1 Butrus 5
5
5–BOB
Oqsoqollarga va yoshlarga nasihat
1Ey jamoat oqsoqollari, endi sizlarga bir nasihatim bor. Men ham sizlarga oʻxshagan oqsoqolman. Masih chekkan azoblari haqida shahodat beruvchi va Uning zohir boʻladigan ulugʻvorligining ishtirokchisi sifatida men sizlardan oʻtinaman: 2Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. Bu xizmatni majburiyat yuzasidan emas, balki chin koʻngildan, Xudoga manzur tarzda bajaringlar. Shunchaki pulparastlik maqsadida emas, samimiyat bilan ijro etinglar. 3Qoʻlingiz ostidagi suruvga oʻz hukmingizni oʻtkazmay, ularga oʻrnak boʻlinglar. 4Ana shunda, Bosh Choʻponimiz — Masih zohir boʻlganda, sizlarga soʻlmas, ulugʻvorlik toji beriladi.
5Ey yoshlar, oqsoqollarga itoat etinglar. Hammangiz — yoshmisiz, qarimisiz, oʻzingizni kamtar tutib, bir–biringizga xizmat qilinglar. Zero, “Xudo magʻrurlarga qarshi chiqadi, kamtarlarga esa inoyat koʻrsatadi.”#5:5 Muallif bu oʻrinda Hikmatlar 3:34 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan. 6Shunday ekan, Xudoning qudratli qoʻli ostida oʻzingizni past tutinglar. U Oʻz vaqtida sizlarni yuksaltiradi. 7Barcha tashvishingizni Xudoga topshiringlar, chunki U hamisha sizlarga gʻamxoʻrlik qiladi.
8Hushyor va bedor boʻlinglar! Dushmaningiz boʻlgan iblis sherday boʻkirib, birovni yutib yuborish uchun izgʻib yuribdi. 9Iblisga mustahkam imon bilan qarshi turinglar. Shuni bilinglarki, butun dunyodagi imonli birodarlaringiz sizlar kabi, azoblarga duchor boʻlmoqdalar. 10Garchi sizlar bu qisqa hayotda azob chekib yashasangizlar ham, Xudoning Oʻzi sizlarga madad berib, barchangizni barkamol, sabotli, kuch–qudratli va mustahkam qiladi. Axir, inoyatga boy Xudo Iso Masih orqali sizlarni Oʻzining abadiy ulugʻvorligiga sherik qilish uchun daʼvat etgan. 11Qudratli Xudoga abadulabad hamdlar boʻlsin. Omin.
Soʻnggi salomlar
12Men bu qisqa maktubimni Silasning#5:12 Silas — yunoncha matnda bu ismning boshqa varianti Silvanus. Silas ilk jamoatning yetakchisi boʻlib, havoriy Pavlusning Xushxabar yoyish maqsadida qilgan ikkinchi safarida unga hamroh edi (Havoriylar 15:22, 32, 36-41 ga qarang). yordami bilan yozdim. Uni ishonchli birodar deb bilaman. Maktubimda sizlarga nasihat qilib, Xudoning haqiqiy inoyati haqida yozdim. Imonda sobit qolishingiz uchun Uning bu inoyatiga tayaninglar.
13Sizlar kabi Bobildagi#5:13 Bobil — Eski Ahd davrida Bobil shahri qudratli imperiyaning poytaxti edi. Xudoning xalqi u yerga surgun qilingan. Ushbu kitob yozilgan paytda imonlilar Bobil nomini baʼzan Rimga nisbatan ishlatar edilar. Rim oʻsha davrda hukmron boʻlgan imperiyaning poytaxti edi. Butrus bu nomni ramziy maʼnoda ishlatayotgan boʻlishi mumkin. Anʼanaga koʻra, Butrus umrining soʻnggi yillarini Rimda oʻtkazgan va oʻsha yerda imoni uchun qatl qilingan. tanlangan imonlilar jamoati va menga oʻgʻilday boʻlib qolgan Mark#5:13 Mark — Mark bayon etgan muqaddas Xushxabarning muallifi. Mark havoriy Butrusning hamkori boʻlgan va uning taʼlimoti va vaʼzlariga asoslangan holda Xushxabarni bayon qilgan. U Quddus shahridan edi (Havoriylar 12:12, 25, 13:5, 15:37-39, 2 Timoʻtiy 4:11 ga qarang). sizlarga salom yoʻllamoqdalar.
14Bir–biringizga mehr–muhabbat koʻrsatib, oʻpishib koʻrishinglar. Masihga tegishli boʻlgan hammalaringiz tinch–omon boʻlinglar#5:14 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻz oyatga qoʻshimcha qilingan: omin..
Currently Selected:
1 Butrus 5: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020