YouVersion Logo
Search Icon

4 Shohlar 15

15
15–BOB
Yahudo shohi Uzziyo
1Yorubom Isroilda hukmronlik qilayotganiga yigirma yetti yil boʻlganda, Uzziyo#15:1 Uzziyo — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Ozariyo (shu bobning 6, 7, 8, 17, 23, 27–oyatlarida ham bor). Yahudo shohi boʻldi. Uzziyo Emoziyoning oʻgʻli edi. 2Uzziyo shoh boʻlganda, oʻn olti yoshda edi. U Quddusda ellik ikki yil hukmronlik qildi. Onasi Qudduslik boʻlib, ismi Yoxoliyo edi.
3Uzziyo ham, otasi Emoziyo kabi, Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi. 4Lekin sajdagohlar#15:4 sajdagohlar — 12:3 izohiga qarang. hamon yoʻq qilinmagan, xalq oʻsha joylarda hali ham qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi.
5Egamiz Uzziyoni jazolab, tuzalmas teri kasalligiga#15:5 teri kasalligi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan soʻzning tarjimasidir. 5:1 izohiga qarang. yoʻliqtirdi. Uzziyo umrining oxirigacha bir uyda yolgʻiz yashadi. Yurtdagi xalqni ham, shoh saroyini ham oʻgʻli Yoʻtom boshqarardi.
6Uzziyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 7Uzziyo olamdan oʻtib, Dovud qalʼasida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning oʻrniga oʻgʻli Yoʻtom shoh boʻldi.
Isroil shohi Zakariyo
8Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga oʻttiz sakkiz yil boʻlganda, Zakariyo Samariyada Isroil shohi boʻldi va olti oy hukmronlik qildi. Zakariyo Yorubomning oʻgʻli edi. 9U ham, otalari kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat oʻgʻli Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi.
10Shallum degan odam Zakariyoga qarshi fitna uyushtirdi. Shallum Yobosh deganning oʻgʻli edi. Hammaning oldida Zakariyoni oʻldirib, oʻrniga oʻzi shoh boʻldi. 11Zakariyoning boshqa ishlari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 12Shunday qilib, Egamizning Yohuga: “Sening nasling toʻrtinchi avlodigacha Isroil taxtida oʻtiradi”, deb aytgan vaʼdasi amalga oshdi#15:12 …Egamizning Yohuga…aytgan vaʼdasi amalga oshdi — Zakariyo Yohuning chevarasi edi (10:28-31 ga qarang)..
Isroil shohi Shallum
13Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga oʻttiz toʻqqiz yil boʻlganda, Shallum Isroil shohi boʻldi va Samariyada bir oy hukmronlik qildi. 14Manaxim degan odam Tirzadan#15:14 Tirza — Isroilning, yaʼni shimoliy shohlikning sobiq poytaxti (3 Shohlar 16:23-24 ga qarang). Samariyaga kelib, Shallumga suiqasd uyushtirdi. Manaxim Gadi deganning oʻgʻli edi. Manaxim Shallumni oʻldirib, oʻrniga oʻzi shoh boʻldi. 15Shallumning boshqa ishlari va u qilgan fitna haqida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 16Oʻshanda Tifsax aholisi taslim boʻlmagani uchun Manaxim Tirzadan joʻnab ketdi–da, borib Tifsax shahri va uning atrofidagi qishloqlarni qirdi. Hatto homilador ayollarning qorinlarini yorib tashladi.
Isroil shohi Manaxim
17Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga oʻttiz toʻqqiz yil boʻlganda, Gadi oʻgʻli Manaxim Isroil shohi boʻlgan edi. Manaxim Samariyada oʻn yil hukmronlik qildi. 18U Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat oʻgʻli Yeribom qilgan gunohlarga umri boʻyi ergashdi.
