YouVersion Logo
Search Icon

Yoshua 8

8
8–BOB
Ay shahri magʻlub boʻladi va vayron qilinadi
1Egamiz Yoshuaga aytdi: “Qoʻrqma, vahimaga tushma, barcha jangga yaroqli erkaklarni boshlab, Ay shahriga borgin. Mana, Ay shohini uning xalqi, shahri va yeri bilan birga senga berganman. 2Yerixo va uning shohini nima qilgan boʻlsangiz, Ay va uning shohini ham xuddi shunday qilasizlar. Faqat shahardagi mol–mulklarni va barcha chorvani oʻzingizga oʻlja qilib olsangiz boʻladi. Shaharning orqasida pistirma qoʻyinglar.”
3Yoshua va hamma jangga yaroqli erkaklar Ayga hujum qilishga tayyorlanishdi. Yoshua oʻz lashkari orasidan oʻttiz ming jangchini tanlab oldi. Tunda joʻnatayotib, 4ularga shunday buyruq berdi:
— Borib, shaharning orqasida pistirma qoʻying, shahardan uzoqqa bormang, hammangiz sergak boʻlib turing. 5Men odamlarim bilan shaharga yaqinlashaman. Ular bizga qarshi chiqqanda, oldingiday biz ulardan qochamiz. 6Bizni quvib, dushmanlar shahardan ancha uzoqlashib ketadi. Ular oʻzlaricha: “Dushmanlarimiz yana oldingiday bizdan qochyapti”, deb oʻylashadi. Biz qochayotganimizda esa 7sizlar pistirmadan chiqib, shaharni olasizlar. Egangiz Xudo uni sizlarning qoʻlingizga beradi. 8Shaharni olganingizdan keyin, Egamiz buyurganday, uni yondirasizlar. Mana shu buyruqlarni bajaring.
9Shu soʻzlar bilan Yoshua ularni joʻnatib yubordi. Ular Ayning gʻarbida — Ay va Baytil oraligʻida pistirma qoʻyib, oʻsha yerda kutib yotdilar. Oʻsha tunni Yoshua qarorgohda oʻtkazdi.
10Ertasi kuni, tong payti Yoshua jangchilarini bir joyga yigʻib, qabilalarning boshliqlari bilan birga ularni Ayga boshlab bordi. 11Barcha jangga yaroqli kishilar u bilan ketdi. Ular shaharga yaqinlashib, Ayning shimolida qarorgoh qurishdi. Ay va ularning orasida jarlik bor edi. 12Yoshua besh mingga yaqin odamni shaharning gʻarbiga, Ay va Baytil oraligʻida pistirma qoʻyishga yubordi. 13Shunday qilib, jangchilar jangovar holatga keltirildi. Ularning asosiy qismi shaharning shimolida, qorovullar boʻlinmasi esa shaharning gʻarbida edi. Yoshua esa oʻsha tunni jarlikda oʻtkazdi. 14Buni koʻrgan Ay shohi ertasi kuni tongda shoshilib, butun lashkari bilan Iordan vodiysi#8:14 Iordan vodiysi — ibroniycha matnda Araba. Araba umumiy geografik nom boʻlib, bu oyatda Iordan vodiysining bir qismiga, aynan Oʻlik dengizning shimolidagi yerlarga nisbatan ishlatilgan. roʻparasidagi bir joyga Isroil xalqiga qarshi jang qilishga bordi. Ammo shoh shaharning orqasida oʻziga qarshi pistirma qoʻyilganini bilmas edi. 15Yoshua va butun Isroil lashkari oʻzlarini yengilayotganday koʻrsatib, sahro tarafga#8:15 sahro taraf — sahro Ay shahridan sharqda joylashgan. qochishdi. 16Yoshua va Isroil qoʻshinini quvish uchun Ay shahridagi barcha erkaklar chaqirildi. Ular Yoshua va Isroil lashkarini quvib, shahardan ancha uzoqlashib ketishdi. 17Ay va Baytilda Isroil lashkarini quvish uchun chiqmagan birorta ham erkak qolmadi. Shaharni qoʻriqlashga hech kimni qoldirmay, Isroil lashkarini taʼqib qildilar.
