YouVersion Logo
Search Icon

3 Shohlar 17

17
17–BOB
Ilyos va qurgʻoqchilik
1Giladning#17:1 Gilad — Iordan daryosining sharq tomonidagi oʻlka. Tishba shahridan boʻlgan Ilyos Axabga dedi:
— Men xizmat qilayotgan Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shohid! Men aytmagunimcha, shu yillarda na shudring tushadi, na yomgʻir yogʻadi#17:1 …na shudring tushadi, na yomgʻir yogʻadi — ob–havoni nazorat qiluvchi Baal emas (16:31-32 ga qarang), balki Isroil xalqining Xudosi — Egamiz ekanligini isbotlash uchun aytilgan..
2Ilyosga Egamiz shu soʻzlarni ayon qildi:
3— Bu yerdan ket, sharq tomonga bor. Iordan daryosi sharqidagi Xarit jilgʻasi yonida berkinib ol. 4Sen oʻsha jilgʻaning suvidan ichasan, qargʻalarga amr berdim: ular seni boqishadi.
5Ilyos Egamizning amriga binoan, bu yerdan ketdi. Iordan daryosining sharqidagi Xarit jilgʻasiga borib, oʻsha yerda qoldi. 6Qargʻalar unga ertalab ham, kechqurun ham non va goʻsht olib kelishar, oʻzi esa jilgʻaning suvidan ichardi. 7Butun yurt boʻylab yomgʻir yogʻmadi, oradan bir necha kun oʻtgach, jilgʻa ham qurib qoldi.
Ilyos va Zorafatlik beva ayol
8Keyin Ilyosga Egamiz shu soʻzlarni ayon qildi:
9— Tur oʻrningdan! Sidondagi Zorafat shahriga#17:9 Zorafat shahri — Sidondan (16:31 izohiga qarang) qariyb 15 kilometr janubda joylashgan. borib, oʻsha yerda yasha. Shu shaharda yashaydigan bir beva ayolga amr etdim, u seni boqadi.
10Ilyos Zorafatga joʻnadi. Shahar darvozasi oldiga yetib borgach, qarasa, bir ayol oʻtin terib yuribdi. Ilyos ayolni chaqirib, unga dedi:
— Iltimos, menga ichgani idishda ozgina suv bersangiz.
11Ayol suvga ketayotgan edi, uni yana chaqirib aytdi:
— Iltimos, menga bir burda non ham ola keling.
12Ayol dedi:
— Egangiz Xudo shohid! Uyimda non uvogʻi ham yoʻq, faqat xumda bir hovuch un va xurmachada ozgina zaytun moyi bor, xolos. Ikki–uchta tarasha oʻtin terib olsam, borib, oʻzim va oʻgʻlim uchun nimadir tayyorlagan boʻlardim. Bu oxirgi yeguligimiz boʻladi. Balki keyin oʻlib ketarmiz.
13Ilyos ayolga dedi:
— Qoʻrqmang, boravering, yegulikni tayyorlayvering. Faqat oldin oʻsha un va moydan kulcha qilib, menga olib kelib bering. Oʻzingizga va oʻgʻlingizga esa keyin qilarsiz. 14Binobarin, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Men yer uzra yomgʻir yogʻdirmagunga qadar, xumdagi un tamom boʻlmas, xurmachadagi moy ham tugamas.”
15Ayol borib, Ilyosning aytganlarini qildi. Shundan keyin Ilyos bilan ayolning oilasi uchun yegulik koʻp kunlarga yetadigan boʻldi. 16Egamizning Ilyos orqali aytganlariga binoan, xumdagi un ham tamom boʻlmadi, xurmachadagi moy ham tugamadi.
17Oradan bir qancha vaqt oʻtgach, xonadon sohibasi — ayolning oʻgʻli kasal boʻlib qoldi. U shunchalik ogʻir dardga yoʻliqdiki, oxiri jon berdi. 18Ayol Ilyosga dedi:
— Mendan nima istaysiz, ey Xudoning odami?#17:18 Xudoning odami — Egamiz paygʻambarining yana bir nomi. Siz gunohlarimni Xudoga eslatgani va oʻgʻlimning oʻlimiga sababchi boʻlgani kelibsiz–da?!#17:18 Siz gunohlarimni Xudoga eslatgani…kelibsiz–da?! — qadimda odamlar, agar gunoh qilsak, boshimizga kulfat keladi, deb ishonishgan.
19Ilyos ayolga: “Menga bering oʻgʻlingizni!” — deb bolani ayolning quchogʻidan oldi, uni oʻzi istiqomat qiladigan boloxonaga olib chiqib, toʻshakka yotqizdi. 20Soʻngra Egamizga xitob qildi:
— Ey Egam Xudo! Men shu beva ayolning mehmoniman. Nahot, uning oʻgʻlini nobud qilib, boshiga kulfat yogʻdirsang?!
21Ilyos bolaning ustiga uch marta choʻzilib, keyin Egamizga yana xitob qildi:
— Ey Egam Xudo! Iltijo qilaman, bu bolaga qaytadan jon ato et!
22Egamiz Ilyosning iltijosini eshitdi. U bolaga qaytadan jon ato etib, tiriltirdi. 23Ilyos bolani boloxonadan uyga olib tushdi, uni onasiga berib: “Qarang, oʻgʻlingiz tirik!” — dedi. 24Ayol esa Ilyosga:
— Endi bildim, siz Xudoning odami ekansiz, — dedi. — Egamiz chindan ham siz orqali gapirar ekan.

Currently Selected:

3 Shohlar 17: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in