2 Solnomalar 23
23
23–BOB
Otaliyoga qarshi isyon
1Yettinchi yili ruhoniy Yohayido qoʻrqmay harakatga tushdi. U quyidagi yuzboshilar bilan ahd qildi: Yeroxam oʻgʻli Ozariyo, Yohuxanon oʻgʻli Ismoil, Obid oʻgʻli Ozariyo, Odayo oʻgʻli Masiyo va Zixri oʻgʻli Elishafat. 2Ular Yahudo yurtini kezib chiqdilar, Yahudoning hamma shaharlaridan levilarni va Isroil urugʻboshilarini yigʻib, Quddusga olib keldilar. 3Kelganlarning hammasi Xudoning uyiga yigʻilib, oʻsha yerda shoh bilan ahd qildilar. Yohayido ularga shunday dedi:
— Mana shohning oʻgʻli! Egamizning Dovud oʻgʻillari haqida bergan vaʼdasiga muvofiq, bu oʻgʻil hukmronlik qilsin. 4Endi sizlar bunday qilasizlar: Shabbat kuni xizmat qiladigan ruhoniy va levilarning uchdan bir qismi darvozalarni qoʻriqlasin. 5Uchdan biri — shohning uyida, uchdan biri esa Asos darvozasida boʻlsin. Xalq ommasi Egamiz uyining hovlilarida tursin. 6Egamizning uyiga ruhoniylar bilan xizmatdagi levilardan boshqa hech kim kirmasin. Faqat ular kira oladilar, chunki ular muqaddasdirlar. Qolgan odamlar Egamizning koʻrsatmalariga rioya qilib, tashqarida qolsinlar. 7Levilar qoʻlida quroli bilan shohni har tomondan oʻrab olsinlar, Egamizning uyiga kim kirsa oʻldirilsin. Shoh kirganda ham, chiqqanda ham, unga hamroh boʻlinglar.
8Levilar va butun Yahudo xalqi ruhoniy Yohayidoning amrlarini soʻzsiz bajardilar. Har bir yuzboshi Shabbat kuni xizmatini boshlagan va xizmatini tugatgan qoʻriqchilarini olib qoldi, chunki oʻsha kuni Yohayido qoʻriqchilarining birorta boʻlinmasiga ketishga ijozat bermagan edi. 9Ruhoniy Yohayido Xudoning uyida turgan shoh Dovudning nayzalarini hamda katta va kichik qalqonlarini yuzboshilarga tarqatdi. 10Shohni qoʻriqlash uchun uyning janub tomonidan shimol tomonigacha, qurbongohning va uyning atrofiga odamlarni jangga shay holda joylashtirdi. 11Yohayido Yoʻshni tashqariga olib chiqib, boshiga toj kiydirdi. Unga shohlik qonunlarini#23:11 shohlik qonunlari — yoki shohlik muhri. Bu oʻrinda ishlatilgan ibroniycha soʻz qonunlarning bir nusxasini (Qonunlar 17:18-19 ga qarang) yoki shohlik muhri boʻlgan uzukni bildiradi. Bunday muhr shoh hokimiyatining ramzi edi. berdi. Yoʻsh shoh deb eʼlon qilindi. Yohayido va uning oʻgʻillari Yoʻshning boshiga moy surtishdi, soʻngra: “Shohimizning umrlari uzoq boʻlsin!” deya hayqirishdi.
Otaliyo oʻldiriladi
12Otaliyo yugurayotgan va shohni olqishlayotgan xalqning shovqin–suronini eshitgach, Egamizning uyiga, u yerda yigʻilganlarning yoniga bordi. 13Qarasaki, odatga koʻra, Egamizning uyiga kiraverishdagi ustun oldida shoh turibdi, shohning atrofini lashkarboshilar, karnaychilar oʻrab olgan. Yurtning butun xalqi shod–xurram, karnay chalyapti, qoʻshiqchilar musiqa asboblari joʻrligida bayram oʻtkazyapti. Shunda Otaliyo gʻazabdan liboslarini yirtib: “Xoinlik! Xoinlik!” deb baqirdi. 14Ruhoniy Yohayido yuzboshilarni chaqirib: “U xotinni bu yerdan olib chiqib ketinglar, kimki unga ergashsa, qilichdan oʻtkazinglar”, deb buyruq berdi. Ruhoniy oʻsha ayolning Egamiz uyida oʻldirilishini istamadi. 15Otaliyo ushlandi va saroyning Ot darvozasiga keltirilib, oʻsha yerda qatl qilindi.
Ruhoniy Yohayidoning islohotlari
16Ruhoniy Yohayido xalq, shoh va Egamiz orasida “Biz Egamizning xalqi boʻlamiz” deb ahd tuzdi. 17Soʻng butun xalq Baalning uyiga borib, uni buzib tashladi, u yerdagi qurbongohlarni va Baalning tasvirlarini sindirdi, Baalning ruhoniysi Mattonni esa qurbongohlarning roʻparasida oʻldirdi.
18Yohayido Dovud bergan koʻrsatmalarga rioya qilgan holda, Egamiz uyining nazoratini levi ruhoniylariga topshirdi. Ularga, Musoning qonunida yozilganiday, Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar keltirishni va Dovud amr etganday, shod–xurramlik bilan qoʻshiq aytishni buyurdi. 19Hech kim Egamizning uyiga harom boʻlib kirmasin deb, darvozaga soqchilarni joylashtirdi. 20Soʻngra yuzboshilarni, aslzodalarni, xalq yoʻlboshchilarini va jamiki xalqni yoniga olib, shohni Egamizning uyidan olib chiqdi. Ular Yuqori darvozadan oʻtib, shohni saroyga olib keldilar va taxtga oʻtqazdilar 21Otaliyo oʻldirilgani uchun yurt xalqi sevindi. Quddus osoyishta boʻlib qoldi.
Currently Selected:
2 Solnomalar 23: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020