Ester 6
6
6–BOB
Mardoxayga hurmat koʻrsatiladi
1Shu kecha shohning uyqusi qochdi. Shoh:
— “Kundalik xotiralar kitobi”ni olib kelinglar! — deb buyurdi. Kitobni unga oʻqib berishdi. 2Xotira kitobidagi shoh Axashverashning#6:2 shoh Axashverash — 1:1 ning birinchi izohiga qarang. darvozabonlari Bixtan va Tarash shohning joniga qasd qilishni rejalashtirganlari, buni Mardoxay bilib qolib shohga yetkazgani toʻgʻrisida yozilgan voqeaga yetib kelishdi.
3Shunda shoh:
— Bu xizmati uchun Mardoxay nima bilan taqdirlangan? Unga hurmat koʻrsatilganmi? — deb soʻradi.
— U hech narsa bilan taqdirlanmagan, — deb javob berishdi shohning aʼyonlari.
4— Hovlida kim bor? — soʻradi shoh. Shu paytda Xomon shoh saroyining tashqi hovlisiga kelgan va Mardoxay uchun tayyorlatib qoʻygan dorga uni ostirish toʻgʻrisida#6:4 …dorga uni ostirish toʻgʻrisida… — yoki …xodaning uchiga uni qoqtirish toʻgʻrisida…. shoh bilan maslahatlashmoqchi boʻlib turgan edi. 5Shohning aʼyonlari:
— Hovlida Xomon turibdi, — deb javob berishdi.
— Bu yoqqa kirsin! — deb buyurdi shoh.
6Xomon kirgach, shoh undan soʻradi:
— Shoh taqdirlamoqchi boʻlgan odamga qanday hurmat koʻrsatsa boʻladi?
Xomon oʻz koʻnglida: “Shoh mendan boshqa kimga ham izzat–hurmat koʻrsatishni istardi”, deb oʻyladi 7va shohga aytdi:
— Shohimiz hurmat koʻrsatib, taqdirlamoqchi boʻlgan odam uchun 8oʻzlari kiygan shohona liboslarni, shohimiz mingan, usti shohona zeb–ziynatlar#6:8 …shohona zeb–ziynatlar… — toj shaklida yasalgan otlarning maxsus bezagi boʻlishi mumkin. bilan bezatilgan otni olib kelishsin. 9Shohning eng yaqin beklaridan biri qoʻliga liboslarni va otni berishsin. Shoh hurmat koʻrsatib, taqdirlamoqchi boʻlgan oʻsha odam kiyintirilgandan keyin, otga mindirilsin–da, shahar maydoniga olib chiqilsin. Uning oldida yurib: “Shoh taqdirlamoqchi boʻlgan odam mana shunday hurmatga sazovor boʻladi!” deb jar solinsin.
10Shoh Xomonga buyurdi:
— Hoziroq, oʻzing aytganingday, liboslarni va otni olgin–da, saroy darvozasida turgan yahudiy Mardoxayga shunday qil. Aytganlaringdan birortasi ham qolib ketmasin.
11Xomon liboslarni va otni olib, Mardoxayni kiyintirdi. Soʻng uni otga mindirib, shahar maydoniga olib chiqdi va uning oldida yurib: “Shoh taqdirlamoqchi boʻlgan odam mana shunday hurmatga sazovor boʻladi!” deb jar soldi.
12Mardoxay saroy darvozasiga qaytib keldi. Xomon esa sharmanda boʻlganidan yuzini berkitib jadal uyiga yoʻl oldi.
13Xomon xotini Zareshga va barcha doʻstlariga yuz bergan voqeani aytib berdi. Doʻstlari va xotini Zaresh shunday deyishdi:
— Mardoxay tufayli sen pastga ketding. Agar u yahudiylardan boʻlsa, unga bas kela olmaysan. Aksincha, barbod boʻlasan.
14Ular gaplashib turganlarida, shohning mulozimlari#6:14 mulozim — qadimda saroy xizmatida boʻlgan kishi (1:10 izohiga qarang). kelib, Xomonni Ester tayyorlagan ziyofatga apil–tapil olib ketdilar.
Currently Selected:
Ester 6: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020