqaman. Oʻnta ayol bir tandirda non yopadi, nonni hammaga oʻlchab berishadi. Sizlar yeysizlar–u, ammo toʻymaysizlar.
27Bordi–yu, shunda ham Menga quloq solmay qarshilik qilaversangiz, 28Men ham gʻazab ustida sizlarga qarshilik qilaveraman. Gunohlaringiz uchun jazoni yetti karra koʻpaytiraman. 29Sizlar hatto oʻgʻil–qizlaringizning etini yeydigan boʻlasizlar. 30Men sajdagohlaringizni#26:30 sajdagoh — ibroniycha matnda bamax, yaʼni “tepalik”. Kanʼon xudolariga topinadigan joylar bamax deb atalardi. Odatda bu sajdagohlar tepaliklarda joylashgan boʻlib, u yerda Kanʼon xudolarining tasvirlari va qurbonliklar keltirish uchun qurbongoh boʻlardi. buzib tashlayman, tutatqi qurbongohlaringizni vayron qilaman. Jasadlaringizni jonsiz butlaringiz ustiga uyib tashlayman. Sizlardan hazar qilaman. 31Shaharlaringizni vayron etaman, muqaddas joylaringizni buzib tashlayman. Qurbonliklaringizning yoqimli hididan zavq olmayman. 32Yurtingizni shu qadar xarob qilamanki, u yerda oʻrnashib oladigan gʻanimlaringiz uning ahvolidan dong qotadi. 33Sizlarni esa xalqlar orasiga tarqatib yuboraman, qilichimni yalangʻochlab sizlarni taʼqib qilaman. Yurtingiz huvullab qoladi, shaharlaringiz xarobazorga aylanadi. 34Sizlar gʻanimlaringiz yerida boʻlganingizda yurtingiz dam oladi. Xarob boʻlib yotgan yillar davomida yurtingiz orom oladi. 35Vayronalar ichra yotib, dam oladi, chunki sizlar yurtingizda yashab yurgan paytingizda yeringizga dam bermagan edingizlar.
36Gʻanimlaringiz yurtida omon qolganlaringizning yuragiga vahima solaman. Sizlar hilpirayotgan bargning ovozidan dahshatga tushasizlar. Qilichdan qochganday qochasizlar. Hech kim sizni taʼqib qilmasa ham, qochib yiqilasizlar. 37Hech kim sizni quvlamasa ham, joningizni hovuchlab qochasizlar, bir–biringizga turtilib yiqilasizlar. Ha, sizlar gʻanimlaringizga bas kela olmaysizlar. 38Shunda xalqlar orasidan yoʻq boʻlib ketasizlar, gʻanimlaringiz yurti sizni yutib yuboradi. 39Omon qolganlaringiz gʻanimlar yurtida oʻlasizlar. Oʻz gunohlaringiz va ota–bobolaringizning gunohlari tufayli adoyi tamom boʻlasizlar.
40Lekin oxiri sizlar oʻz gunohlaringizni va ota–bobolaringizning gunohlarini tan olasizlar. Menga qilgan qarshiligu xiyonatga iqror boʻlasizlar. 41Oʻsha gunohlaringiz tufayli Men sizlarga qarshilik qilib, sizlarni gʻanimlaringiz yurtiga olib kelaman. Shunda sizning sunnatsiz yuragingiz kamtarlikka toʻladi. Qilgan gunohlaringiz uchun jazo tortasizlar. 42Shunda Men Yoqub bilan qilgan ahdimni yodga olaman. Isʼhoq va Ibrohim bilan qilgan ahdimni ham yodimda tutaman, Men yurtni yodga olaman. 43Huvullab yotgan yurt orom olgan yillar davomida qilgan gunohlaringiz uchun jazo oladi. Axir, sizlar qoidalarimni rad etishga jazm etdingizlar, qonunlarimdan hazar qildingizlar. 44Shunday boʻlsa–da, Men sizlarni gʻanimlaringiz yurtida rad etmayman, sizdan hazar qilmayman, tamomila qirib yubormayman. Sizlar bilan qilgan ahdimni buzmayman. Zotan, Men Egangiz Xudodirman. 45Men sizning manfaatingizni koʻzlab, ota–bobolaringiz bilan qilgan ahdimni yodimda tutaman. Men Xudoyingiz boʻlishim uchun ota–bobolaringizni ellarning koʻzi oldida Misrdan olib chiqqanman. Men Egangizman.”
46Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga Sinay togʻida bergan farmonu qonun–qoidalar shulardan iborat edi.

Currently Selected:

Levilar 26: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in