YouVersion Logo
Search Icon

Ezra 7

7
7–BOB
Ezra Quddusga keladi
1Oradan koʻp yillar#7:1 koʻp yillar — taxminan 60 yil. oʻtdi. Fors shohi Artaxshas#7:1 Fors shohi Artaxshas — 4:7 ning birinchi izohiga qarang. hukmronligi davrida Ezra degan bir odam bor edi. Uning nasabnomasi quyidagicha edi:
Ezra — Sarayoning oʻgʻli#7:1 …oʻgʻli… — bu oʻrindagi ibroniycha soʻz avlodi degan maʼnoni ham berishi mumkin. Odatda Muqaddas Kitobda berilgan nasabnomalarda hamma nasllarning toʻliq roʻyxati berilmay, faqat maʼlum bir avlodning maʼlum bir ajdoddan kelib chiqqani koʻrsatiladi.,
Sarayo — Ozariyoning oʻgʻli,
Ozariyo — Xilqiyoning oʻgʻli,
2Xilqiyo — Shallumning oʻgʻli,
Shallum — Zodoʻxning oʻgʻli,
Zodoʻx — Oxitobning oʻgʻli,
3Oxitob — Emoriyoning oʻgʻli,
Emoriyo — Ozariyoning oʻgʻli,
Ozariyo — Maroyoʻtning oʻgʻli,
4Maroyoʻt — Zaraxiyoning oʻgʻli,
Zaraxiyo — Uzzining oʻgʻli,
Uzzi — Bukkining oʻgʻli,
5Bukki — Abushuvaning oʻgʻli,
Abushuva — Finxazning oʻgʻli,
Finxaz — Elazarning oʻgʻli,
Elazar — oliy ruhoniy Horunning oʻgʻli edi.
6-7Ezra Isroil xalqining Xudosi — Egamizning Musoga bergan qonunini juda yaxshi biladigan mohir tafsirchi edi.
Shoh Artaxshas hukmronligining yettinchi yilida#7:6-7 Shoh Artaxshas hukmronligining yettinchi yili — miloddan oldingi 458 yil. 4:7 ning birinchi izohiga qarang. Ezra Bobildan Quddusga tomon yoʻlga otlandi. Isroil xalqidan, ruhoniylardan, levilardan, qoʻshiqchilardan, Maʼbad darvozabonlaridan, Maʼbad xizmatkorlaridan baʼzilari ham Ezra bilan birga Quddusga ketmoqchi boʻldilar. Ezraga Egasi Xudo yor boʻlgani uchun, shoh unga soʻragan narsasini inʼom qildi. 8-9Birinchi oyning#7:8-9 Birinchi oy — ibroniy kalendarining Nison oyi nazarda tutilgan (Nison oyi Abib oyi deb ham ataladi). Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan martning oʻrtasidan boshlanadi. birinchi kunida ular Ezraning boshchiligida Bobildan chiqdilar. Ezraga Xudoning marhamati yor boʻlgani uchun, ular toʻrt oydan keyin — beshinchi oyning#7:8-9 beshinchi oy — ibroniy kalendarining Av oyi nazarda tutilgan. Hozirgi kalendarga koʻra, bu oy taxminan iyulning oʻrtasidan boshlanadi. birinchi kunida Quddusga yetib keldilar. 10Ezra butun hayotini Egamiz bergan Tavrot kitobini oʻrganishga, unga amal qilishga, Tavrotdagi qonun–qoidalarni Isroil xalqiga oʻrgatishga bagʻishlagan edi.
Shoh Artaxshasning Ezraga bergan xati
11Egamizning Isroil xalqiga bergan amr va qonunlarining mohir tafsirchisi — ruhoniy Ezraga shoh Artaxshas maktub bergan edi. Maktubning mazmuni quyidagicha edi:
12“Samoviy Xudo qonunlarining mohir tafsirchisi — ruhoniy Ezraga shohanshoh Artaxshasdan salomlar boʻlsin.
13Mening shohligimda istiqomat qilayotgan Isroil xalqidan, shuningdek, ruhoniy va levilardan sen bilan Quddusga ketishni istagan har kimga ijozat berilsin, deb farmon beraman. 14Men va yettita maslahatchim seni Yahudo yurti va Quddusga yuborib, u yerdagi vaziyatni tekshirib chiqishingga vakolat beramiz. Senga topshirilgan Xudoyingning qonuni u yerda ijro etilyaptimi yoki yoʻqmi, bilib kel. 15Quddusda maskan qilgan Isroil xalqining Xudosiga biz koʻngildan chiqarib nazr qilgan kumush va oltinlarni ham oʻzing bilan olib ket. 16Bobil viloyati boʻylab sen toʻplaydigan hamma kumush va oltinni ol. Isroil xalqi va ularning ruhoniylari oʻz Xudosining Quddusdagi uyi uchun koʻngildan chiqarib beradigan nazrlarni ham olib ket.
