YouVersion Logo
Search Icon

1 Shohlar 1

1
1–BOB
Elqana va uning Shiloʻdagi oilasi
1Efrayim qirlarida joylashgan Rama#1:1 Rama — ibroniycha matnda Ramatayim. Rama Ramatayimning qisqa shakli (shu bobning 19–oyatiga qarang). shahrida bir odam yashardi. Uning ismi Elqana boʻlib, Efrayim qabilasining Zuf urugʻidan boʻlgan Yeroxam deganning oʻgʻli edi. Yeroxam — Elixuning oʻgʻli, Elixu — Toʻxuning oʻgʻli, Toʻxu — Efrayim qabilasiga mansub boʻlgan Zufning oʻgʻli edi. 2Elqananing Xanna va Paninna ismli ikki xotini boʻlib, Paninnaning bolalari bor edi–yu, Xanna befarzand edi.
3Elqana har yili Sarvari Olamga sajda qilib, qurbonlik keltirmoq uchun oʻz shahridan Shiloʻga#1:3 Shiloʻ — Quddusdan qariyb 32 kilometr shimolda joylashgan bu shahar Isroil xalqi sajda qiladigan asosiy joy boʻlib qolgan edi. borardi. Shiloʻda Elax degan odamning Xoʻfnax va Finxaz degan ikki oʻgʻli boʻlib, ular Egamizning ruhoniylari edilar.
4Elqana qurbonlik qilgan kuni xotini Paninnaga, oʻgʻillari bilan qizlariga bir ulushdan#1:4 bir ulush — baʼzi qurbonliklar olovda butunlay kuydirilmasdan, maʼlum bir qismi kuydirilar, bir qismi esa ruhoniylarga berilar edi. Qolganini qurbonlik keltirgan odamning oila aʼzolari va mehmonlari tanovul qilishardi (Levilar 3:1-17, 7:11-18 ga qarang). bersa, 5Xannaga esa yaxshi joyidan bir ulush berardi#1:5 …yaxshi joyidan bir ulush berardi — yoki …ikki ulush berardi.. Chunki Egamiz Xannani bepusht qilib qoʻygan boʻlsa ham, Elqana uni yaxshi koʻrardi. 6Xannani Egamiz befarzand qilib qoʻygani uchun, kundoshi Paninna Xannaga qattiq ozor berib xafa qilardi. 7Har yili Xanna Egamizning uyiga#1:7 Egamizning uyi — Isroil xalqi Egamizga sajda qiladigan asosiy joy Shiloʻdagi Muqaddas chodir edi. Bu paytda Quddusdagi Maʼbad hali qurilmagan edi. borganda ham shu voqea yuz berardi: Xannani kundoshi xafa qilar, u esa yigʻlab hech narsa yemasdi. 8Eri Elqana esa:
— Xanna, nega yigʻlayapsan, nimaga ovqat yemayapsan? — derdi. — Nimaga bu qadar gʻamginsan? Sen uchun men oʻnta oʻgʻildan ham afzal emasmanmi?!
Xanna va ruhoniy Elax
9Bir kuni ular Shiloʻda yeb–ichib boʻlganlaridan keyin, Xanna oʻrnidan turdi. Ruhoniy Elax Egamizning uyi eshigi yonidagi kursida oʻtirgan edi. 10Xanna dili xufton, achchiq–achchiq yigʻlab, Egamizga ibodat qilib, 11shunday vaʼda berdi:
— Ey Sarvari Olam! Shu choʻringning qaygʻusiga nazar solib, uni yodga olsang, choʻringni unutmay, unga bir oʻgʻil ato etsang, oʻsha oʻgʻlimni umrbod Senga nazr qilgan boʻlardim#1:11 …oʻsha oʻgʻlimni umrbod Senga nazr qilgan boʻlardim — ibroniycha matnda alohida bir soʻz ishlatilgan boʻlib, bu soʻz Xudoga xizmat qilish uchun maxsus vaʼda bergan odamni bildiradi. Baʼzi insonlar maxsus vaʼda berib, oʻzlarini birmuncha vaqt Xudoning xizmatiga bagʻishlar edilar. Baʼzi birovlar esa tugʻilgan paytlaridanoq shu vaʼda orqali Xudoga bagʻishlanganlar. Tavrot qonuniga koʻra, oʻzini Xudoga butunlay bagʻishlab, nazr qilgan odam sharob yoki may ichmasligi, sochini qirqmasligi, murdaga tegmasligi kerak edi (Sahroda 6:1-8, 21 ga qarang)., uning boshiga ustara tegmasdi.
