YouVersion Logo
Search Icon

2 Shohlar 19

19
19–BOB
Yoʻab Dovudga tanbeh beradi
1Shoh Dovud Absalom uchun koʻz yoshi toʻkib, aza tutayotir, deb Yoʻabga xabar berishdi. 2Dovudning sipohlari ham: “Shoh oʻgʻli uchun aza tutyapti ekan”, deb eshitishdi. Shunday qilib, oʻsha kungi gʻalaba barcha lashkar uchun azaga aylandi. 3Oʻsha kuni sipohlar xuddi urushdan qochganlarday, shaharga xijolat tortib, pisib kirishdi. 4Shoh esa yuzini berkitib, bor ovozi bilan: “Oh, oʻgʻlim Absalom! Absalom, bolaginam, jigarim!” deb faryod qilardi.
5Yoʻab shoh turgan uyga kirib, unga shunday dedi:
— Bugun sizning joningizni, oʻgʻillaringiz, qizlaringiz, xotinlaringiz, kanizaklaringizning#19:5 kanizaklar — 5:13 izohiga qarang. jonlarini qutqargan odamlaringizning hammasini xijolatga qoʻydingiz. 6Chunki siz oʻzingizdan nafratlanganlarga mehr qoʻyib, sizni yaxshi koʻrganlardan nafratlanar ekansiz. Bugun lashkarboshilaringiz va mard yigitlaringiz sizning oldingizda hech narsaga arzimasligini oshkor qilib qoʻydingiz. Ha, men bir narsani anglab yetdim: bugun Absalom omon qolib, hammamiz oʻlib ketsak, sizga yaxshi boʻlar ekan! 7Endi turing, tashqariga chiqib, odamlaringizga dalda bering! Egamning nomini oʻrtaga qoʻyib ont ichamanki, agar chiqmasangiz, shu kecha sizning yoningizda birorta odam qolmaydi. Bu esa yoshligingizdan to shu bugungacha boshingizga kelgan kulfatlar ichida eng yomoni boʻladi!
8Shu gapdan keyin shoh shahar darvozasi oldiga borib oʻtirdi. Jamiki lashkarga: “Shoh shahar darvozasida oʻtiribdi” degan xabar yetib bordi. Shundan keyin ular shohning yoniga tashrif buyurishdi.
Dovud Quddusga qaytadi
Bu paytda Isroil xalqidan Absalom tomonda boʻlganlari uy–uylariga qochib ketgan edi. 9Isroilning turli qabilalaridan boʻlgan odamlar bir–birlari bilan bahs qilishardi:
— Bizni gʻanimlarimiz qoʻlidan Dovud xalos qilgan, Filistlar qoʻlidan qutqargan edi. U Absalomdan qochib, yurtdan ketib qolgan. 10Bizga yoʻlboshchi boʻlsin deb, Absalomga moy surtib shoh qilgan edik, lekin u jangda oʻldi. Shunday ekan, Dovuddan iltimos qilaylik, qaytib kelsin, bizning shohimiz boʻlsin.
11Shoh Dovud ruhoniylar Zodoʻx bilan Abuatarga quyidagicha xabar joʻnatdi:
— Yahudo oqsoqollariga borib aytinglar, shoh shunday demoqda: “Butun Isroil xalqi, shohni oʻz xonadoniga qaytarish kerak, deyapti. Isroil xalqining gaplari mening qulogʻimga yetib keldi. Nima uchun sizlar loqaydlik qilyapsizlar? 12Sizlar qarindoshlarimsiz, jigarlarimsiz! Nega sizlar shohni qaytarib olib kelishni orqaga suryapsizlar?” 13Emosaga ham shu gapni yetkazinglar: “Sen jigarimsan–ku! Seni hozirdan boshlab Yoʻabning oʻrniga umrbod lashkarboshi qilib tayinlayman. Shunday qilmasam, Xudo meni ne koʻyga solsa solsin, hatto undan battarrogʻini qilsin!”
