YouVersion Logo
Search Icon

Ibtido 44

44
44–BOB
Yoʻqolgan qadah
1Aka–ukalar ketishga tayyorlanishdi. Yusuf qulboshisiga shunday koʻrsatma berdi: “Bu odamlarning qoplarini koʻtara oladigan qilib donga toʻldir. Har birining qopiga kumushlarini qaytarib solib qoʻy. 2Kenjasining qopi ichiga esa kumushlari bilan birga mening kumush qadahimni ham solib qoʻy.” Qulboshi hammasini Yusuf aytganday qildi. 3Ertasiga tong yorishishi bilanoq, aka–ukalarni yuk ortilgan eshaklari bilan joʻnatib yuborishdi. 4Ular hali shahardan uncha uzoqlashmagan ham edilarki, Yusuf qulboshisiga buyurdi:
— Bor, anavi odamlarning izidan tush. Ularga yetib olganingdan keyin shunday deb ayt: “Nimaga yaxshilikka yomonlik qildingiz? 5Xoʻjayinimning kumush qadahini oʻgʻirlaganingiz nimasi?#44:5 Xoʻjayinimning kumush qadahini oʻgʻirlaganingiz nimasi? — qadimiy yunoncha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda bu jumla yoʻq. Xoʻjayinim undan ichimlik ichish uchun, fol ochish uchun foydalanardi#44:5 …fol ochish uchun foydalanardi… — qadimgi paytlarda fol ochish uchun turli xil suyuqliklardan foydalanilardi. Yusufning oʻzi bunday udumlarga ergashmagan boʻlsa–da, uning xizmatkori qadahni qimmatbaho deb bilar edi, chunki bunday qadahlar xudolardan maslahat soʻrash uchun ishlatilardi., axir! Qanday yomon ish qilib qoʻyibsizlar–a!”
6Qulboshi aka–ukalarga yetib olib, oʻrgatilgan gaplarni aytdi.
7— Nimaga bunday gaplarni gapiryapsiz?! — deb javob qaytarishdi ular. — Xudo saqlasin! Bu qullaringiz unaqa ish qilmaydi! 8Oʻzingiz oʻylang, qoplarimizdan topib olgan kumushlarni Kanʼondan sizga qaytarib olib keldik–ku. Shunday ekan, biz xoʻjayiningizning uyidan kumush yoki oltin oʻgʻirlarmidik?! 9Agar oʻsha narsa biz, qullaringizdan topilsa, mayli, oʻsha odam oʻldirilsin. Qolganlarimiz hazrati oliylariga qul boʻlaylik.
10— Mayli, men roziman, sizlar aytgancha boʻla qolsin, — dedi qulboshi. — Kumush qadah kimdan topilsa, u menga qul boʻladi. Qolganlaringiz esa ozod boʻlasizlar.
11Soʻngra har biri tezda eshaklari ustidan qoplarini olib, ochdilar. 12Yusufning qulboshisi toʻngʻichining qopidan boshlab kenjasining qopigacha titib chiqdi. Qadah Benyaminning qopidan chiqib qolsa boʻladimi! 13Ular umidsizlikka tushib, qaygʻudan kiyimlarini yirtdilar. Eshaklariga yana yuklarini ortib, orqaga — shaharga qaytib keldilar.
14Yahudo va aka–ukalar Yusufning uyiga kelishdi. Yusuf hali uyida ekan. Aka–ukalar Yusufning oldida oʻzlarini yerga otdilar.
15— Bu qilganingiz nimasi? — deb soʻroqqa tutdi Yusuf ularni. — Menday bir odam fol ochib bilib olishimni bilmasmidingiz?!
16— Janobi oliylariga nima ham derdik? Xudo bu qullaringizning qilgan jinoyatlarini fosh qildi. Endi oʻzimizni qanday himoya qila olardik?! Qanday qilib oʻzimizni oqlardik?! Janobi oliylari! Sizning qadahingiz ukamizning qopidan topilgan ekan, endi ukamiz bilan birga biz, hammamiz, sizga qul boʻlishga tayyormiz.
17— Yoʻq, Xudo saqlasin! Hecham bunday qilmayman! — dedi Yusuf. — Faqat qadahni oʻgʻirlagan odamgina menga qul boʻladi. Qolganlaringiz esa eson–omon otangizning oldiga qaytinglar.
Yahudo Benyamin uchun yolvoradi
18Shunda Yahudo Yusufga yaqinroq kelib dedi:
— Janobi oliylari! Oʻzingiz firʼavn kabisiz. Siz, janoblariga men bir ogʻiz soʻz aytsam, gʻazablanmang. 19Siz bizdan: “Otangiz yoki ukangiz bormi?” deb soʻragan edingiz. 20Biz shunday deb javob berdik: “Ha, qari otamiz va kenja ukamiz ham bor, otamiz uni keksayganda koʻrgan. Uning akasi esa oʻlgan, onasidan bir oʻzi yolgʻiz qolgan. Otamiz uni juda yaxshi koʻradi.” 21Keyin siz biz, qullaringizga: “Oʻsha ukangizni mening oldimga olib kelinglar, uni oʻzim koʻrayin–chi”, dedingiz. 22Biz esa sizga: “Bola otasini tashlab kela olmaydi, agar tashlab kelsa, otasi oʻlib qolishi mumkin”, deb aytdik. 23Keyin siz bizga: “Ukangizni olib kelmagunlaringizcha, koʻzimga koʻrinmanglar”, dedingiz. 24Qulingiz — otamizning huzuriga qaytib borganimizda, sizning gaplaringizni unga aytdik. 25Vaqti kelib, otamiz bizga: “Yana borib, oʻzimizga bir oz don sotib olib kelinglar”, dedi. 26Lekin biz otamizga aytdikki: “Oʻzimiz bora olmaymiz, agar kenja ukamiz biz bilan birga ketsagina, bora olamiz, ukamiz bormaguncha, biz oʻsha odamning koʻziga koʻrina olmaymiz.” 27Shunda otamiz bizga dedi: “Bilasizlarki, xotinim Rohiladan ikki oʻgʻil qolgan edi. 28Biridan ayrildim, uni shubhasiz, yirtqich hayvon tilka–pora qilib tashlagan. Uni oʻshandan keyin koʻrmadim. 29Agar bunisini ham mendan olib ketsangiz, u biror falokatga yoʻliqib qolsa, qariganimda meni qaygʻudan oʻliklar diyoriga#44:29 oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl (shu bobning 31–oyatida ham bor). 37:35 izohiga qarang. kiritasizlar.” 30Endi, janobi oliylari, men otamning oldiga bu bolani tashlab bora olmayman. Otamizning umri bu bolaning hayotiga bogʻliq. 31Bola biz bilan yoʻqligini otamiz koʻrgandan keyin, u oʻlib qoladi. Biz esa keksa otamizni qaygʻudan oʻliklar diyoriga tiqamiz. 32Men, qulingiz, mana shu bola uchun otamga kafil boʻlganman. Otamga: “Agar uni qoʻlingizga qaytarib olib kelib topshirmasam, umr boʻyi sizning oldingizda aybdor boʻlib qolay”, deb aytganman. 33Iltimos qilaman, janobi oliylari, shu bolaning oʻrniga men sizga qul boʻlib qolay, rad etmang. Bola akalari bilan birga qaytib ketaversin. 34Agar bola men bilan birga ketmasa, otamning oldiga qaysi yuz bilan qaytib boraman?! Otamning boshiga tushadigan kulfatlarga qarab turishga bardosh berolmayman.

Currently Selected:

Ibtido 44: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in