19Shundan keyin Ossuriya shohi Tigʻlatpilasar#15:19 Tigʻlatpilasar — ibroniycha matnda Pul, Tigʻlatpilasarning yana bir ismi. Tigʻlatpilasar miloddan oldingi 745-727 yillarda Ossuriyada hukmronlik qilgan. Isroil yerlariga hujum qildi. “Tigʻlatpilasar meni qoʻllab–quvvatlasin, oʻzim shoh boʻlib qolay” degan maqsadda Manaxim unga 2000 pud#15:19 2000 pud — ibroniycha matnda 1000 talant, taxminan 34 tonnaga toʻgʻri keladi. kumush berdi. 20Manaxim Isroildagi hamma boylarni odam boshiga ellik kumush tangadan#15:20 ellik kumush tanga — ibroniycha matnda ellik shaqal kumush, taxminan 600 grammga toʻgʻri keladi. toʻlashga majbur qilib, Ossuriya shohiga berilgan kumushning oʻrnini qopladi. Shundan soʻng Ossuriya shohi Isroil yerlaridan chiqib, yurtiga qaytib ketdi.
21Manaximning boshqa ishlari, uning butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 22Manaxim olamdan oʻtgach, oʻrniga oʻgʻli Pakaxiyo shoh boʻldi.
Isroil shohi Pakaxiyo
23Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga ellik yil boʻlganda, Pakaxiyo Samariyada Isroil shohi boʻldi va ikki yil hukmronlik qildi. Pakaxiyo Manaximning oʻgʻli edi. 24Pakaxiyo Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat oʻgʻli Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi.
25Pekax degan lashkarboshi Pakaxiyoga qarshi fitna uyushtirdi. Pekax Ramaliyo degan odamning oʻgʻli edi. Pekax yoniga Giladlik ellikta odamni olib, Samariyadagi shoh saroyining qalʼasida Pakaxiyoni, Argob va Oreyni oʻldirdi. Uning oʻrniga Pekaxning oʻzi shoh boʻldi.
26Pakaxiyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
Isroil shohi Pekax
27Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga ellik ikki yil boʻlganda, Pekax Samariyada Isroil shohi boʻldi va yigirma yil hukmronlik qildi. 28U Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat oʻgʻli Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi.
29Isroil shohi Pekax davrida Ossuriya shohi Tigʻlatpilasar#15:29 Tigʻlatpilasar — miloddan oldingi 745-727 yillarda hukmronlik qilgan. Bu oyatda tasvirlangan hodisalar taxminan miloddan oldingi 733 yilda roʻy bergan. bostirib kelib, Isroilning Iyxon, Ovil–Bayt–Maxo, Yonox, Kedesh, Xazor shaharlari bilan birga Gilad, Jalila va butun Naftali hududlarini qoʻlga kiritdi hamda bu yerlardagi xalqni Ossuriyaga asir qilib olib ketdi.
30Yahudo shohi Yoʻtom hukmronligining yigirmanchi yilida Xoʻsheya Pekaxga fitna uyushtirib, uni oʻldirdi va oʻrniga oʻzi shoh boʻldi. Xoʻsheya Elox deganning oʻgʻli edi.
31Pekaxning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.
Yahudo shohi Yoʻtom
32Isroil shohi Pekax hukmronlik qilayotganiga ikki yil boʻlganda, Yoʻtom Yahudo shohi boʻldi. Yoʻtom Uzziyoning oʻgʻli edi. 33Yoʻtom yigirma besh yoshida shoh boʻlib, Quddusda oʻn olti yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Yerusha boʻlib, u Zodoʻxning qizi edi.
34Yoʻtom, otasi Uzziyo kabi, Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi. 35Ammo sajdagohlar hamon yoʻq qilinmagan, xalq oʻsha sajdagohlarda qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi. Yoʻtom Egamiz uyining Yuqori Darvozasini qurdi.
36Yoʻtomning boshqa ishlari, butun faoliyati haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 37Oʻsha kunlarda Oram shohi Ratan bilan Isroil shohi Pekaxning Yahudoga hujum qilishlariga Egamiz yoʻl qoʻyib berdi. 38Yoʻtom olamdan oʻtib, bobosi Dovud qalʼasida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning oʻrniga oʻgʻli Oxoz shoh boʻldi.

Currently Selected:

4 Shohlar 15: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in