17Bu kumush va oltinga, birinchi navbatda, buqalar, qoʻchqorlar, qoʻzilar, ularga qoʻshib qilinadigan don bilan sharob nazrlarini sotib ol. Bularni Xudoyingning Quddusdagi uyi qurbongohida nazr qil. 18Qolgan kumush va oltinni esa Xudoyingning xohishiga muvofiq, oʻzingga va hamkorlaringga maʼqul kelganicha ishlatsang boʻladi. 19Xudoyingning uyida foydalanish uchun berilgan buyumlarni Quddusdagi Xudoga inʼom qil. 20Bordi–yu, Xudoyingning uyi uchun yana boshqa xarajatlar talab qilinsa, mablagʻni shoh xazinasidan olishing mumkin.
21Men, shoh Artaxshas, Furot daryosining gʻarbidagi viloyat#7:21 Furot daryosining gʻarbidagi viloyat — 4:10 ning ikkinchi izohiga qarang. xazinabonlarining hammasiga farmon beraman: Samoviy Xudo qonunlarining mohir tafsirchisi — ruhoniy Ezra nima talab qilmasin, uning talabi soʻzsiz ijro etilsin. 22200 pudga#7:22 200 pud — oramiycha matnda 100 talant, taxminan 3,4 tonnaga toʻgʻri keladi. qadar kumush, 1000 togʻoraga#7:22 1000 togʻora — oramiycha matnda 100 kor, taxminan 22 tonnaga toʻgʻri keladi. qadar bugʻdoy, 200 koʻzaga#7:22 200 koʻza — oramiycha matnda 100 bat, taxminan 2200 litrga toʻgʻri keladi (shu oyatning davomida ham bor). qadar sharob, 200 koʻzaga qadar moy va keragicha tuz berilsin. 23Samoviy Xudo Oʻz uyi uchun nimalarni amr qilgan boʻlsa, oʻsha narsalar albatta muhayyo qilinsin. Mendan va mening merosxoʻrlarimdan Xudo gʻazablanmasin. 24Biz yana sizlarni xabardor qilamizki, ruhoniylardan, levilardan, qoʻshiqchilardan, Maʼbad darvozabonlaridan, Maʼbad xizmatkorlaridan, Xudoning uyidagi boshqa xizmatkorlardan oʻlpon, soliq yoki xiroj olish man etiladi.
25Sen esa, Ezra, Xudo bergan donolik bilan qozi va hakamlarni tayinla. Ular Furot daryosining gʻarbidagi viloyatda Xudoyingning qonunlarini biladigan jamiki xalqni hukm qilsinlar. Qonunlarni bilmaydigan odamlarga sizlar taʼlim beringlar. 26Xudoyingning qonuniga va shohning qonuniga itoat qilmaganlarning hammasi albatta jazoga tortilsin: qatl qilinsin yoki surgun qilinsin, qamoqqa tashlansin yoki mol–mulki musodara qilinsin.”
Ezra Xudoni madh qiladi
27Ota–bobolarimizning Xudosi — Egamizga hamdu sanolar boʻlsin! Egam Quddusdagi uyini sharaflash istagini shohning yuragiga soldi. 28Egam Xudoning marhamati bilan men#7:28 men — 7:27-9:15 dagi hamma voqealar Ezra nomidan, yaʼni birinchi shaxs tilidan hikoya qilinadi. shohning, uning maslahatchilari va barcha obroʻli aʼyonlarining iltifotiga sazovor boʻldim.
Ezra safarga tayyorlanadi
Egam Xudo menga yor boʻlgani uchun men dadil boʻlib, Isroil yoʻlboshchilarini oʻzim bilan olib ketgani toʻpladim.

Currently Selected:

Ezra 7: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in