2 Solnomalar 13
13
13–BOB
Abiyo bilan Yeribom oʻrtasidagi urush
1Isroil shohi Yeribom hukmronlik qilayotganiga oʻn sakkiz yil boʻlganda, Abiyo Yahudoga shoh boʻldi. 2U Quddusda uch yil shohlik qildi. Onasining ismi Maxo#13:2 Maxo — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Mixiyo. Uning Maxo degan shakli 3 Shohlar 15:2 dan olingan (yana 11:20 ga qarang). boʻlib, Givolik Uriyolning qizi edi.
Abiyo bilan Yeribom oʻrtasida urush boʻldi. 3Abiyo saralangan odamlardan tashkil topgan 400.000 nafar botir jangchisini urushga boshladi. Yeribom esa Abiyoga qarshi 800.000 nafar saralangan bahodir jangchini saf torttirdi. 4Abiyo Efrayim qirlaridagi Zamorayim togʻi yon bagʻriga chiqib, gapirdi:
“Ey Yeribom va butun Isroil xalqi, gapimni eshiting! 5Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shoh Dovud bilan qatʼiy ahd tuzib, Isroil ustidan hukmronlik qilishni to abad unga va uning nasliga topshirgan. Nahotki buni bilmasangiz?! 6Shunday boʻlsa–da, Nabat oʻgʻli Yeribom Dovud oʻgʻli Sulaymonning xizmatida boʻla turib, oʻz xoʻjayiniga qarshi bosh koʻtardi. 7Atrofiga bir guruh allaqanday yaramas odamlarni toʻplab, Sulaymon oʻgʻli Raxabomga qarshi fitna uyushtirdi. Raxabom oʻsha paytda yosh, tajribasiz boʻlgani uchun ularga qarshilik koʻrsata olmadi.
8Endi esa sizlar Dovud nasli qoʻlidagi Egamizning shohligiga qarshi urush qilmoqchisizlar. Ha, sizlar koʻpchiliksiz. Yeribom xudolar sifatida yasattirib bergan oltin buzoqlar#13:8 Yeribom…yasattirib bergan oltin buzoqlar… — 3 Shohlar 12:26-30 ga qarang. ham yoningizda. 9Sizlar Horunning naslidan boʻlgan Egamizning ruhoniylarini va levilarni quvib yubordingizlar. Begona xalqlardan oʻrnak olib, oddiy odamlarni ruhoniy qilib tayinladingizlar. Qoyil–e! Yosh buqasi yoki yettita qoʻchqori boʻlgan har kim soxta xudolaringizga ruhoniylik qila oladi–ya!
10Lekin Xudoyimiz Egamizdir, biz Undan yuz oʻgirmadik. Egamizga xizmat qilayotgan ruhoniylarimiz Horun naslidandir. Levilar ularga xizmatda yordam berishyapti. 11Ular har kuni ertalab va kechqurun Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar atashadi, xushboʻy tutatqilar tutatishadi, poklangan xontaxtaga muqaddas nonlar qoʻyishadi, har oqshom oltin chiroqpoyadagi moychiroqlarni yoqishadi. Ha, biz Egamiz Xudoning talablarini bajaramiz, sizlar esa Uni tark etdingizlar. 12Xudo biz bilan birgadir, U bizning yoʻlboshchimizdir. Uning ruhoniylari karnaylar chalib, sizlarga qarshi jangga daʼvat qiladi. Ey Isroil xalqi! Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamizga qarshi jang qilmang, siz baribir muvaffaqiyatga erishmaysiz!”
13Shu orada Yeribom bildirmay sipohlarining bir qismini Yahudo lashkarining orqa tomoniga pistirma qoʻyish uchun joʻnatdi. Sipohlarining asosiy qismi esa Yahudo lashkarining old tomonida saf tortgan edi. 14Yahudo lashkari qarashsa, qurshovda qolishibdi. Ular Egamizdan yordam soʻrab yolvorishdi, ruhoniylar karnaylarini chalishdi. 15Yahudo lashkari ovozi boricha hayqirishdi. Ularning jangovar hayqirigʻi ostida Xudo Yeribomni hamda butun Isroil lashkarini Abiyo va Yahudo xalqi oldida magʻlub qildi. 16Isroil lashkari Yahudo lashkari oldiga tushib qochishdi. Xudo Isroil lashkarini Yahudo lashkarining qoʻliga berdi. 17Abiyo va uning lashkari ularga ogʻir talafot yetkazdilar. Isroil lashkarining 500.000 nafar saralangan sipohi qurbon boʻldi. 18Yahudo lashkari ota–bobolarining Xudosi — Egamizga tayangani uchun jangda Isroil lashkarini magʻlub qilib, gʻalabaga erishgan edi.
19Abiyo Yeribomni taʼqib qilib, Baytil, Yashono va Efroʻn shaharlarini hamda oʻsha shaharlar atrofidagi qishloqlarni qoʻlga kiritdi. 20Yeribom Abiyo davrida oldingi qudratini tiklay olmadi. Egamiz shoh Yeribomning jonini olib, uni halok qildi.
21Abiyo esa kuchayib boraverdi. U oʻn toʻrtta xotinga uylanib, yigirma ikkita oʻgʻil va oʻn oltita qiz koʻrdi.
22Abiyoning boshqa ishlari, uning faoliyati va tutgan yoʻllari Yiddo paygʻambarning tarixida bayon etilgan.
Currently Selected:
2 Solnomalar 13: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020