YouVersion Logo
Search Icon

4 Shohlar 13

13
13–BOB
Isroil shohi Yohuxoz
1Yahudo shohi Yoʻsh hukmronligining yigirma uchinchi yilida Yohuxoz Samariyada Isroil taxtiga oʻtirdi va oʻn yetti yil hukmronlik qildi. Yohuxoz Yohuning oʻgʻli edi. 2Yohuxoz Egamiz oldida qabih ishlar qildi va Isroilni gunohga botirgan Nabat oʻgʻli Yeribomning qilgan gunohlariga ergashdi. U qabih yoʻlidan aslo qaytmadi.
3Shuning uchun Egamiz Isroildan gʻazablandi va Isroil xalqini uzoq vaqt Oram shohi Xazayil bilan Xazayilning oʻgʻli Banhadadning qoʻliga berib qoʻydi. 4Shu sababdan Yohuxoz Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz uning iltijolarini eshitdi. Isroil xalqi chekkan azob–uqubatlarni, Oram shohi ularni siquvga olganini Egamiz koʻrib turardi. 5Egamiz Isroilga bir qutqaruvchi#13:5 …bir qutqaruvchi… — kim nazarda tutilgani maʼlum emas. yuborgandan keyin, ular Oram xalqining zulmidan xalos boʻldi va oldingiday tinchgina yashayverdi. 6Ammo xalq Yeribom xonadoni Isroilga olib kirgan gunohlarga ergashaverdi, bu gunohlardan qaytmadi. Asheraga#13:6 Ashera — Kanʼondagi xalqlar sajda qilgan hosildorlik xudosi boʻlib, ayol qiyofasida tasavvur qilingan. Uning erkak jufti Baal edi. Asheraning tasvirlari baland ustun shaklida boʻlib, yogʻochdan yasalgan edi. atalgan ustun hali ham Samariyada turgan edi. 7Oram shohi Yohuxozning lashkarini qirib, kulini koʻkka sovurgan edi. Yohuxozning ellikta otliq sipohi, oʻnta jang aravasi, oʻn mingta piyoda sipohidan boshqa kuchi qolmagan edi. 8Yohuxozning boshqa ishlari, butun faoliyati va uning qahramonliklari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 9Yohuxoz olamdan oʻtdi. U Samariyada ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning oʻrniga oʻgʻli Yohoʻsh#13:9 Yohoʻsh — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Yoʻsh (shu bobning 10, 12, 13, 14, 25–oyatlarida ham bor). shoh boʻldi.
Isroil shohi Yohoʻsh
10Yahudo shohi Yoʻsh hukmronligining oʻttiz yettinchi yilida Yohoʻsh Samariyada Isroil taxtiga oʻtirdi va oʻn olti yil hukmronlik qildi. Yohoʻsh Yohuxozning oʻgʻli edi. 11U Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Isroilni gunohga botirgan Nabat oʻgʻli Yeribom qilgan jamiki gunohlarga ergashdi, bu gunohlardan qaytmadi.
12Yohoʻshning boshqa ishlari, butun faoliyati, Yahudo shohi Emoziyo bilan jang qilganda koʻrsatgan qahramonliklari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 13Yohoʻsh olamdan oʻtib, Samariyada ota–bobolari — Isroil shohlari yoniga dafn qilindi. Oʻrniga oʻgʻli Yorubom shoh boʻldi.
Elishayning oʻlimi
14Elishay tuzalmas xastalikka yoʻliqqanda, Isroil shohi Yohoʻsh uni ziyorat qilgani borib: “Otam! Otam! — deb yigʻlagan edi. — Siz Isroilning qudratli himoyachisisiz–ku! Isroilning jang aravasi va otliq lashkari kabisiz!#13:14 Otam! Otam! …Siz Isroilning qudratli himoyachisisiz–ku! Isroilning jang aravasi va otliq lashkari kabisiz! — Elishay shu soʻzlar bilan Ilyosga murojaat qilgan edi (2:12 ga qarang). Bizni tashlab ketmang!”
15Oʻshanda Elishay shohga: “Yoying bilan oʻqlaringni ol!” dedi. Shoh yoyi bilan oʻqlarini oldi. 16Elishay: “Yoyni hozirla!” deb shohga buyurdi. Shoh yoyni hozirlagach, Elishay qoʻllarini shohning qoʻllari ustiga qoʻydi. 17Soʻngra unga: “Sharq tomondagi derazani och!” deb buyurdi. Shoh derazani ochgandan keyin, Elishay: “Oʻqni ot!” dedi. Shoh oʻqni otdi.
— Bu oʻq Egamiz beradigan najot alomatidir, u seni Oram lashkari ustidan zafarga erishtiradi, — dedi Elishay. — Sen Oram lashkarini Ofoqda yoʻq qilasan.
18Keyin Elishay shohga: “Qolgan oʻqlarni ol!” deb buyurdi. Isroil shohi oʻqlarni olgach, Elishay unga: “Oʻqlarni yerga ur!” dedi. Shoh oʻqlarni uch marta yerga urib, toʻxtab qoldi. 19Shunda paygʻambar shohdan achchiqlandi:
— Besh–olti marta urishing lozim edi, oʻshanda Oram lashkarini tamomila magʻlub qilgan boʻlarding. Endi esa ularni uch martagina magʻlub etasan, xolos.
20Shundan keyin Elishay vafot etdi, uni dafn qildilar. Har yili bahorda Moʻabdan bosqinchilar Isroil yerlariga bostirib kelardi. 21Bir safar Isroil odamlari bir marhumni dafn qilayotgan edilar, Moʻablik bosqinchilarni koʻrdilar–u, jasadni Elishayning xilxonasiga tashlab qochdilar. Jasad Elishayning suyaklariga tekkanda tirilib ketdi va oyoqqa turdi.
Isroil bilan Oram oʻrtasidagi urush
22Oram shohi Xazayil Yohuxozning butun shohligi davrida Isroil xalqiga zulm oʻtkazib kelgan edi. 23Ammo Egamiz Isroil xalqiga rahm–shafqat koʻrsatib, Ibrohim, Isʼhoq va Yoqub bilan qilgan ahdiga koʻra, Isroil xalqiga yuz burgan edi. Egamiz hozirgacha#13:23 …hozirgacha… — shu kitob yozilgan vaqtga ishora. Isroil xalqini Oʻz huzuridan quvib chiqarmadi va ularning qirilib ketishiga yoʻl qoʻymadi.
24Oram shohi Xazayil vafot etgach, oʻrniga oʻgʻli Banhadad shoh boʻldi. 25Soʻngra Yohoʻsh otasi Yohuxoz shohligi davrida boy bergan shaharlarni Xazayilning oʻgʻli Banhadaddan qaytarib oldi. Banhadadni uch marta magʻlub qilib, Isroil shaharlariga boshqatdan egalik qildi.

Currently Selected:

4 Shohlar 13: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in