14Shunday qilib, Dovud jamiki Yahudo xalqini tamoman oʻziga moyil qildi. Nihoyat, ular shohga: “Hamma odamlaringizni ergashtirib orqaga qayting!” deb xabar berishdi. 15Shoh orqaga qaytib, Iordan daryosi boʻyiga yetib keldi. Yahudo xalqi: “Shohni kutib olaylik, Iordan daryosidan olib oʻtaylik”, deb Gilgalga#19:15 Gilgal — bu joy Iordan daryosining gʻarbiy qirgʻogʻidan qariyb 8 kilometr masofada boʻlgan. Shoh Dovud bilan uning lashkari esa daryoning sharq tomonida edilar. keldi. 16Benyamin qabilasidan Gera oʻgʻli Shimax ham shu yerda edi. U shoh Dovudni kutib olish uchun shoshilganicha Boxurim shahridan Yahudo odamlari bilan birga daryo boʻyiga yetib keldi. 17Uning yonida Benyamin qabilasidan ming kishi bor edi. Shoul xonadonining xizmatkori Zibax ham oʻn besh oʻgʻlini va yigirmata qulini ergashtirib keldi. Ular daryo boʻyiga tezda shohdan oldin yetib kelishdi. 18“Shoh xonadonini daryodan olib oʻtaylik, shohning hamma xohishini bajo keltiraylik”, deb ular xizmat qilishdi.
Dovud Shimaxni kechiradi
Shoh Iordan daryosini endi kechib oʻtmoqchi boʻlib turgan edi, Shimax oʻzini shohning oyoqlari ostiga tashladi–da, 19unga yolvordi:
— Shoh hazratlari gunohimdan oʻtsinlar! Quddusdan chiqqan kuningizda men qilgan gunohni#19:19 …men qilgan gunoh… — 16:5-14 ga qarang. eslamasinlar, xayollariga keltirmasinlar, shoh hazratlari! 20Chunki men, qulingiz, oʻz gunohimni bilaman. Mana, shoh hazratlarini kutib olish uchun bugun jamiki Isroildagi odamlardan birinchi boʻlib men keldim.
21Shunda Zeruya oʻgʻli Abushay:
— Nahotki Egam moy surtib tanlagan shohni haqorat qilgani uchun Shimax oʻldirilmasa?! — dedi.
22— Ey Zeruya oʻgʻillari! — dedi Dovud. — Kim sizlarning fikringizni soʻradi? Menga aql oʻrgatmoqchimisizlar? Shu topda Isroil shohi ekanimni oʻzim bilmaymanmi? Isroilda shu bugun birorta odamning qoni toʻkilmaydi!
23Soʻng Dovud Shimaxga:
— Oʻlmaysan! — deb ont ichdi.
Dovudning Mefibositga mehribonligi
24Shoulning nabirasi Mefibosit ham shohni kutib olishga borgan edi. Shoh ketgan kundan boshlab sogʻ–salomat qaytgunigacha, Mefibosit na oyoqlarini, na kiyimlarini yuvgan, na soqolini qirqqan edi. 25Mefibosit shohni kutib olishga Quddusdan kelganda, Dovud undan:
— Mefibosit, nimaga men bilan ketmading? — deb soʻradi. 26Mefibosit shunday javob berdi:
— Ey shoh hazratlari, men, qulingiz, choʻloq boʻlganim uchun qulim Zibaxga: “Eshakni egarla, men eshakka minib shoh bilan birga ketaman”, degan edim. Lekin u meni aldadi, 27shoh hazratlarining oldida men, qulingizning yuzini qora qildi. Ammo siz, shoh hazratlari, Xudoning farishtasidaysiz. Sizga nima maʼqul kelsa, shuni qiling. 28Otam xonadonining hamma aʼzolari shoh hazratlaridan faqat oʻlimni kutib yurganlarida, men, qulingizga, siz xonadoningiz aʼzolari qatorida dasturxoningizdan taom yeyish imtiyozini berdingiz. Sizdan bundan ortiq bir narsa soʻrashga qanday haqim bor, ey shohim?!
29— Oʻzingning ishlaring toʻgʻrisida gapirishingga hojat yoʻq, — dedi shoh. — Senga va Zibaxga, yerlarni#19:29 yerlar — Shoulga qarashli boʻlgan joylar (9:7-9, 16:4 ga qarang). boʻlishib olaveringlar, deb buyurgan edim–ku.
