YouVersion Logo
Search Icon

Yoshua 10

10
10–BOB
Isroil xalqi janubdagi shohlarni magʻlub qiladi
1Quddus#10:1 Quddus — oʻsha paytda Quddus shahri Isroil xalqiga emas, balki Yobus xalqiga tegishli edi. shohi Odonisidiq eshitdiki, Yoshua Ay shahrini qoʻlga kiritibdi, uni butunlay vayron qilibdi, Yerixo va uning shohini nimalar qilgan boʻlsa, Ay shahrini va uning shohini ham shunday qilibdi. Givonliklar ham Isroil xalqi bilan sulh tuzganini, endi ular bilan tinch–totuv yashayotganlarini Odonisidiq eshitib, 2juda qoʻrqib ketdi. Axir, Givon shahri ulkan shahar boʻlib, oʻz shohiga ega boʻlgan shaharlarday katta, Ay shahridan ham kattaroq edi–da. Givon aholisining barcha erkaklari ham juda mohir jangchi edilar. 3Xevron shohi Xoʻxam, Yarmut shohi Pirom, Laxish shohi Yofiya va Eglon#10:3 Xevron…Eglon… — Xevron shahri Quddusdan qariyb 32 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan edi. Yarmut, Laxish va Eglon shaharlari ham Quddusga yaqin joyda, qariyb 25-55 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan edi. shohi Dabir Quddus shohi Odonisidiqdan shunday xabar olishdi: 4“Kelib, menga yordam bering. Birga Givonga hujum qilaylik, chunki ular Yoshua va butun Isroil xalqi bilan sulh tuzibdi.” 5Shunda Quddus shohi, Xevron shohi, Yarmut shohi, Laxish shohi va Eglon shohi — Amor xalqlarining beshala shohlari kuchlarini yigʻdilar. Barcha qoʻshinlari bilan Givonni oʻrab olib, hujum qildilar.
6Givonliklar Yoshuaga — Gilgaldagi qarorgohga shunday xabar yubordilar: “Qirlardagi hamma Amor shohlari oʻz qoʻshinlari bilan bizlarga qarshi chiqishdi. Qullaringizni tark etmang! Tez kelib bizlarni qutqaring, bizga yordam bering.” 7Yoshua butun lashkari bilan Gilgaldan chiqdi. Ularning orasida eng zoʻr jangchilar ham bor edi. 8Egamiz Yoshuaga shunday dedi: “Ulardan qoʻrqma, ularni sening qoʻlingga berganman, ularning birortasi ham senga bas kela olmaydi.” 9Yoshua oʻz lashkari bilan Gilgaldan#10:9 …Gilgaldan… — Givon va Gilgal orasidagi masofa qariyb 32 kilometrga toʻgʻri kelardi. chiqqandan keyin tuni bilan yoʻl bosib, Amor qoʻshinlarining ustiga toʻsatdan bostirib bordi. 10Butun Isroil lashkari oldida Egamiz Amor qoʻshinlarini vahimaga soldi. Isroil lashkari Givonda ularning koʻplarini qilichdan oʻtkazdi. Bayt–Xoʻronga chiqadigan yoʻl bilan quvib, to Ozikah va Makkedoga yetib#10:10 …Ozikah va Makkedoga yetib… — qariyb 30 kilometrli masofa. borguncha yoʻlda Amor qoʻshinlarini yoʻq qildi.
11Ular Isroil lashkaridan qochib, Bayt–Xoʻrondan pastga tushayotganlarida, to Ozikahga yetgunlaricha Egamiz osmondan ularning ustiga yirik–yirik doʻl yogʻdirgan edi. Ularning koʻplari doʻl ostida halok boʻldi. Isroil lashkarining qilichidan halok boʻlganlardan koʻra, doʻl urib oʻlganlar koʻproq edi.
12Egamiz Amor xalqlarini Isroil lashkarining qoʻliga bergan kuni Yoshua Egamizga gapirib, butun Isroil xalqi oldida shunday dedi:
“Ey quyosh, tek turgin Givon shahrida,
Ey oy, sen esa Oyjavlon vodiysida#10:12 Oyjavlon vodiysi — Givon shahridan qariyb 15 kilometr gʻarbda joylashgan..”
