2 Shohlar 1
1
1–BOB
Dovud Shoulning oʻlimidan xabar topadi
1Shoul halok boʻlgandan keyin, Dovud Omolek xalqini yengib, Zixlax shahriga qaytib keldi va u yerda ikki kun qoldi. 2Uchinchi kuni Shoulning qarorgohidan Dovudning oldiga bir odam keldi. U qaygʻudan kiyimlarini yirtgan, boshiga tuproq sochgan#1:2 U qaygʻudan kiyimlarini yirtgan, boshiga tuproq sochgan… — kiyimlarni yirtish va boshga tuproq sochish umidsizlikni va qaygʻuli holatni ifodalaydi., ayanchli ahvolda edi. Oʻsha odam Dovudning oldiga kelgach, muk tushib, unga taʼzim qildi.
3— Qayerdan kelyapsan? — deb soʻradi Dovud.
— Isroil qarorgohidan qochib keldim, — dedi u odam.
4— Ayt–chi, nima boʻldi? — deb soʻradi Dovud.
— Sipohlar urush maydonidan qochdilar, odamlarimizdan koʻplari oʻldirildi, Shoul bilan oʻgʻli Yoʻnatan ham halok boʻldi, — dedi u. Shunda Dovud:
5— Shoul bilan oʻgʻli Yoʻnatanning halok boʻlganini qayerdan bilasan? — deb soʻradi xabar keltirgan yigitdan.
6— Tasodifan Gilbova togʻiga#1:6 Gilbova togʻi — Jalila koʻlidan qariyb 32 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan. borgan edim, — deb gapida davom etdi u. — Shoul nayzasiga zoʻrgʻa suyanib turar, dushman otliqlari va jang aravalari esa unga tomon yopirilib kelayotgan ekan. 7Shoul orqasiga qarab, meni koʻrib qolib chaqirdi. “Labbay”, dedim men. 8“Sen kimsan?” deb soʻradi Shoul. “Omolek xalqidanman”, dedim men. 9Soʻng u: “Bu yoqqa kel, meni oʻldir. Tarashaday boʻlib serrayib qoldim–u, lekin jonim chiqmayapti”, dedi. 10Shoh ogʻir yaralangani uchun endi yashay olmasligiga koʻzim yetib, uni oʻldirdim#1:10 …uni oʻldirdim — Shoulning oʻlimi haqida bu yigit aytgan hikoya 1 Shohlar 31:3-5 da yozilgan voqeaga toʻgʻri kelmaydi. Bu yigit Isroil xalqining dushmani boʻlgan Omolek xalqidan edi (1 Shohlar 15:1-3 ga qarang). Shoul oʻlgan paytda oʻsha yigit nima uchun Gilbova togʻida boʻlgani aniq emas. U oʻlgan sipohlarning qimmatbaho narsalarini oʻmarish uchun oʻsha yerga borgan boʻlishi mumkin. Yigit Dovudga yoqish va undan mukofot olish ilinjida shu voqeani ichidan toʻqib aytgan boʻlishi ehtimoldan holi emas (4:10 ga qarang).. Boshidagi tojini va qoʻlidagi bilakuzugini olib, sizga — janobi oliylariga keltirdim.
11Dovud bu gapni eshitib, qaygʻudan kiyimlarini yirtdi. Boshqalar ham shunday qildilar. 12Shoul va uning oʻgʻli Yoʻnatan, Egamizning lashkari — Isroil xalqidan koʻpchiligi jangda halok boʻlgan edilar. Shuning uchun hammalari oqshomgacha aza tutib faryod qildilar, roʻza tutdilar.
13Dovud shum xabarni olib kelgan yigitdan:
— Qayerliksan? — deb soʻradi.
— Men Omolek xalqidanman, begona xalqdanman, — dedi yigit.
14— Egam moy surtib Shoulni shoh qilib tanlagan edi–ku! Shunday shohga qoʻl koʻtarib, oʻldirishdan qoʻrqmadingmi? — dedi Dovud unga. 15Keyin Dovud bitta sipohini chaqirdi–da:
— Qani, oʻldir uni! — deb buyurdi. Sipoh oʻsha Omolek yigitga bir qilich urib oʻldirdi. Dovud unga qarata:
16— Tiling oʻzingning boshingga yetdi. Egam moy surtib tanlagan shohni men oʻldirdim, deb oʻz ogʻzing bilan guvohlik berding, — dedi.
Dovudning marsiyasi
17Shoul bilan uning oʻgʻli Yoʻnatan uchun Dovud marsiya kuyladi. 18Soʻng, ushbu marsiya#1:18 ushbu marsiya — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi yoy, bu marsiyaning nomi boʻlishi mumkin. Yahudo xalqiga oʻrgatilsin, deb farmon berdi. Bu marsiya “Yoshur” kitobida#1:18 “Yoshur” kitobi — ibroniychadagi maʼnosi “Solihlar” kitobi. Ehtimol, bu kitob jangnoma boʻlib, qadimiy dostonlar va qoʻshiqlar majmuasidan iborat edi. Bu kitob hozirgi kungacha saqlanib qolmagan. Yoshua 10:13 da ham oʻsha kitobga ishora qilingan. yozilgan.
19“Ey Isroil,
Yoʻq boʻldi gʻururing sening tepaliklaringda,
Qanday qulagan ekan dovyuraklar!
20Bu xabarni Gatliklarga eshittirmang,
Ashqalon#1:20 Gat…Ashqalon — Filistlarning beshta shaharlaridan ikkitasi edi (1 Shohlar 6:17 ga qarang). koʻchalarida yoyib yurmang.
Toki Filist qizlari sevinmasin,
Sunnatsizlarning qizlari shod boʻlmasin.
21Ey Gilbova togʻlari#1:21 Gilbova togʻlari — Shoul oʻldirilgan joyga ishora. Shu bobning 6–oyatiga va oʻsha oyatning izohiga qarang (yana 1 Shohlar 31:1-10 ga qarang).,
Tepangizga shudring, yomgʻir tushmasin,
Hosildor yerlaringiz hosilsiz qolsin!
Oʻsha yerlarda yoʻqotdi shuhratini
Bahodirlarning qalqoni,
Shoulning qalqoniga moy surtilmas endi#1:21 …qalqoniga moy surtilmas endi — baʼzi qalqonlar qattiq charmdan qilinib, bular yaxshi saqlanishi uchun zaytun moyi surtilgan..
22Bir dam tinmadi Yoʻnatanning yoyi
Yer tishlaganlar qonidan
Va yigitlarning tanasidan.
Shoulning qilichi behuda koʻtarilmasdi.
23Shoul bilan Yoʻnatan aziz va dilkash edilar,
Hayotda ham, oʻlganda ham birga boʻldilar.
Burgutdan chaqqon,
Sherdan kuchli edi ular.
24Shoul uchun aza tuting, ey Isroil qizlari!
U sizlarga shohona liboslar kiydirgandi,
Libosingizni oltin taqinchoqlar ila bezagandi.
25Urushda qanday qulagan ekan dovyuraklar!
Ey Isroil, sening tepaliklaringda Yoʻnatan jonsiz yotar.
26Qaygʻuraman sen uchun, birodarim Yoʻnatan,
Menga koʻp azizu qadrdon eding sen,
Naqadar ajoyib edi menga boʻlgan muhabbating,
Ayollarning sevgisidan ham ortiq edi.
27Qanday qulagan ekan dovyuraklar!
Qanday yoʻq boʻldi jang qurollari.”
Currently Selected:
2 Shohlar 1: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020