30— Shoh hazratlari nihoyat saroyga sogʻ–salomat qaytib keldilar, shuning oʻzi menga kifoya, — dedi Mefibosit. — Endi hamma yerni Zibax olaversin.
Dovudning Borzulayga mehribonligi
31Giladlik Borzulay ham shohga Iordan daryosini kechib oʻtishida yordam berib, uni kuzatib qoʻyay deb, Roʻgʻolimdan kelgan edi. 32Borzulay ancha keksayib qolgan, sakson yoshda edi. U boy odam boʻlib, shoh Moxanayimda istiqomat qilib turgan paytda, shohning tirikchiligini taʼminlagan edi. 33Shoh Borzulayga:
— Men bilan yuring, endi Quddusda men sizning tirikchiligingizni taʼminlayman, — dedi. 34Lekin Borzulay:
— Qancha umrim qoldiki, siz bilan Quddusga ketsam? — dedi. 35— Men, qulingiz, hozir sakson yoshdaman. Bundan bu yogʻiga nima yoqadi, nima yoqmaydi — ajrata bilmasam, yeb–ichganimning taʼmini seza olmasam. Yana erkak–ayol qoʻshiqchilarning ovozini farqlay olmasam. Shunday ekan, nimaga shoh hazratlariga yana yuk boʻlayin? 36Men, qulingiz, Iordan daryosini shoh bilan birga kechib, sizga bir oz hamroh boʻlaman, xolos. Shoh nima uchun menga shu qadar iltifot qilishi kerak? 37Ijozat bersangiz, men orqamga qaytayin, oʻz shahrimda jon berib, ota–onamning xilxonasiga dafn qilinayin. Lekin mana qulingiz Ximxon shu yerda, u siz bilan narigi qirgʻoqqa oʻtsin. Unga nimani maʼqul koʻrsangiz, shuni qilarsiz.
38— Ximxon men bilan narigi qirgʻoqqa kechib oʻtadi, — dedi shoh. — Siz unga nimani maʼqul koʻrsangiz, u uchun shuni bajo keltiraman. Oʻzingiz uchun nima istaysiz? Ayting, bajo qilayin.
39Shundan soʻng shoh bilan barcha odamlar Iordan daryosini kechib oʻtdilar#19:39 …Iordan daryosini kechib oʻtdilar — yaʼni daryoning gʻarb tomoniga oʻtdilar.. Shoh Dovud Borzulayni oʻpib, duo qildi. Borzulay oʻz yurtiga qaytib ketdi.
Yahudo va Isroil xalqi shohni talashishadi
40Shoh Gilgalga joʻnadi. Ximxon ham u bilan birga ketdi. Yahudo odamlarining hammasi va Isroil#19:40 Isroil — 2:9 ning ikkinchi izohiga qarang. odamlarining yarmi shohni kuzatib borayotgan edilar. 41Bir payt jamiki Isroil xalqi shohning oldiga borib shunday deyishdi:
— Nega birodarlarimiz Yahudo xalqi sizni olib qochib, oʻzingizni, xonadoningizni, odamlaringizni Iordan daryosining bu tomoniga ham oʻtkazib qoʻyishdi?
42Yahudo xalqi Isroil xalqiga shunday javob qaytarishdi:
— Chunki shoh bizning yaqinimiz. Nimaga sizlar xafa boʻlyapsizlar? Shohning yeydiganidan biror narsa yedikmi?! Yoki oʻzimizga biror narsa oldikmi?
43— Isroilda oʻnta qabila bor, — deb javob berdi Isroil xalqi. — Shuning uchun Dovudda sizlardan koʻra, bizning oʻn marta haqimiz bor. Shunday ekan, nega bizni mensimaysizlar?! Shohimizni qaytarib kelaylik, deb birinchi boʻlib biz aytmaganmidik?!
Yahudo xalqining gapi Isroil xalqinikidan koʻra, qattiqroq boʻldi.

Currently Selected:

2 Shohlar 19: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in