4 Shohlar 14
14
14–BOB
Yahudo shohi Emoziyo
1Isroil shohi Yohoʻsh#14:1 Yohoʻsh — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yoʻsh (shu bobning 23–oyatida ham bor). hukmronligining ikkinchi yilida Emoziyo Yahudo shohi boʻldi. Emoziyo Yoʻshning oʻgʻli edi. 2Emoziyo shoh boʻlganda, yigirma besh yoshda edi. U Quddusda yigirma toʻqqiz yil hukmronlik qildi. Onasi Qudduslik boʻlib, ismi Yohuvaddon edi.
3Emoziyo Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qilsa ham, bobosi Dovud kabi emasdi. U har qanday ishni otasi Yoʻsh kabi qildi. 4Shu boisdan sajdagohlar#14:4 sajdagohlar — 12:3 izohiga qarang. hamon yoʻq qilinmagan, xalq u yerlarda hali ham qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi.
5Emoziyo oʻz shohligini mustahkamlab olgandan keyin, otasini oʻldirgan aʼyonlarni yoʻq qildi. 6Biroq Musoning Tavrot kitobida yozilganiga koʻra, qotillarning bolalarini oʻldirmadi, chunki Egamiz: “Otalar farzandlarining gunohi uchun oʻldirilmasin, farzandlar otalarining gunohi uchun oʻldirilmasin, har kim oʻzining gunohi uchungina jazolansin”, deb amr qilgan edi#14:6 …Egamiz…amr qilgan edi — Qonunlar 24:16 ga qarang..
7Emoziyo Tuz vodiysida#14:7 Tuz vodiysi — Oʻlik dengizning janubidagi oʻlka. oʻn mingta Edom sipohini oʻldirdi. Sela shahrini jang qilib qoʻlga qiritdi va u yerga Yoxtal deb nom berdi. Oʻsha joy hozir ham shu nom bilan yuritiladi.
8Shundan soʻng Emoziyo Isroil shohi Yohoʻshga xabarchilar joʻnatib: “Qani, menga jang maydonida roʻbaroʻ kelib koʻr–chi”, dedi.
9Isroil shohi Yohoʻsh esa bunga javoban Yahudo shohi Emoziyoga shu xabarni joʻnatdi: “Lubnon togʻlarida bir gʻovtikan sadr daraxtiga, qizingni oʻgʻlimga xotinlikka ber, deb xabar yoʻllabdi. Oʻsha paytda bir yirtqich hayvon oʻsha yerdan oʻtib ketayotib, gʻovtikanni bosib yanchib ketibdi. 10Shunga oʻxshab, sen ham Edom xalqini magʻlub etganing uchun magʻrurlanib ketding, Emoziyo. Oʻsha shuhrating bilan kifoyalanib, uyingda oʻtiraver. Nima uchun qitmirlik qilyapsan? Oʻz boshingni ham, Yahudo xalqining boshini ham baloga giriftor qilyapsan!”
11Lekin Emoziyo quloq solmadi. Shuning uchun Isroil shohi Yohoʻsh Yahudo shohi Emoziyo ustiga yurish qildi. Ikkala tomonning lashkari Yahudoning Bayt–Shamash shahrida#14:11 Bayt–Shamash shahri — Quddusdan qariyb 24 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan edi. roʻbaroʻ keldi. 12Isroil lashkari Yahudo lashkarini magʻlub etdi. Yahudo lashkarining hammasi uylariga qochib ketdi. 13Isroil shohi Yohoʻsh Yahudo shohi Emoziyoni Bayt–Shamashda asir qilib oldi. Emoziyo Oxoziyoning nevarasi, Yoʻshning oʻgʻli edi. Soʻng Yohoʻsh Quddusga kelib, Quddus devorining Efrayim darvozasidan Burchak darvozasigacha boʻlgan 400 tirsak#14:13 400 tirsak — taxminan 180 metrga toʻgʻri keladi. qismini buzdirdi. 14Egamizning uyida va saroyning xazinalarida topilgan oltinu kumushni va ashyolarni tortib oldi. Bulardan tashqari, asirlarni ham olib, Samariyaga qaytib ketdi.