12Xanna Egamiz huzurida uzoq vaqt ibodat qildi. Elax esa uning ogʻziga qarab turardi. 13Xanna ichida gapirar, ovozi eshitilmas, faqat lablari qimirlardi. Shuning uchun Elax Xannani mast boʻlsa kerak, deb oʻyladi:
14— Qachongacha sarxush boʻlib yurasan?! Endi sharobdan voz kech! — dedi.
15— Yoʻq, unday emas, hazratim, — dedi Xanna. — Men koʻngli gʻamga toʻla bir ayolman. Na sharob ichganman, na boʻza. Faqat yuragimdagini Egamga toʻkib solyapman. 16Bu choʻringizni allaqanday yaramas xotin deb oʻylamang. Gʻam–qaygʻularim koʻpligidan, shu paytgacha ibodat qilyapman.
17— Eson–omon bor, — dedi Elax. — Isroil xalqining Xudosi tilagingni bajo keltirsin.
18— Men, choʻringizni iltifotingizga sazovor biling, — dedi Xanna. Soʻng borib ovqat yedi, endi chehrasi gʻamgin emas edi.
Shomuil tugʻiladi va Xudoga bagʻishlanadi
19Ertasiga Elqana oilasi bilan tong saharda turib, Egamizga sajda qilishdi. Keyin Ramaga — uylariga qaytib kelishdi. Elqana xotini Xanna bilan qovushdi. Egamiz Xannaga marhamat qildi. 20Xanna homilador boʻldi va vaqt–soati yetib oʻgʻil tugʻdi. “Uni Egamizdan tilab oldim”, deb otini Shomuil#1:20 Shomuil — ibroniychadagi maʼnosi Xudodan tilab oldim yoki Xudo eshitdi. qoʻydi.
21Elqana Egamizga atab yillik qurbonlik marosimini oʻtkazish va vaʼdasini ado etish uchun oilasi bilan birga Shiloʻga bordi. 22Xanna bu safar bormadi. U eriga:
— Goʻdak koʻkrakdan chiqqandan keyin#1:22 Goʻdak koʻkrakdan chiqqandan keyin… — u vaqtda bolalar odatda ikki yoshlarda koʻkrakdan chiqarilar edi. olib boraman, u Egamizning huzurida boʻlib, Unga xizmat qiladi, umr boʻyi oʻsha yerda qoladi, — dedi.
23— Senga nima maʼqul boʻlsa, shunday qilaver, — dedi Elqana. — Goʻdak koʻkrakdan chiqquncha shu yerda boʻl. Egamiz Oʻz vaʼdasini bajo qilsin#1:23 Egamiz Oʻz vaʼdasini bajo qilsin — ibroniycha matndan. Qumron qoʻlyozmalarida, qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalarda Egamiz sening ogʻzingdan chiqqan soʻzni barqaror qilsin..
Xanna uyda qolib, oʻgʻli koʻkrakdan chiqquncha, uni emizdi. 24Kichkintoy koʻkrakdan chiqdi. Soʻng Xanna uch yoshli buqa#1:24 uch yoshli buqa — Qumron qoʻlyozmalaridan, qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matnda uchta buqa., bir togʻora#1:24 bir togʻora — ibroniycha matnda bir efa, taxminan 22 litrga toʻgʻri keladi. un va bir mesh sharob olib, oʻgʻlini Egamizning Shiloʻdagi uyiga olib keldi. Bola hali yosh edi. 25Buqani soʻyishgandan keyin, bolani Elaxning oldiga olib kelishdi.
26— Ey hazrat, meni eslaysizmi? — dedi Xanna. — Shu yerda, huzuringizda turib Egamga ibodat qilgan oʻsha ayol menman. 27Men mana shu bola uchun Egamga iltijo qilgan edim, Egam tilagimni bajo qildi. 28Shuning uchun uni Egamga bagʻishladim, umr boʻyi Unga atalgan boʻlsin, dedim.
Ular#1:28 ular — qadimiy suryoniycha tarjimadan. Ibroniycha matnda u. shu yerda Egamizga sajda qildilar.

Currently Selected:

1 Shohlar 1: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

YouVersion uses cookies to personalize your experience. By using our website, you accept our use of cookies as described in our Privacy Policy