Yoshua 2
2
2–BOB
Yoshua Yerixoga aygʻoqchilarni yuboradi
1Yoshua Shitimdagi qarorgohdan#2:1 Shitimdagi qarorgoh — Oʻlik dengizning shimoli–sharqida, Moʻab tekisligida joylashgan (Sahroda 33:49 ga qarang). ikki kishini yashirincha aygʻoqchi qilib yubordi. Yuborishdan oldin ularga: “Borib, Kanʼon yurtini, ayniqsa, Yerixo shahrini#2:1 Yerixo shahri — oʻsha hududdagi eng muhim shahar. Iordan daryosidan qariyb 10 kilometr gʻarbda joylashgan. yaxshilab koʻrib kelinglar”, dedi. Aygʻoqchilar Yerixoga ketishdi. Borib, Rahoba ismli bir fohishaning uyida tunab qolishdi. 2Yerixo shohiga: “Bugun kechqurun Isroil xalqidan bir nechtasi butun yurtimizni tekshirish uchun kelishibdi” degan xabar yetib bordi. 3Shunda shoh Rahobaga xabar yuborib: “Yurtimizni tekshirishga kelgan kishilar sening uyingga kiribdi. Endi ularni tashqariga olib chiq”, deb buyurdi. 4Lekin ayol oʻsha kishilarni yashirib qoʻygan edi. U shohning odamlariga shunday dedi: “Toʻgʻri, oʻsha kishilar menikiga kelgan edi, lekin ularning qayerdan kelganini bilmagandim. 5Kech tushib, shahar darvozasi yopilishidan oldin ular chiqib ketishdi. U kishilar qayerga ketganini bilmayman. Agar tez orqasidan borsangiz, ularni ushlashingiz mumkin.” 6Aslida Rahoba ularni tomga olib chiqib, quritish uchun yoyib qoʻyilgan zigʻir bogʻlamlari tagiga yashirib qoʻygan edi. 7Shohning odamlari shahardan chiqib ketishi bilanoq, shahar darvozasi yopildi#2:7 …shahar darvozasi yopildi — odatda qadimgi paytlarda shaharlar devor bilan oʻralgan boʻlib, katta darvozasi ham bor edi. Xavfsizlik maqsadida darvoza kechasi yopib qoʻyilardi.. Ular aygʻoqchilarni qidirib, Iordan daryosining kechuv joyigacha borishdi.
8Aygʻoqchilar uxlashga yotishdan oldin Rahoba tomga chiqib, 9ularga shunday dedi: “Egangiz bizning yurtimizni sizlarga berganligini bilaman. Butun xalqimiz bilan sizlardan qoʻrqib qolganmiz. Shu yerda yashaydiganlarning hammasi sizlar haqingizda eshitib vahimaga tushgan. 10Biz eshitdik, sizlar Misrdan chiqqaningizdan keyin, Egangiz oldingizda Qizil dengiz#2:10 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi mana shu nom ostida hozirgi Suets qoʻltigʻi (yaʼni Qizil dengizning shimoli–gʻarbidagi qoʻltiq) yoki Suets qoʻltigʻi va Oʻrta yer dengizi oraligʻida joylashgan koʻllardan biri nazarda tutilgan. Chiqish 14:10-31 dagi hodisalarning tafsilotiga koʻra, bu dengiz kattaligidan Isroil xalqiga toʻsiq boʻlgan, chuqurligidan Misr lashkari choʻkib ketgan. suvlarini quritibdi. Iordanning sharq tomonidagi Amor xalqining shohlari Oʻg va Sixoʻnni nima qilganingizni, ularning odamlarini butunlay qirib tashlaganingizni ham eshitdik. 11Bu voqealar haqida eshitishimiz bilanoq yuraklarimiz orqaga tortib ketdi, sizlardan qoʻrqqanimiz uchun jasoratimizdan asar ham qolmadi. Chunki Egangiz Xudo yeru samodagi Xudodir. 12Men sizlarga marhamat koʻrsatdim. Endi shuning uchun Egangiz haqi qasam ichib, sening oilangga ham mehribonlik qilamiz, deb kafolat bering. 13Mana shu kafolat ota–onam, aka–ukam, opa–singillarim va ularga qarashli boʻlganlarni saqlab qolishingizni, bizni oʻlimdan qutqarishingizni bildirsin.” 14Aygʻoqchilar unga shunday deyishdi: “Agar biz haqimizda hech kimga aytmasang, Egamiz bizga shu yerni berganda, sen va sening oilangga marhamat koʻrsatamiz, deb vaʼda beramiz. Sizlarga biror narsa boʻlsa, Xudo jonimizni olsin.”
