Ishayo 2
2
2–BOB
Abadiy tinchlik
1Omiz oʻgʻli Ishayoga vahiyda Yahudo va Quddus haqida ayon boʻlgan bashorat.
2Shunday kunlar keladiki,
Egamizning uyi turgan togʻ
Togʻlarning eng yuksagi boʻlib, qaror topadi.
Bu togʻ hammasidan ham baland boʻladi,
Hamma xalqlar u yerga daryoday oqib keladi.
3Koʻplab ellar keladi,
Ular shunday deb aytadi:
“Qani, yuringlar!
Chiqaylik Egamizning togʻiga!#2:3 Egamizning togʻi — Quddusdagi Sion togʻiga ishora. 4:5 ning ikkinchi izohiga qarang.
Qani, yuringlar!
Boraylik Yoqubning Xudosi uyiga!
Toki U bizga oʻrgatsin Oʻzining yoʻllarini,
Toki yuraylik bizlar Uning soʻqmoqlaridan.”
Axir, Egamizning kalomi kelib chiqar Quddusdan,
Ha, Xudoning taʼlimoti kelib chiqar Siondan.
4Egamiz hukm qiladi xalqlarning orasida,
Ajrim qiladi koʻp millatlar orasida.
Qilichlarini aylantirishadi omochga,
Nayzalarini esa tok qaychilariga.
Qilich koʻtarmaydi bir–biriga xalqlar,
Hech qachon jang qilmaydi ular.
Ishayoning Isroil xalqiga murojaati
5Ey Yoqub nasli! Kelinglar, Egamizning nurida yuraylik. 6Ey Yoqub xonadoni! Xalqingizning yoʻllarini siz tark etdingiz!#2:6 Ey Yoqub xonadoni! Xalqingizning yoʻllarini siz tark etdingiz! — yoki Ey Egamiz! Yoqub naslini — xalqingni Sen tark etding! Bu yurt sharqdan kelgan bashoratgoʻylarga#2:6 bashoratgoʻylar — ibroniycha matndagi gap sharqdan kelgan odamlar yoki sharqdan keltirilgan ishonch–eʼtiqodlarga ishora qilishi mumkin. Bashoratgoʻylar soʻzi kontekstning mazmuni boʻyicha mazkur tarjimaga kiritilgan., Filistlar yurtiga#2:6 Filistlar yurti — Isroil yurtidan gʻarbda, Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan. oʻxshab folbinlarga toʻla. Ular begona xalqlar bilan hamtovoq boʻldilar.
7Qarang, Yoqub xonadoni toʻla kumush, oltinga,
Chek–chegarasi yoʻq xazinalarining,
Ularning yurti toʻladir otlarga,
Chek–chegarasi yoʻq jang aravalarining.
8Ularning yurti toʻla behuda butlarga!
Ular taʼzim etarlar
Qoʻllarining ijodiga,
Oʻzlari yasab, yaratganlarga.
9Evoh, mana inson past boʻldi,
Shu tariqa odamzod tiz choʻktirildi,
Ularning qaddini koʻtarma, ey Egam!
10Egamdan qoʻrqib qochinglar,
Qoyaning ichiga kirib olinglar,
Tuproq ostiga yashirininglar,
Egamning ulugʻvorligi buyukdir!
11Ha, insonning magʻrurligi yerga uriladi,
Odamzodning manmanligi yoʻq qilinadi,
Yolgʻiz Xudo oʻsha kuni yuksaladi.
12Zotan, Sarvari Olamning bir kuni bor,
Qarshi chiqar U jamiki kibor, kekkayganlarga.
Oʻsha magʻrurlarga qarshi boʻlar,
Ularning har birini yerga urar.
13Qarshi boʻlar U barcha yuksak, magʻrurlarga!
Ha, oʻsha Lubnon sadrlariyu
Bashan#2:13 Bashan — Jalila koʻlining shimoli–sharqidagi hudud. emanlarining hammasiga.
14Qarshi boʻlar U hamma baland togʻlarga,
Hamma yuksak tepaliklarga.
15Qarshi boʻlar U har bir baland minoraga,
Har bir mustahkam qalʼaga.
16Qarshi boʻlar oʻsha mashhur Tarshish#2:16 Tarshish — hozirgi Ispaniyaning hududida joylashgan bu bandargoh shahar oʻzining katta va haybatli kemalari bilan mashhur edi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi BANDARGOH soʻziga qarang. kemalariyu
Inson yaratgan barcha ajoyibotlarga.
17Ha, yerga uriladi oʻsha odamzod faxri,
Past boʻladi insonning yuksakligi!
Yolgʻiz Xudo oʻsha kuni yuksaladi!
18Behuda butlar tamomila yoʻq boʻlib ketadi.
19Egamiz, yerni larzaga solay, deya qoʻzgʻalganda,
Inson Egamizdan qoʻrqqanidan
Kirib ketar qoyalardagi gʻorlarga.
Uning buyuk ulugʻvorligidan
Yashirinar yerdagi chuqurlarga.
20Odam, oʻzim sajda qilay, deb yasagan
Oltinu kumush butlarini
Berar oʻsha kuni yumronqoziq
Hamda koʻrshapalaklarga.
21Ha, Egamiz, yerni larzaga solay, deya qoʻzgʻalganda,
Inson Egamizdan qoʻrqqanidan
Qoyalardagi gʻorlarga kirib ketar.
Uning buyuk ulugʻvorligidan
Choʻqqilarning yoriqlariga yashirinar.
22Endi uzoqda yuring
Tuproqdan yaratilganlardan.
Bormi ularning biron qiymati?!
Currently Selected:
Ishayo 2: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020