YouVersion Logo
Search Icon

2 Solnomalar Kirish

Kirish
“Solnomalar (ikkinchi kitob)”da Isroil tarixining davomi bayon qilinadi. Garchi “Solnomalar (birinchi kitob)” va “Solnomalar (ikkinchi kitob)”larda “Shohlar” kitoblaridagi koʻp voqealar takrorlansa ham, Isroil tarixi “Shohlar” kitoblaridagiga qaraganda, bir oz boshqacharoq nuqtayi nazardan yoritiladi. Mazkur kitobda asosiy eʼtibor shoh Sulaymonga, u qurgan Maʼbadga va Maʼbaddagi sajda marosimlariga qaratiladi.
“Solnomalar (birinchi kitob)” va “Solnomalar (ikkinchi kitob)”ning asl nusxasi bitta ibroniycha kitob boʻlib, ikkala qismni bitta oʻramga joylash uzunlik qilgani uchun, kitob ikki qismga — “Solnomalar (birinchi kitob)” va “Solnomalar (ikkinchi kitob)”ga boʻlingan.
“Solnomalar (ikkinchi kitob)” shoh Sulaymonning hukmronligi tarixi bilan boshlanadi. Soʻngra miloddan oldingi 586 yilda Quddus shahrining qulashigacha Yahudo va Isroil shohliklarida yuz bergan voqealar hikoya qilinadi.
Shoh Sulaymon Isroilning dono shohi sifatida dong taratadi. “Solnomalar (ikkinchi kitob)”ning dastlabki qismida (1-9–boblar) Sulaymon hukmronligi davridagi voqealar, xususan, Quddusdagi Maʼbadning qurilishi, Xudoga bagʻishlanishi va ilk sajda marosimlari haqida bayon qilinadi.
Kitobning ikkinchi qismi (10-36–boblar) Isroildagi shimoliy qabilalarning isyoni bilan boshlanadi. Bu qabilalar oʻzlari mustaqil davlat tuzib, Xudoga sajda qilish uchun Quddusdagi Maʼbadga bormay qoʻyadilar. Natijada, mamlakat ikkita alohida shohlikka — janubda Yahudo shohligiga va shimolda Isroil shohligiga boʻlinib ketadi. Kitobning bu qismida Quddusning qulashi va vayron boʻlishigacha yuz bergan voqealar bayon qilinadi. Mazkur kitob, “Shohlar (uchinchi kitob)” va “Shohlar (toʻrtinchi kitob)”dan farqli ravishda, Isroil, yaʼni shimoliy shohlik toʻgʻrisida kam maʼlumot beradi. “Solnomalar (ikkinchi kitob)”da yozilishicha, Isroil xalqi Xudodan yuz oʻgirib, koʻp gunoh qilgan. Shuning uchun ularning tarixi bayon qilinishga arzimas edi. Mazkur kitobda butun eʼtibor Maʼbaddagi sajda marosimlarini tiklagan shohlarga qaratiladi.
“Solnomalar (ikkinchi kitob)”da, xuddi “Solnomalar (birinchi kitob)”dagi singari, Xudoga toʻgʻri yoʻllar bilan sajda qilish muhimligiga katta eʼtibor beriladi. Yahudo shohlari Hizqiyo va Yoʻshiyo Xudoga boʻlgan sadoqati, qonunga itoatkorligi va amalga oshirgan islohotlari tufayli yuksak obroʻga sazovor boʻlgan shohlar hisoblanadi.
Mazkur kitobda Quddusning vayron boʻlishi va Yahudo xalqi Bobilga asir qilib olib ketilishi toʻgʻrisida ham hikoya qilinadi. Yahudo xalqiga berilgan umid vaʼdasi kitobga yakun yasaydi. Fors shohi Kurush#Fors shohi Kurush — Kir ismi bilan ham tanilgan boʻlib, miloddan oldingi 539-530 yillarda Bobilda hukmronlik qilgan. asirlarga Yahudoga qaytishlari uchun ijozat berib, ularga Maʼbadni qayta qurishni buyuradi. Maʼbad Yahudo xalqi orasidagi Xudoning huzurini bildirib, oʻtmish va kelajakni bogʻlab turadigan rishta boʻlib xizmat qiladi.

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in