15Rahobaning uyi shahar devorlariga taqalib qurilganligi uchun#2:15 Rahobaning uyi shahar devorlariga taqalib qurilganligi uchun… — qadimgi paytlarda shaharlar baland devorlar bilan oʻralgan edi. Bu devorlar shaharni bosqinchilar hujumidan himoya qilardi. Arxeologik qazuvlar natijasida Yerixo shahrining devorlari ikki qavat — ichki va tashqi devorlardan iborat boʻlganligi aniqlangan. Ichki va tashqi devorning oraligʻi taxminan toʻrt metr boʻlib, bir devordan boshqa devorga taqab oʻrnatilgan yoʻgʻon yogʻochlar ustiga uylar qurilgandi. Rahoba aygʻoqchilarni chiqarib yuborgan deraza shaharning tashqi devorida joylashgan edi., derazasi shahardan tashqariga qarab turgan edi. Rahoba mana shu derazadan arqon tushirib, aygʻoqchilarning qochishiga yordam berdi. 16Ular ketishidan oldin, Rahoba: “Sizlarni quvayotganlar topib olmasligi uchun qirlarga boringlar. Oʻsha yerda uch kun yashirininglar. Ular qaytib kelganlaridan keyin oʻz yoʻlingizga ketaverasiz”, — degan edi. 17-18Aygʻoqchilar Rahobaga javoban shunday deyishgan edi: “Biz bu yerga hujum qilganimizda mana shu qizil arqonni biz tushadigan derazangga bogʻlab, osiltirib qoʻygin. Oilangdagilarning hammasi — ota–onang, aka–ukang, qarindosh–urugʻlaring uyingda boʻlishi kerak, boʻlmasa, biz senga ichgan qasamimizdan xalos boʻlamiz. 19Birortasi eshigingdan tashqariga, koʻchaga chiqsa, oʻz oʻlimiga oʻzi javobgar boʻladi, biz gunohkor boʻlmaymiz. Lekin sen bilan uy ichida boʻlganlarga birortasi qoʻl tekkizsa, ularning oʻlimiga biz javobgar boʻlamiz. 20Lekin mabodo biz haqimizda birovga ogʻiz ochsang, sen bizga ichtirgan qasamdan xalos boʻlamiz.” 21Rahoba: “Sizlar nima desangiz shunday boʻlsin” degan soʻzlar bilan aygʻoqchilarni chiqarib yubordi. Ular oʻz yoʻllariga ketishdi. Keyin Rahoba qizil arqonni derazasiga bogʻlab qoʻydi.
22Oʻsha aygʻoqchilar borib, qirlarda uch kun, ularni izlab yurganlar qaytguncha turishdi. Ularni quvib ketganlar yoʻl boʻyidagi hamma joylarni izlab ham hech kimni topa olmadilar. 23Aygʻoqchilar qirdan qaytib tushishdi. Ular daryoni kechib oʻtib#2:23 Ular daryoni kechib oʻtib… — aygʻoqchilar Isroil xalqi qarorgoh qurgan joyga — daryoning sharq tomoniga qaytib borgan edilar (1:2 ga qarang)., Yoshuaning oldiga kelib, boʻlgan voqealarning hammasini unga aytib berishdi. 24Ular Yoshuaga: “Haqiqatan ham Egamiz butun yurtni bizning qoʻlimizga bergan. U yerda yashovchilarning hammasi bizlarni deb vahimaga tushgan”, deyishdi.
Currently Selected:
Yoshua 2: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020