YouVersion Logo
Search Icon

Ayub 32

32
32–BOB
Elixu Ayubning doʻstlariga javob beradi
1Shunday qilib, oʻsha uch kishi Ayubga boshqa gapirmadilar, chunki Ayub oʻz nazarida solih edi. 2Ammo Buz avlodining#32:2 Buz avlodi — Buz Ibrohimning jiyani edi (Ibtido 22:20-21 ga qarang). Bu oʻrindagi ibroniycha soʻzni Buzlik deb tarjima qilsa ham boʻladi. Buz shahri Arabiston yarim orolidagi Dedon va Temo shaharlari yaqinida joylashgan edi (Yeremiyo 25:23 ga qarang). Ram xonadonidan boʻlgan Boraxiyol oʻgʻli Elixuning jahli chiqdi. Ayub oʻzini oqlab, Xudoni ayblayotgani uchun undan qattiq gʻazablandi. 3U Ayubning uchala oʻrtogʻidan ham juda qattiq achchiqlandi, chunki ular Ayubning gapiga javob topib bera olmadilar. Natijada Xudo aybdorday boʻlib qoldi#32:3 Natijada Xudo aybdorday boʻlib qoldi — yoki Ammo ular Ayubni aybdor deb eʼlon qildilar.. 4Elixu gapirish uchun oʻz navbatini kutib turardi, chunki boshqalarning yoshi unikidan ulugʻroq edi. 5Lekin ularning boshqa gapi yoʻqligini koʻrib, Elixuning jahli chiqdi.
6Shunday qilib, Buz avlodidan boʻlgan Boraxiyol oʻgʻli Elixu oʻz gapini boshladi:
“Men yoshman,
Sizlarning esa yoshingiz ulugʻ.
Shuning uchun uyalib,
Fikrlarimni aytishga qoʻrqdim.
7Yoshi ulugʻlar gapirsin,
Koʻpni koʻrganlar aql oʻrgatsin, dedim.
8-9Ammo faqatgina yoshi ulugʻlar dono boʻlmaydi,
Nima toʻgʻriligini faqat keksalar tushunavermaydi.
Axir, insonga uning ichidagi ruh —
Qodir Xudoning nafasi aql–idrok beradi–ku!
10Shuning uchun menga quloq soling,
Men ham oʻz fikrimni bayon qilay.
11Sizlar gapirganda jim turdim,
Dono gaplaringizga quloq soldim.
Gap qidirganingizda ham kutib turdim.
12Sizlarga diqqat bilan quloq soldim,
Lekin hech biringiz Ayubning aybini isbotlay olmadingiz.
Uning gaplariga javob bera olmadingiz.
13Sizlar: «Eng dono yoʻlni topdik,
Ayubni inson emas, Xudoning Oʻzi magʻlub qilsin», deya koʻrmanglar.
14Ayub gaplarini menga qarata aytgani yoʻq.
Shunday boʻlganda ham,
Men hech qachon sizlarga oʻxshab javob bermasdim.
15Ey Ayub! Bu uchala oʻrtogʻingiz esankirab qoldi,
Gap topolmay oʻtiribdilar.
Aytadigan bironta soʻzi yoʻq.
16Endi ularning aytadigan gapi boʻlmasa,
Men kutib oʻtiraveraymi?!
17Men ham javob beraman,
Oʻz fikrimni bildiraman.
18Ichimda soʻzlar toshib ketyapti,
Ruhim meni daʼvat qilyapti.
19Qalbim ochilmagan sharob kabi joʻshmoqda,
Yangi sharob quyilgan mesh kabi yorilib ketay, deydi#32:19 …Yangi sharob quyilgan mesh kabi yorilib ketay, deydi — qadimgi paytlarda suyuqlik odatda hayvon terisidan qilingan meshlarda saqlanardi. Uzum sharbati bijgʻib, sharobga aylanganda, meshlar shishardi. Mesh eskirgani sari oʻz choʻziluvchanligini yoʻqotgani bois, yangi sharob eski meshga solinganda, meshni yorib yuborardi..
20Gapirib, ozgina yozilay.
Ogʻiz ochib, javob beray.
21Men hech kimga tarafkashlik qilmayman,
Hech bir insonga xushomad qilmayman.
22Agar xushomadgoʻylikka usta boʻlsam,
Yaratuvchim meni yoʻq qilgan boʻlar edi.

Currently Selected:

Ayub 32: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in