Levilar 16
16
16–BOB
Poklanish kuni
1-2Horunning ikki oʻgʻli Egamiz amr etmagan begona olovni olib kelib, nobud boʻlganlaridan soʻng#16:1-2 Horunning ikki oʻgʻli…nobud boʻlganlaridan soʻng… — 10:1-2 ga qarang., Egamiz Musoga gapirib, shunday dedi: “Akang Horunga ayt, u ichki parda orqasidagi Eng muqaddas xonaga xohlagan paytida kirmasin#16:1-2 …Eng muqaddas xonaga xohlagan paytida kirmasin — oliy ruhoniy Eng muqaddas xonaga faqat yilda bir marta kirishi mumkin edi. Shu bobning 29-34–oyatlariga qarang.. U yerdagi Ahd sandigʻining qopqogʻi oldiga bormasin. Aks holda, u nobud boʻladi. Zotan, Men oʻsha qopqoq ustida bulut orasida zohir boʻlaman.”
3Egamiz Musoga quyidagi qoidalarni berdi: Horun Muqaddas xonaga kirishidan oldin bitta buqani gunoh qurbonligi va bitta qoʻchqorni kuydiriladigan qurbonlik qilishi lozim. 4Ustiga u zigʻir matosidan tikilgan muqaddas koʻylakni, ichidan zigʻir ishtonni kiyib olsin, beliga zigʻir belbogʻ bogʻlab, boshiga zigʻir matosidan salla kiysin. Bu muqaddas liboslardir. Shuning uchun u shu liboslarni kiyishdan oldin yuvinsin, shundan soʻnggina ularni kiysin. 5Soʻng Isroil jamoasidan gunoh qurbonligi uchun ikkita takani va kuydiriladigan qurbonlik uchun bitta qoʻchqorni olsin.
6Horun oʻzini va xonadonini gunohdan poklash uchun buqani gunoh qurbonligi sifatida keltirsin. 7Soʻng ikkita takani Uchrashuv chodiri kiraverishiga yetaklab kelib, Egamizga taqdim qilsin. 8Oʻsha yerda ikkala taka uchun qurʼa tashlasin#16:8 …qurʼa tashlasin… — qurʼa tashlashda yogʻoch boʻlaklari yoki toshlar ishlatilgan boʻlib, shu orqali Xudoning xohish–irodasi aniqlangan. Baʼzan odamlar qurʼa tashlab, Xudodan biror ishni qanday yoki qachon qilish kerakligini soʻrashgan., qaysi birini Egamizga qurbonlik qilishni va qaysi birini qoʻyib yuborishni aniqlasin. 9Horun qurʼa boʻyicha Egamizga tegishli takani keltirib, gunoh qurbonligi qilsin. 10Qoʻyib yuboriladigan takani esa tiriklayin Egamizning oldiga olib kelsin. Bu taka xalqni gunohdan poklash uchun choʻlga haydab yuboriladi.
11Horun oʻzini va xonadonini gunohdan poklash uchun olib kelgan buqani soʻyib, gunoh qurbonligi qilsin. 12Soʻng olovkuragiga Egamiz huzurida turgan qurbongohdagi choʻgʻlardan solsin. Tuyilgan xushboʻy tutatqidan ikki hovuch olib, ichki parda orqasidagi Eng muqaddas xonaga kirsin. 13Bu tutatqilarni Egamizning huzurida yonib turgan choʻgʻlar ustiga tashlasin. Tutatqi tutunidan hosil boʻlgan bulut Ahd sandigʻining#16:13 Ahd sandigʻi — ibroniycha matnda Guvohlik sandigʻi, Ahd sandigʻining yana bir nomi. Ibroniycha matndagi iboraning guvohlik soʻzi oʻnta amr yozilgan ikkita tosh lavhaga ishora qiladi. Ikkala tosh lavha Sandiqning ichida saqlanib, Xudo va Uning xalqi oʻrtasida tuzilgan ahdning dalili, yaʼni toshga bitilgan guvohlik boʻlib xizmat qilardi. qopqogʻini berkitadi. Shunda Horun oʻlmaydi. 14Horun buqaning qonidan olib, barmogʻi bilan qopqoqqa bir marta sachratsin, soʻng qopqoqning oldida yetti marta sachratsin.
