4 Shohlar 16
16
16–BOB
Yahudo shohi Oxoz
1Isroil shohi Pekax hukmronlik qilayotganiga oʻn yetti yil boʻlganda, Oxoz Yahudo shohi boʻldi. Oxoz Yoʻtomning oʻgʻli edi. 2Oxoz yigirma yoshida shoh boʻlib, Quddusda oʻn olti yil hukmronlik qildi. U bobosi Dovuddan namuna olmadi, Egasi Xudo oldida toʻgʻri ishlar qilmay, 3Isroil shohlarining yoʻlidan ketdi. Kanʼon yurtidan Egamiz quvgan qavmlarning jirkanch odatlariga taqlid qilib, hatto oʻz oʻgʻlini qurbonlik qilib, olovda kuydirdi#16:3 …hatto oʻz oʻgʻlini qurbonlik qilib, olovda kuydirdi — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …hatto oʻz oʻgʻlini olovdan oʻtkazdi. Butparast xalqlarga xos boʻlgan bu jirkanch odat Xudoning nazarida oʻtaketgan qabihlik edi.. 4Sajdagohlarda#16:4 sajdagohlar — 12:3 izohiga qarang., tepaliklarda va har qanday yashil daraxt ostida qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi.
5Oram shohi Ratan bilan Isroil shohi Pekax Quddusni bosib olish uchun yurish qildilar. Shaharni qamal qilib tursalar–da, Oxozni yenga olmadilar. 6Shunda Oram shohi Ratan Elet shahrini qoʻlga kiritib, u yerdagi Yahudo xalqini haydab chiqardi. Eletga joylashgan Oram xalqi#16:6 Oram xalqi — ibroniycha matnda Edomliklar nazarda tutilgan boʻlishi ham mumkin. hozir ham oʻsha yerda istiqomat qiladi.
7Oxoz Ossuriya shohi Tigʻlatpilasarga: “Men sizga qaramman#16:7 …sizga qaramman… — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …oʻgʻlingizman…., qulingizman, keling, menga hujum qilayotgan Oram va Isroil shohlarining qoʻlidan meni qutqaring”, deb elchilar joʻnatdi. 8Egamizning uyidagi va shoh saroyining xazinalaridagi oltinu kumushlarni Ossuriya shohiga hadya qilib yubordi.
9Ossuriya shohi Oxozning iltimosiga rozi boʻldi. Damashqqa hujum qilib, bu shaharni bosib oldi. Shahar aholisini Xirga surib chiqardi va shoh Ratanni oʻldirdi.
10Shoh Oxoz Ossuriya shohi Tigʻlatpilasar bilan uchrashish uchun Damashqqa borganda, u yerdagi qurbongohni koʻrdi. Qurbongohning rejasini hamma ikir–chikirlarigacha chizib, tayyorlab, ruhoniy Uriyoga yubordi. 11Shoh Oxoz Damashqdan qaytgunga qadar, ruhoniy Uriyo, u yuborganlari boʻyicha, aynan oʻshanday qurbongoh qurdi.
12Shoh Damashqdan qaytgach, yangi qurbongohni koʻrib, uning ustida qurbonliklar keltirish uchun bordi. 13Kuydiriladigan qurbonligini va don nazrini ado etdi, yangi qurbongoh ustiga sharob nazrini quydi, tinchlik qurbonligining qonini qurbongohga sepdi. 14Egamizga bagʻishlangan oldingi bronza qurbongoh yangi qurbongoh bilan Egamizning uyi orasida edi. Oxoz bronza qurbongohni bir chetga — oʻzi qurgan yangi qurbongohning shimol tomoniga koʻchirtirib tashladi. 15Soʻngra shoh Oxoz ruhoniy Uriyoga shunday farmon berdi: “Ertalabki kuydiriladigan qurbonlik bilan kechqurungi don nazrini, shohning kuydiriladigan qurbonligini va uning don nazrini, bundan tashqari, yurt xalqining kuydiriladigan qurbonligini, don nazrini va sharob nazrini mana shu katta qurbongoh ustida ado et. Kuydiriladigan qurbonlik bilan boshqa qurbonliklarning qonini shu qurbongohga sep. Kelajakda nima boʻlishi menga ayon boʻlishi uchun esa bronza qurbongohni saqla.” 16Ruhoniy Uriyo shoh Oxozning hamma farmonini bajardi.
17-18Shoh Oxoz Ossuriya shohini mamnun qilish uchun quyidagi ishlarni qildi: Xudoning uyidagi aravalarning yon toʻsiqlarini koʻchirtirib tashladi, bularning ustidagi togʻoralarni ham oldirdi. Bronzadan yasalgan buqalarning ustidan hovuzni#16:17-18 …aravalar…Bronzadan yasalgan buqalar…hovuz… — bu buyumlar Sulaymon hukmronlik qilgan davrda yasalgan edi. Bu buyumlarning batafsil bayoni 3 Shohlar 7:23-39 da berilgan. olib, toshdan qilingan toʻshama ustiga joylashtirdi. Egamizning uyi ichkarisida qurilgan va Shabbat kuni shoh foydalanadigan joyni, shoh tashqaridan kiradigan yoʻlakni oldirib tashladi.
19Oxozning boshqa ishlari “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 20Oxoz olamdan oʻtib, Dovud qalʼasida, ota–bobolari yoniga dafn etildi. Oʻrniga oʻgʻli Hizqiyo shoh boʻldi.
Currently Selected:
4 Shohlar 16: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020