15Yohoʻshning boshqa ishlari, Yahudo shohi Emoziyo bilan jang qilganda koʻrsatgan qahramonliklari haqida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 16Yohoʻsh olamdan oʻtdi. U Samariyada ota–bobolari — Isroil shohlari yoniga dafn qilindi. Uning oʻrniga oʻgʻli Yorubom shoh boʻldi.
Yahudo shohi Emoziyoning oʻlimi
17Yahudo shohi Emoziyo Isroil shohi Yohoʻshning oʻlimidan keyin oʻn besh yil yashadi. 18Emoziyoning boshqa ishlari haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 19Quddusda Emoziyoga qarshi fitna uyushtirildi. Emoziyo bundan xabar topib, Laxish shahriga#14:19 Laxish shahri — Quddusdan qariyb 35 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan edi. qochdi. Ammo dushmanlari Emoziyoning ortidan odam yuborib, uni oʻsha yerda oʻldirtirdilar. 20Emoziyoning jasadini otda Quddusga olib keldilar. U Dovud qalʼasida, ota–bobolarining yoniga dafn qilindi. 21Soʻngra Yahudo xalqi oʻn olti yoshli Uzziyoni#14:21 Uzziyo — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Ozariyo. otasi Emoziyoning oʻrniga shoh qilib koʻtardilar. 22Otasi Emoziyo olamdan oʻtgach, Uzziyo Elet shahrini#14:22 Elet shahri — Sinay yarim orolining sharqida, Qizil dengizning shimoliy qirgʻogʻidagi bandargoh shahar. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi BANDARGOH soʻziga qarang. qaytadan Yahudo yerlariga qoʻshib olib, boshqatdan qurdi.
Isroil shohi Yorubom
23Yahudo shohi Emoziyo hukmronligining oʻn beshinchi yilida Yorubom Samariyada Isroil shohi boʻldi va qirq bir yil hukmronlik qildi. Yorubom Yohoʻshning oʻgʻli edi. 24U Egamiz oldida qabih ishlar qildi va Isroilni gunohga botirgan Nabat oʻgʻli Yeribom qilgan gunohlarga ergashdi.
25Yorubom Levo–Xomatdan#14:25 Levo–Xomat — yoki Xomat dovoni. Oʻlik dengizgacha#14:25 Oʻlik dengiz — ibroniycha matnda Araba dengizi. Araba umumiy geografik nom boʻlib, bu oyatda Oʻlik dengiz joylashgan choʻl yerlarni bildiradi. boʻlgan Isroil yerlarini qaytadan qoʻlga kiritdi. Zotan, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz Oʻz quli Yunus paygʻambar orqali bu toʻgʻrida aytgan edi. Yunus Amitay deganning oʻgʻli boʻlib, u Gat–Xafer shahridan edi.
26Egamiz Isroil xalqi tortayotgan nihoyatda ogʻir azoblarni koʻrdi. Bu yerda Isroilga yordam berishga qodir na qul, na ozod qolgan edi. 27Egamiz Isroil xalqi nomini yer yuzidan oʻchirishni istamagani uchun Yorubom orqali ularni qutqargan edi.
28Yorubomning boshqa ishlari, butun faoliyati, janglarda koʻrsatgan qahramonliklari, ilgaridan Yahudoga qarashli boʻlgan Damashq va Xomatni#14:28 …Yahudoga qarashli boʻlgan Damashq va Xomat… — bu oʻrinda ikkita shohlikka tegishli boʻlgan hudud haqida gap ketyapti. Bu hududlarning markazlari Damashq va Xomatda joylashgan edi. Ilgari, Dovud va Sulaymon hukmronligi davrida, bu joylar Yahudoga qarashli edi. qaytadan Isroil yerlariga qoʻshib olgani toʻgʻrisida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 29Yorubom olamdan oʻtib, ota–bobolari — Isroil shohlari yoniga dafn qilindi. Oʻrniga oʻgʻli Zakariyo shoh boʻldi.
Currently Selected:
4 Shohlar 14: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020