13Xalq oʻz dushmanlaridan qasos olmaguncha, quyosh ham, oy ham qimirlamay, osmonda toʻxtab turaverdi. “Yoshur” kitobida#10:13 “Yoshur” kitobi — ibroniychadagi maʼnosi Solihlar kitobi. Ehtimol, bu kitob jangnoma boʻlib, qadimiy dostonlar va qoʻshiqlar majmuasidan iborat edi. Bu kitob hozirgi kungacha saqlanib qolmagan. 2 Shohlar 1:18 da ham oʻsha kitobga ishora qilingan. shu haqida yozilgan. Quyosh osmonning oʻrtasida toʻxtab, kun boʻyi botmay turdi. 14Oʻsha kuni Isroil xalqi uchun Egamizning Oʻzi jang qildi. Undan oldin ham, keyin ham Egamiz insonning iltijosiga javob bergan bunday kun boʻlmagan.
15Shundan keyin Yoshua va butun lashkar Gilgaldagi qarorgohga qaytib ketishdi.
Yoshua janubdagi beshta shohni oʻldiradi
16Beshala shoh qochib, Makkedodagi gʻorga yashirinib olishgan edi. 17Yoshuaga: “Beshta shoh topildi, ular Makkedodagi gʻorning ichiga yashirinib olishgan ekan”, deb aytishdi. 18Yoshua shunday dedi: “Katta toshlar olib, gʻorning ogʻzini yopinglar. Shohlar chiqib ketmasligi uchun u yerga qoʻriqchilar tayinlanglar, 19lekin hammangiz ham oʻsha yerda qolib ketmang. Dushman lashkarlarini quvib, ularga orqadan hujum qiling. Ular oʻz shaharlariga kirishlariga yoʻl qoʻymang, chunki Egangiz Xudo dushmanlarni sizning qoʻlingizga bergan.” 20Yoshua va butun Isroil lashkari dushmanlarning deyarli hammasini qilichdan oʻtkazdi. Faqat bir–ikkitasigina oʻz mustahkam shaharlariga qochib borib, tirik qoldi. 21Butun Isroil lashkari Makkedodagi qarorgohga sogʻ–salomat qaytib bordi. Shundan keyin oʻsha yerdagilardan hech kim Isroil xalqiga qarshi gapirishga jurʼat eta olmadi.
22Yoshua: “Gʻorning ogʻzini ochib, beshta shohni mening oldimga olib kelinglar”, deb buyurdi. 23Uning aytganini qilib, beshta shohni — Quddus, Xevron, Yarmut, Laxish va Eglon shaharlarining shohlarini gʻordan olib chiqib, uning oldiga olib kelishdi. 24Yoshua butun Isroil jangchilarini yigʻib, oʻsha beshta shohni yerga yotqizdi. Jangchilarning boshliqlariga esa shunday dedi: “Yaqinroq kelib, oyoqlaringizni shohlarning boʻyinlariga qoʻyinglar.” Ular kelib, oyoqlarini shohlarning boʻyinlariga qoʻydilar. 25Yoshua gapida davom etdi: “Endi qoʻrqmang, vahimaga tushmang, faqatgina dadil va botir boʻlinglar. Egamiz sizga qarshi chiqadigan hamma dushmanlarni shu koʻyga soladi.” 26Shundan keyin Yoshua shohlarni oʻldirib, ularning jasadlarini tik oʻrnatilgan beshta xodaning uchiga qoqtirdi. Jasadlar kechgacha xodalarda osilib turdi. 27Quyosh botganda, Yoshuaning buyrugʻiga koʻra, shohlarning jasadlarini xodalardan tushirib, ilgari oʻsha shohlar yashiringan gʻorning ichiga tashladilar. Gʻorning ogʻzini esa katta–katta toshlar bilan yopib qoʻydilar. Oʻsha toshlar bugungacha oʻsha yerdadir.