18Egamiz Yoshuaga shunday dedi: “Qoʻlingdagi nayzani Ay tomonga uzat, oʻsha shaharni sening qoʻlingga beraman.” Yoshua qoʻlidagi nayzasini shahar tomonga uzatdi. 19U qoʻlini uzatishi bilanoq jangchilar pistirmadan otilib chiqib, shaharga hujum qilishdi. Ular shaharni qoʻlga olib, darrov unga oʻt qoʻyishdi. 20-21Shahardan tutun chiqayotganini koʻrgan Yoshua va Isroil lashkari, “Pistirmadagilar shaharni oldi” deb, ortiga qaytgan edilar. Ular Ay shahrining odamlariga hujum qila boshlagan edilar. Ay lashkari orqaga qarasa, yonayotgan shaharning tutuni koʻkka koʻtarilyapti. Ular na u yoqqa, na bu yoqqa qocha olardilar, chunki sahroga qochgan Isroil lashkari endi orqaga burilib, ularga qarshi chiqqan edi. 22Isroil lashkarining shahardagi qismi ham Ay odamlariga qarshi chiqqandi. Isroil lashkari ularni orqa tomondan ham, old tomondan ham oʻrab olgan edi. Isroil lashkari ularning hammasini qirib tashladi. Hech kim tirik qolmadi, birortasi ham qochib keta olmadi. 23Ammo Ay shohini tiriklayin ushlab, Yoshuaning huzuriga olib kelishdi.
24Isroil lashkari shahar tashqarisida — sahroda butun Ay qoʻshinini qirib tashlashdi. Ularning hammasi halok boʻlgandan keyin Isroil lashkari Ayga borib, u yerda qolganlarning hammasini yoʻq qildi. 25Oʻsha kuni butun Ay aholisi, hammasi boʻlib oʻn ikki mingta erkak va ayol halok boʻldi. 26Ayda yashovchilarning hammasi yoʻq qilinmaguncha, Yoshua nayza ushlagan qoʻlini tushirmadi. 27Egamiz Yoshuaga buyurganday, Isroil lashkari faqatgina mol–qoʻy va shahar aholisining mol–mulkini oʻzlariga oʻlja qilib oldi. 28Yoshua Ay shahrini yondirib yubordi. Oʻsha shahar bugungacha#8:28 bugungacha — shu kitob yozilgan vaqtga ishora (shu bobning 29–oyatida ham bor). vayron boʻlib yotibdi. 29Ay shohini esa qatl ettirib, jasadini tik oʻrnatilgan xodaning uchiga qoqtirdi. Uning jasadi kechgacha#8:29 …kechgacha… — Qonunlar 21:22-23 ga qarang. oʻsha yerda osilib turdi. Quyosh botgandan keyin, Isroil jangchilari Yoshuaning buyrugʻiga koʻra, jasadni xodadan tushirib, shahar darvozasining ostonasiga tashladilar. Uning ustiga katta tosh uyumi toʻpladilar. Shu tosh uyumi bugungacha oʻsha yerdadir.
Yoshua Ebal togʻida Tavrot kitobidan oʻqiydi
30Keyin Yoshua Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga Ebal togʻida qurbongoh qurdi#8:30 Yoshua…Ebal togʻida qurbongoh qurdi — Qonunlar 27:1-8 ga qarang. Ebal togʻi Ay shahridan qariyb 32 kilometr shimolda joylashgan.. 31U qurbongohni Egamizning quli Musoning Tavrot kitobidagi#8:31 Tavrot kitobi — 1:8 izohiga qarang. koʻrsatmalarga#8:31 Tavrot kitobidagi koʻrsatmalar — Chiqish 20:25, Qonunlar 27:5-6 ga qarang. rioya qilgan holda, temir asbob tegmagan, yoʻnilmagan toshlardan qurgan edi. Xalq oʻsha qurbongohda Egamizga kuydiriladigan qurbonlik va tinchlik qurbonliklari keltirdi. 32Oʻsha yerda — Isroil xalqining koʻzi oldida Yoshua toshlarga Muso yozgan qonunlarning nusxasini yozdi.
33Qabila oqsoqollari, nazoratchilari, hakamlari, butun Isroil xalqi va ularning orasida yashayotgan qondosh boʻlmagan odamlar Egamizning Ahd sandigʻi qarshisida — uni koʻtarib turgan levi ruhoniylarining oldida turishdi. Xalqning yarmi Garizim togʻi etagida, yarmisi Ebal togʻi#8:33 …Garizim togʻi…Ebal togʻi… — Garizim togʻi Ebal togʻidan janubda joylashgan. Bu ikki togʻ orasidan Shakam vodiysi oʻtgan. etagida turardi. Egamizning quli Muso, Isroil xalqini duo qilish vaqti kelganda shunday qilinglar, deb buyurgan edi#8:33 Muso…buyurgan edi — Qonunlar 27:11-13 ga qarang.. 34Keyin Yoshua Tavrot kitobida yozilganday, qonunlarning har bir soʻzini, baraka va laʼnatlarga oid parchalarni oʻqidi. 35Butun Isroil jamoasi oldida, ayollaru bolalar, Isroil xalqi orasida yashayotgan, ularga qondosh boʻlmaganlar oldida, Muso ularga buyurgan qonunlarni Yoshua bitta qoldirmay oʻqidi.

Currently Selected:

Yoshua 8: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in