Doniyor 6
6
6–BOB
Doniyor sherlar uyasida
1Shoh Doro#6:1 shoh Doro — 5:31 izohiga qarang. butun shohligidagi yerlarni 120 ta viloyatga boʻlib, har bir viloyat ustidan noib tayinlashga qaror qildi. 2Noiblarni nazorat qilish uchun esa uchta amirni tayinladi, ularning biri Doniyor edi. Shohni urintirmaslik uchun ular noiblardan barcha hisobotni olishlari kerak edi. 3Doniyor boshqa amiru noiblarga qaraganda oʻz ishini yuksak mahorat bilan bajarar edi. Shuning uchun shoh butun saltanat boshqaruvini Doniyorga topshirishni rejalashtirib qoʻygandi. 4Buni koʻra olmagan amiru noiblar qildan qiyiq axtarib, Doniyorning boshqaruv ishlaridagi nuqsonlarni topishga harakat qilishdi. Ammo Doniyor oʻz ishini puxta bajarib, hech qanday masʼuliyatsizlik va nohaqlikka yoʻl qoʻymasdi. Shuning uchun uni ayblashga biron–bir bahona ham topa olmadilar. 5Nihoyat ular bir–birlariga shunday dedilar: “Doniyorni faqatgina oʻz Xudosining qonuni bilan bogʻliq boʻlgan holda ayblashimiz mumkin, bundan boshqa choramiz yoʻqqa oʻxshaydi.”
6Shunda amiru noiblar shohning huzuriga borib: “Shoh Doro hazratlarining umri boqiy boʻlsin! — dedilar. 7— Shohlikning barcha amirlari, beklari, noiblari, aʼyonlari va hokimlari shunday deb oʻzaro kelishib oldilar: shohimiz farmon joriy qilsinlar. Ey shoh hazratlari, bu farmon boʻyicha hamma odam oʻttiz kun mobaynida faqatgina sizga sajda qilsin. Kimki boshqa bir xudo yoki odamga sajda qilsa, sherlar uyasiga tashlansin. Bu farmon qatʼiy ravishda amalga oshirilsin. 8Ey shoh hazratlari, farmon chiqarib uni imzolang. Bu farmoningiz Midiya va Fors qonunlariga binoan oʻzgarmas boʻlsin.” 9Shoh Doro farmonni imzoladi. 10Doniyor farmon imzolanganligini bila turib uyiga bordi. Boloxonasiga chiqib, har doim qilganiday, kuniga uch mahal tiz choʻkib Xudoga iltijo qildi, Uni madh etib ulugʻladi. Boloxonaning derazalari esa Quddus tomon ochilgan edi.
11Amaldorlar bir toʻda boʻlib Doniyorning uyiga borganlarida, Doniyor oʻz Xudosiga iltijo qilayotganini koʻrib qoldilar. 12Ular zudlik bilan bu haqda shohni xabardor qilish uchun shoh huzuriga bordilar.
— Ey shoh hazratlari! — deya murojaat qildi ular. — Siz farmon chiqarib, kimki oʻttiz kun ichida mendan boshqa bironta xudo yoki odamga sajda qilsa, sherlarning uyasiga tashlanadi, deb aytmaganmidingiz?
— Ha, chiqargan bu farmonim Midiya va Fors shohligining qonunlariga binoan, qatʼiydir, — deya javob berdi shoh.
13— Ey shoh hazratlari, Yahudo asirlaridan boʻlmish Doniyor sizni ham, siz chiqargan farmoningizni ham mensimay, kuniga uch marta oʻz Xudosiga iltijo qilyapti, — dedi ular.
14Shoh buni eshitgach, qattiq tashvishga tushdi. U Doniyorni saqlab qolish niyatida kun botgunga qadar, qoʻlidan kelganicha harakat qildi. 15Ammo amaldorlar shohning oldiga kelib:
— Shoh hazratlari, Midiya va Fors qonunlariga binoan, siz chiqargan har bir farmon oʻzgarmas ekanligini esingizda tuting, — dedilar.
16Shoh Doniyorni sherlarning uyasiga tashlashni buyurdi.
Doniyorning oʻziga esa: “Seni Xudoying qoʻliga topshirdim, sen doim sajda qiladigan oʻsha Xudo seni asrasin”, — dedi.
17Tosh keltirilib, chuqurlikning ogʻzi berkitib qoʻyildi. Hech kim Doniyorni sherlardan qutqara olmasin deb, shoh oʻzining va amaldorlarining tamgʻalari bilan toshni muhrlab qoʻydi. 18Soʻng saroyiga qaytib, kechasi bilan tuz totmadi. Odatdagi kechki vaqti chogʻlik ham koʻngliga sigʻmay, tuni bilan uxlamay chiqdi.
19Ertasi kuni tong otgach, shoh shosha–pisha sherlar uyasi tomon yugurdi. 20U yerga borgach:
— Hoy Doniyor, barhayot Xudoning xizmatkori! — deya kuyinib xitob qildi u. — Sen doimo sajda qilib yurgan Xudoying seni sherlardan qutqara oldimi?
21— Shoh hazratlarining umri boqiy boʻlsin! — dedi shohga Doniyor. 22— Xudoyimning nazarida begunoh boʻlganim uchun U farishtasini yuborib, sherlarning ogʻizlarini berkitib qoʻydi va sherlar menga hech qanday zarar yetkazmadilar. Sizning oldingizda ham, ey shoh hazratlari, men biron–bir aybli ish qilgan emasman.
23Xursandchiligi ichiga sigʻmagan shoh Doniyorni chuqurlikdan chiqarishni buyurdi. Doniyorni chuqurlikdan chiqargan odamlar unga hech qanday zarar yetmaganini koʻrishdi, chunki Doniyor Xudoga inongan edi. 24Shohning buyrugʻiga binoan, Doniyorni qoralagan odamlarni xotinu bola–chaqalari bilan birga sherlar uyasiga tashladilar. Ular chuqurlikning tubiga yetmagan ham ediki, sherlar ularga tashlanib gʻajib tashlashdi.
25Shoh Doro butun dunyo boʻylab barcha xalqlar, elatlar va urugʻlarga shunday maktub yoʻlladi:
“Xonadoningizdan baraka arimasin! 26Shohligimdagi barcha odamlar Doniyorning Xudosidan qoʻrqib titrasin,
Chunki U barhayot va mangu Xudodir.
Uning shohligi aslo qulamas,
Hukmronligi hech ham tugamas,
27Najotkoru xaloskor Udir.
Yeru koʻkda alomatu moʻjizalar koʻrsatgan,
Udir Doniyorni sherlardan qutqarib olgan.”
28Shoh Doro va Fors shohi Kurushning hukmronligi davrlarida#6:28 …Doro va Fors shohi Kurushning hukmronligi davrlarida… — yoki …Doro hukmronligi davrida, yaʼni Fors shohi Kurushning hukmronligi davrida…. Doro haqida maʼlumot olish uchun 5:31 izohiga qarang. Kurush miloddan oldingi 539-530 yillarda hukmronlik qilgan. Shoh Kurush yana Kir ismi bilan tanilgan. Doniyorning martabasi yana ham oshdi.
Currently Selected:
Doniyor 6: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020