Yoshua janubdagi shaharlarni vayron qiladi
28Yoshua oʻsha kuni Makkedo shahrini#10:28 Makkedo shahri — bu shahar, shuningdek, shu bobning 28-38–oyatlarida aytib oʻtilgan hamma shaharlar Kanʼonning janubida joylashgan edi. bosib oldi, uning aholisini shohi bilan birga qilichdan oʻtkazdi. Shahardagi har bir kishini yoʻq qildi, u yerda birorta ham tirik jon qolmadi. Yerixoning shohini nima qilgan boʻlsa, Makkedoning shohini ham shunday qildi.
29Keyin Yoshua butun Isroil lashkari bilan Makkedodan Libna shahriga borib, Libnaga hujum qildi. 30Egamiz Libna va uning shohini ham Isroil lashkarining qoʻliga berdi. Ular butun shahar aholisini qilichdan oʻtkazib, birorta ham tirik jon qoldirmadilar. Yerixo shohini nima qilishgan boʻlsa, Libna shohini ham shunday qilishdi.
31Yoshua va barcha Isroil jangchilari Libnadan Laxish shahriga bordilar. Shaharni qurshovga olib, hujum qilishdi. 32Egamiz Laxishni Isroil lashkarining qoʻliga berdi. Ular ikkinchi kuni shaharni bosib olishdi. Xuddi Libnadagiday bu shaharning ham butun aholisini qilichdan oʻtkazishdi.
33Gezer shahrining shohi Xoʻrom Laxish shahriga yordamga kelgan edi, Yoshua Xoʻromni va uning butun qoʻshinini birorta ham tirik jon qoldirmay yoʻq qildi.
34Isroil lashkari Yoshua bilan Laxishdan chiqib Eglon shahriga bordi. Uni ham qurshovga olib, hujum qildi. 35Xuddi Laxishdagiday Eglonni ham bir kun ichida bosib olib, uning barcha aholisini yoʻq qildi.
36Bundan keyin Yoshua bilan Isroil lashkari Eglondan Xevron shahriga borishdi. Oʻsha shaharga hujum qilishdi. 37Xevronni qoʻlga olib, uning shohini, butun aholisini, hatto atrofidagi qishloqlarning aholisini ham butunlay yoʻq qildilar. Xuddi Eglondagiday bitta ham tirik jon qoldirishmadi.
38Keyin Yoshua butun Isroil lashkari bilan Davir shahriga borib, unga hujum qildi. 39Shaharni qoʻlga kiritib, uning shohi, butun aholisi va hatto atrofidagi qishloqlarning aholisini ham butunlay yoʻq qildi. Xevron, Libna shaharlari va ularning shohlariga nima qilgan boʻlsa, Davir va uning shohini ham xuddi shunday qilib, shaharda birorta ham tirik jonzot qoldirmadi.
40Yoshua butun yurtni — qirlarniyu Nagav choʻlini#10:40 Nagav choʻli — hozirgi Isroilning janubida, Oʻlik dengizning janubi–gʻarbida joylashgan yerlar., gʻarbdagi qir etaklarini, sharqdagi qir yon bagʻirlarini bosib oldi va u yerlarning shohlarini magʻlub qildi. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz buyurganday, Yoshua hech kimni tirik qoldirmadi, hammani qirib tashladi. 41Yoshua Kadesh–Barnadan Gʻazogacha boʻlgan shaharlarni, butun Goʻshen yerlarini#10:41 Goʻshen yerlari — Yahudo qabilasiga berilgan qirlar va janubda joylashgan Nagav choʻli oraligʻidagi yerlar. Ibtido va Chiqish kitoblarida tilga olingan Misr yurtidagi Goʻshendan boshqa yerlar., shimoldagi Givongacha boʻlgan yerlarni bosib oldi. 42Yoshua bu shohlar va ularning yerlarini bir yurishdayoq bosib oldi, chunki Isroil xalqining Xudosi — Egamiz Oʻz xalqi uchun jang qildi. 43Keyin Yoshua Isroil lashkari bilan birga Gilgaldagi qarorgohga qaytib bordi.

Currently Selected:

Yoshua 10: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in