Yoqub 5
5
5–BOB
Boylarni ogohlantirish
1Menga qaranglar, ey boylar, boshingizga tushadigan falokatlar uchun hoʻngrab yigʻlanglar! 2Boyligingiz chirib ketgan, kiyimingizni kuya yegan. 3Oltinu kumushlaringizni zang bosgan. Bu zang sizga qarshi guvoh boʻladi, u tufayli tanangiz Xudoning qahri olovida yonadi. Oxirzamon kelib qoldi, sizlar esa boylik toʻplash bilan ovorasizlar. 4Sizlar ekinlaringizni oʻrgan oʻroqchilarni aldab, ish haqini bermadingizlar. Ana, oʻsha pullar sizlardan norozi boʻlib, nola qilmoqda! Oʻroqchilarning dod–figʻoni Sarvari Olamning qulogʻiga yetib bordi. 5-6Sizlar qarshilik koʻrsata olmagan aybsiz odamlarni qoralab, qatl qildingizlar. Bu dunyoda maishatga berilib, huzur–halovatda yashadingizlar. Boʻrdoqilarday semirib ketdingiz! Mana endi hukm kunida soʻyilishga tayyor boʻlib qoldingiz!
Sabr–toqatli boʻlinglar
7Ey birodarlarim, Rabbimiz Iso keladigan kunga qadar sabr–toqat qilinglar! Axir, dehqon ham dalasi moʻl hosil yetishtirishini kutadi. U kuzgi va bahorgi yomgʻirni poylab, qancha sabr–toqat qiladi! 8Sizlar ham sabr qilinglar. Dadil boʻlinglar, chunki Rabbimizning keladigan kuni yaqinlashib qoldi. 9Birodarlarim, mahkum boʻlmasligingiz uchun bir–biringizdan shikoyat qilmanglar. Mana, hukm qiluvchi Rabbimiz Iso ostonada turibdi!
10Ey birodarlarim, paygʻambarlardan oʻrnak olinglar! Ular Egamizning nomidan gapirib, azob–uqubatlarga dosh berganlar. 11Darhaqiqat, sabr qilgan bunday odamlarni biz baxtli deb hisoblaymiz. Ayubning#5:11 Ayub — Ayub 2:10, 42:10-16 ga qarang. sabr–toqati haqida eshitgansizlar, oxirida Egamiz unga qanchalar baraka berganini bilasizlar. Ha, Egamiz rahmdil va mehr–shafqatlidir.
12Ey birodarlarim, eng avvalo, qasamxoʻr boʻlmanglar! Lafzi yoʻq inson kabi, boʻlar–boʻlmasga osmon haqi, yer haqi va boshqa narsa haqi, deb qasam ichavermanglar. Javobingiz “ha” yoki “yoʻq” boʻlsin. Shunda Xudo sizlarni hukm qilmaydi.
Bir–biringiz uchun ibodat qilinglar
13Orangizda azob–uqubat chekayotgan bironta odam bormi? Agar boʻlsa, ibodat qilsin. Xursand boʻlgani bormi? Xudoga hamdu sanolar kuylasin. 14Orangizda kasal boʻlgan bormi? Jamoat oqsoqollarini chaqirtirsin. Ular ibodat qilib, Rabbimiz Iso nomi bilan bemorning boshiga zaytun moyini surtsinlar#5:14 …bemorning boshiga zaytun moyini surtsinlar — zaytun moyi qadimgi paytlarda malham sifatida ishlatilardi. U ogʻriq qoldirib, terini qurib ketishdan saqlar edi (Ishayo 1:6, Luqo 10:34 ga qarang). Bu oʻrinda moy Xudoning shifo berish qudrati ramzi sifatida kasal odamga surtilgan boʻlishi mumkin.. 15Imon bilan qilingan ibodat bemorni sogʻaytiradi, Rabbimizning Oʻzi unga shifo beradi. Agar bemor gunoh qilgan boʻlsa, Rabbimiz uni kechiradi. 16Shuning uchun qilgan gunohlaringizni bir–biringiz oldida tan olinglar, bir–biringiz uchun ibodat qilinglar, shifo topasizlar. Solih odamning iltijosi kuchli taʼsirga egadir! 17Ilyos#5:17 Ilyos — 3 Shohlar 17:1, 18:1, 41-45 ga qarang. ham bizga oʻxshagan oddiy bir inson edi. Yomgʻir yogʻmasin, deb u astoydil iltijo qildi va yer yuziga uch yilu olti oy yomgʻir yogʻmadi. 18Soʻng u yomgʻir yogʻsin, deb ibodat qildi, osmondan yomgʻir yogʻib, yer hosil berdi.
19Ey birodarlarim, agar orangizdagi biror kishi haq yoʻldan ozgan boʻlsa, uni toʻgʻri yoʻlga soling. 20Esingizda boʻlsin, gunohkorni nohaq yoʻldan qaytargan odam oʻsha gunohkorning najot topishiga va behisob gunohlarining yuvilishiga sababchi boʻladi.
Currently Selected:
Yoqub 5: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020