15Soʻngra xalqni gunohlaridan poklash uchun takani soʻysin. Qonidan Eng muqaddas xonaga olib kirsin. Buqaning qonini sachratganday, takaning qonini ham qopqoq ustiga va uning oldida sachratsin. 16Shu tariqa u Eng muqaddas xonani Isroil xalqining nopokliklaridan, itoatsizliklaridan va gunohlaridan poklash uchun marosim oʻtkazsin. Butun Uchrashuv chodiri uchun ham, shu singari, poklash marosimini oʻtkazsin. Chunki bu Chodir bulgʻangan xalq orasida oʻrnatilgandir. 17Horun Eng muqaddas xonaga kirib, oʻzini, xonadonini va Isroil jamoasini gunohdan poklab chiqmaguncha hech kim Uchrashuv chodiriga kirmasin. 18Soʻng Horun tashqariga chiqib, Egamiz huzuridagi qurbongohni poklash uchun marosim oʻtkazsin. Buqaning va takaning qonidan olib, qurbongohning har bir shoxiga#16:18 qurbongohning har bir shoxi — 4:25 izohiga qarang. surtib chiqsin. 19Qurbongohga yetti marta barmogʻi bilan qonni sachratsin. Shu yoʻl bilan qurbongohni Isroil xalqining nopokliklaridan poklab, muqaddas qilsin.
Choʻlga haydaladigan taka
20Horun Eng muqaddas xona, Uchrashuv chodiri va qurbongohni poklash marosimini oʻtkazib boʻlgach, tirik takani yetaklab kelsin. 21U ikkala qoʻlini takaning boshiga qoʻysin, Isroil xalqining hamma nohaqliklarini, hamma itoatsizliklarini va hamma gunohlarini birma–bir eʼtirof etib, takaning boshiga yuklasin. Takani choʻlga haydab yuborish uchun masʼul boʻlgan odam takani olib ketsin. 22Oʻsha odam takani choʻlga qoʻyib yuborgandan keyin, taka oʻzi bilan xalqning gunohlarini kimsasiz joyga olib ketadi.
23Shundan keyin Horun Uchrashuv chodiriga kirib, Eng muqaddas xonaga kiyib kirgan zigʻir matosidan tikilgan liboslarini yechsin–da, ularni oʻsha yerda qoldirsin. 24U muqaddas joyda butun badanini yuvib, kundalik ruhoniylik kiyimlarini kiyib olsin. Soʻng tashqariga chiqib, oʻzining va xalqning kuydiriladigan qurbonliklarini ado etsin. Shu tariqa oʻzini ham, xalqni ham gunohdan poklasin. 25Gunoh qurbonligining yogʻini qurbongoh ustida kuydirsin. 26Qoʻyib yuboriladigan takani choʻlga haydab yuborgan odam kiyimlarini va butun badanini yuvsin. Shundan soʻnggina u qarorgohga kira oladi.
27Gunoh qurbonligi qilingan va qoni Isroil xalqini gunohdan poklash uchun Eng muqaddas xonaga olib kirilgan buqa va takaning tanasi qarorgohning tashqarisiga olib chiqilsin. Bularning terisi, tanasi va ichak–chovoqlari kuydirib yuborilsin. 28Bularni kuydirgan odam kiyimlarini va butun badanini yuvsin. Shundan soʻnggina u qarorgohga kira oladi.
Poklanish kuniga rioya qilish
29Quyidagilar sizlar uchun doimiy qonun–qoida boʻlsin: yettinchi oyning#16:29 Yettinchi oy — ibroniy kalendarining Tishri oyi nazarda tutilgan (Tishri oyi Itanim oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan sentabrning oʻrtasidan boshlanadi. oʻninchi kunida roʻza tutinglar, hech qanday ish qilmanglar. Bu qonun–qoida Isroil xalqiga va orangizdagi musofirlarga birday taalluqlidir. 30Zotan, oʻsha kuni ruhoniy sizlarni gunohlaringizdan poklaydi. Shunda sizlar Egamiz huzurida barcha gunohlaringizdan forigʻ boʻlasizlar. 31Oʻsha kuni Shabbat singari toʻliq dam olinglar, roʻza tutinglar. Bu sizlar uchun doimiy qonun–qoida boʻlsin. 32Moy surtilgan ruhoniy bobosi Horun oʻrniga oliy ruhoniylikka bagʻishlanib, muqaddas zigʻir liboslarini kiygach, sizlarni gunohlaringizdan poklasin. 33U Eng muqaddas xonani, Uchrashuv chodirini, qurbongohni, ruhoniylarni va butun Isroil jamoasini poklash uchun marosim oʻtkazsin. 34Yilda bir marta Isroil xalqi barcha gunohlaridan poklansin. Bu sizlar uchun doimiy qonun–qoida boʻlsin.
Egamiz nimani amr etgan boʻlsa, Muso hammasini ado etdi#16:34 Egamiz nimani amr etgan boʻlsa, Muso hammasini ado etdi — yoki Musoga Egamiz nimani amr etgan boʻlsa, Horun hammasini ado etdi..
Currently Selected:
Levilar 16: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020