YouVersion Logo
Search Icon

2 Shohlar 15

15
15–BOB
Absalom Dovudga qarshi bosh koʻtaradi
1Absalom oʻzi uchun bitta jang aravasi, otlar va ellikta qoʻriqchini tayyorlab qoʻydi. 2U ertalab turib, shahar darvozasiga boradigan yoʻl boʻyida turadigan boʻldi. Janjalli ish bilan shoh huzuriga arz qilib kelayotgan har bir odamni Absalom toʻxtatib:
— Qayerliksan? — deb soʻrardi. Oʻsha odam: “Isroilning falon qabilasidanman”, deb javob berardi. 3Absalom esa unga:
— Qara, daʼvolaring toʻgʻri, sen haqsan. Lekin sening gapingga quloq soladigan, shoh tayinlagan biror vakil yoʻq, — derdi. 4Keyin: — Agar yurtga men hakam boʻlganimda edi, — deb qoʻshib qoʻyardi, — shikoyat yoki biror masala bilan mening oldimga kelgan odamga adolat qilardim.
5Birortasi uning oldiga muk tushib, taʼzim qilib kelishi bilanoq, Absalom oʻsha odamni turgʻizib, oʻpib qoʻyardi. 6Shoh huzuriga shikoyat qilib kelgan Isroil xalqining hammasiga Absalom shunday muomala qilardi. Xullas, Absalom shu yoʻsinda Isroil xalqini oʻziga ogʻdirib oldi.
7Oradan toʻrt yil#15:7 toʻrt yil — qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matnda qirq yil. oʻtgach, Absalom shohga dedi:
— Ijozat bersangiz, men Xevronga borib, Egamga atagan nazrimni ado etayin. 8Chunki men, qulingiz, Oramda — Gashur yurtida yashayotganimda, Egam meni Quddusga qaytarsa, albatta Xevronga borib Unga sajda qilaman, deb nazr atagan edim.
9— Eson–omon bor! — dedi shoh Absalomga.
Absalom Xevronga borgan zahoti 10hamma Isroil qabilalariga maxfiy xabarchilar joʻnatib, ularga shunday dedi: “Burgʻu ovozini eshitishingiz bilanoq, Absalom Xevronda shoh boʻldi, deb ovoza qilasizlar.” 11Absalom Quddusdan taklif qilgan ikki yuz kishi u bilan birga Xevronga borgandi. Taklif qilingan odamlar, boʻlib oʻtgan voqealardan bexabar, yaxshi niyat bilan Absalomga ergashishgandi. 12Absalom Xevronda qurbonlik qilayotib, Dovudning maslahatchisi Oxitofelni ham chaqirtirib keldi. Oxitofel Giloxda#15:12 Gilox — Xevronga yaqin shahar. yashardi. Shu tariqa fitna kuchayib, Absalomni qoʻllayotganlar tobora koʻpayib borardi.
Dovud Quddusdan qochib ketadi
13Bir xabarchi Dovudning oldiga kelib:
— Absalom Isroil xalqining ishonchini qozondi, — dedi. 14Shundan soʻng Dovud Quddusda oʻziga xizmat qilib yurgan hamma odamlariga shunday buyruq berdi:
— Qani, qochib qolaylik! Boʻlmasa, Absalom bizni sogʻ qoʻymaydi. Hoziroq ketaylik, aks holda, Absalom orqamizdan birpasda yetib olib bizni bir baloga giriftor qiladi, shahar aholisini birma–bir qilichdan oʻtkazadi!
15— Shoh hazratlari nima qarorga kelgan boʻlsalar, biz, qullaringiz, bajarishga tayyormiz, — deyishdi shohning aʼyonlari.
16Shunday qilib, shoh butun saroy ahlini ergashtirib, yoʻlga tushdi. Saroyga qarab tursin deb, faqat oʻnta kanizagini#15:16 kanizak — 5:13 izohiga qarang. u yerda qoldirdi. 17Shoh va uning hamrohlari shaharning eng chetidagi uyga yetib borishgach, oʻsha yerda toʻxtashdi. 18Shohning jamiki lashkari, Xaretlik va Palatlik hamma qoʻriqchilar#15:18 Xaretlik va Palatlik hamma qoʻriqchilar — Dovud yollagan bu muhojir sipohlar shohning shaxsiy qoʻriqchilari boʻlib xizmat qilgan., Gat shahridan#15:18 Gat shahri — Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan bu shahar Filistlarning beshta asosiy shahridan biri edi. unga ergashib kelgan olti yuzta odam shohning oldidan oʻtdi. 19Shoh Gatlik lashkarboshi Etxayga:
— Nimaga sen biz bilan kelyapsan? — dedi. — Orqangga qayt, kim shoh boʻlsa, oʻsha shoh bilan qol, chunki sen vatanidan quvilgan bir begonasan. 20Sen kechagina kelding. Men esa bugun qayerga borishimni oʻzim bilmayman–u, seni birga olib ketib sarson qilaymi? Qani, birodarlaring bilan orqaga qayt. Egam marhamatini va sadoqatini sendan darigʻ tutmasin!
21Etxay shohga shunday javob berdi:
— Shoh hazratlari! Xudo shohid, ont ichib aytamanki, sizni tashlab ketmayman. Xoh hayot uchun boʻlsin, xoh oʻlim uchun boʻlsin, siz qayerda boʻlsangiz, men — qulingiz ham oʻsha yerda boʻlaman.
22— Boʻpti, men bilan yuraver, — dedi Dovud Etxayga. Shundan keyin Gatlik Etxay, uning yonidagi hamma odamlari, bola–chaqalari bilan, Dovudning yonidan oʻtib yoʻlda davom etdilar.
23Xalq yoʻlda davom etarkan, atrofda el–yurt zor–zor yigʻlab faryod chekardi. Shoh Qidron soyligini#15:23 Qidron soyligi — Quddusning sharqiy chegarasi hisoblangan. bosib oʻtdi. Xalq sahroga boradigan yoʻl boʻylab ketardi.
24Ruhoniy Zodoʻx bilan Xudoning Ahd sandigʻini koʻtarib borayotgan levilar, ruhoniy Abuatar ham shu yerda jam boʻlgan edilar. Ular Xudoning Sandigʻini yerga qoʻyib, xalq shahardan chiqib boʻlguncha kutib turishdi. 25Bir payt Zodoʻxga shoh dedi:
— Xudoning Sandigʻini shaharga qaytarib olib bor. Agar Egam mendan rozi boʻlsa, meni qaytarsin, Sandiq turadigan joyni va Sandiqni menga yana koʻrsatsin. 26Ammo Egam: “Sendan rozi emasman”, desa, mayli, Unga nima maʼqul boʻlsa, shuni qilsin.
27Shoh ruhoniy Zodoʻx bilan gapini davom ettirdi:
— Axir, sen valiysan–ku!#15:27 Axir, sen valiysan–ku! — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha tarjimada Menga qara! Qadimda paygʻambarni valiy deb chaqirish keng tarqalgan edi (1 Shohlar 9:9 ga qarang). Bu oʻrindagi ibroniycha terminning soʻzma–soʻz tarjimasi koʻradigan odam. Bu oʻrinda shoh Dovud, chamasi, gʻayrirasmiy taklif beradigan termindan foydalanyapti: Dovudning rejasi boʻyicha, Zodoʻx Quddusga qaytib, unga josus sifatida xizmat qilishi va shaharda nimalar yuz berayotgani toʻgʻrisida uni xabardor qilib turishi kerak edi (shu bobning 28, 35, 36–oyatlariga qarang). Oʻgʻling Oximasni va Abuatarning oʻgʻli Yoʻnatanni yoningga ol. Abuatar bilan birga shaharga eson–omon qaytib boringlar. 28Sizlardan aniq xabar kelmaguncha, men Iordan daryosining kechuvida yashirinib oʻtiraman. Men sahroga ketishdan oldin Quddusda nima boʻlayotganini bilayin.
29Xullas, Zodoʻx bilan Abuatar Xudoning Sandigʻini Quddusga qaytarib olib ketishdi va oʻzlari ham oʻsha yerda qolishdi. 30Dovud esa yigʻlay–yigʻlay Zaytun togʻiga#15:30 Zaytun togʻi — Quddusdan sharqda, Qidron soyligining narigi tomonidagi tepalik. koʻtarila boshladi. U qaygʻu–alamlardan boshini oʻrab olgan, yalangoyoq, yonidagi hamma odamlar ham boshlarini oʻragan, yigʻlaganlaricha toqqa chiqishardi.
31Shu payt kimdir Dovudga:
— Maslahatchi Oxitofel ham Absalom bilan birga fitna uyushtirganlarning orasida ekan, — deb qoldi.
— Ey Egam! Iltijo qilaman: Oxitofel Absalomga ahmoqona maslahat bersin! — dedi Dovud.
32Dovud Zaytun togʻining tepasiga, Xudoga sajda qilinadigan joyga chiqib borganda, u yerda Dovudni Orux urugʻidan#15:32 Orux urugʻi — Benyamin qabilasining bir urugʻi. boʻlgan Xushay kutib oldi. Xushay ayanchli ahvolda boʻlib, qaygʻudan kiyimlarini yirtgan, boshiga tuproq sochgan edi#15:32 …qaygʻudan kiyimlarini yirtgan, boshiga tuproq sochgan edi — 1:2 izohiga qarang.. 33Dovud unga:
— Agar men bilan borsang, menga yuk boʻlasan, — dedi. 34— Sen shaharga qaytib bor, Absalomga: “Ey shohim, men sizning qulingizman, otangizga oldin qanday itoat etgan boʻlsam, sizga ham shunday itoat etaman”, deysan. Men uchun Oxitofelning maslahatini yoʻqqa chiqarasan. 35Ruhoniylar Zodoʻx bilan Abuatar oʻsha yerda sening yoningda boʻlishadi. Shoh saroyida nima eshitsang, ularni xabardor qilib tur. 36Zodoʻxning oʻgʻli Oximas bilan Abuatarning oʻgʻli Yoʻnatan ham oʻsha yerda. Nimaiki eshitsangizlar, ruhoniylarning oʻgʻillari orqali meni xabardor qilib turasizlar.
37Shunday qilib, Dovudning doʻsti Xushay Quddusga keldi. Xuddi shu paytda Absalom ham Quddusga kirayotgan edi.

Currently Selected:

2 Shohlar 15: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in