YouVersion Logo
Search Icon

Levilar 2

2
2–BOB
Don nazri
1Agar birortangiz Egamizga don nazrini keltirmoqchi boʻlsangiz, sifatli bugʻdoy unini nazr qiling. Bugʻdoy uniga zaytun moyini qoʻshib, ustiga xushboʻy tutatqidan qoʻying. 2Soʻng oʻsha bugʻdoy unini Horunning ruhoniy oʻgʻillariga olib keling. Ruhoniy moy qoʻshilgan sifatli unning bir hovuchini va ustidagi tutatqining hammasini olib, qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Olovda kuydirilgan bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 3Don nazrining qolgani esa Horun va uning oʻgʻillariniki boʻlsin. Nazrning ruhoniylarga tegishli bu qismi gʻoyat muqaddasdir, chunki u Egamizga atalgan, olovda kuydiriladigan nazrlardan qolgan qismidir.
4Agar tandirda yopilgan nonni don nazri sifatida keltirmoqchi boʻlsangiz, zaytun moyiga qorilgan nonlarni yoki yuziga zaytun moyi surtilgan chalpaklarni nazr qiling. Ularni sifatli undan yopib, xamirturush qoʻshmang. 5Agar tovada pishirilgan nonni nazr qilmoqchi boʻlsangiz, noningiz zaytun moyiga qorilgan sifatli undan yopilgan boʻlsin. Unga xamirturush qoʻshmang. 6Nonni sindirib, ustiga zaytun moyidan quying. Bu don nazridir. 7Agar nazringiz qozonda tayyorlangan boʻlsa, u sifatli undan tayyorlangan boʻlib, zaytun moyida qovurilgan boʻlishi kerak. 8Don nazringizni qaysi usulda tayyorlaganingizdan qatʼi nazar, uni Egamizga olib kelib, ruhoniyga bering. Ruhoniy esa uni qurbongohga olib borsin. 9Ruhoniy don nazringizning bir qismini olib, qurbongohda kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Olovda kuydirilgan bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 10Don nazringizning qolgani esa Horun va uning oʻgʻillariniki boʻlsin. Nazrning ruhoniylarga tegishli bu qismi gʻoyat muqaddasdir, chunki u Egamizga atalgan, olovda kuydiriladigan nazrlardan qolgan qismidir.
11Egamizga keltiradigan don nazringizning birortasiga xamirturush qoʻshmang. Na xamirturushni, na qiyomni olovda kuydirib, Egamizga nazr qilmang. 12Xamirturush va qiyomni ilk hosil nazringizga qoʻshib, Egamizga keltirishingiz mumkin. Lekin Egamizga yoqimli hid borsin deb, bularni qurbongoh ustida kuydirmang. 13Don nazringizning hammasiga tuz qoʻshing. Zotan, tuz Xudoyingiz sizlar bilan tuzgan ahdni bildiradi#2:13 …tuz Xudoyingiz sizlar bilan tuzgan ahdni bildiradi — tuz barqarorlik va oʻzgarmaslik ramzidir, chunki qadimda tuz baʼzi oziq–ovqat mahsulotlarini achib qolishdan saqlash uchun ishlatilgan. Bu oʻrinda tuz ahdning barqarorligini bildiradi (Sahroda 18:19, 2 Solnomalar 13:5 ga qarang). Shu ahdga koʻra, Xudo hech qachon Unga sajda qilganlarni tark etmaydi, sajda qiluvchilar esa Xudoning qonunlariga doimo rioya qilishlari shart.. Shunday ekan, birorta nazringiz tuzsiz boʻlmasin.
14Agar Egamizga ilk hosilingizdan don nazri keltirmoqchi boʻlsangiz, qovurilgan yangi bugʻdoy boshoqlarini tuyib, olib keling. 15Bu don nazri boʻlgani uchun unga zaytun moyini qoʻshib, ustiga xushboʻy tutatqidan qoʻying. 16Ruhoniy tuyilgan bugʻdoyning bir qismini, ustidagi moy va hamma tutatqi bilan birga qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish nazrning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Egamizga atab, olovda kuydirilgan don nazri shudir.

Currently Selected:

Levilar 2: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in