3 Shohlar 16
16
16–BOB
1Egamiz Isroil shohi Bashoga Xonin oʻgʻli Yohu orqali shu soʻzlarni ayon qilgan edi:
2— Seni Men tuproq ostidan chiqarib yuksaltirdim. Seni xalqim Isroilning hukmdori qildim. Sen esa Yeribomning yoʻlidan ketib, xalqim Isroilni gunohga botirding. Gunohlaringiz Meni gʻazablantirdi. 3Mana koʻrasan, Nabat oʻgʻli Yeribom xonadoni singari, sening oilangni ham ildizidan quritaman. 4Sening xonadoningdan boʻlgan odam shaharda oʻlsa koʻppaklarga yem boʻlar, qirda oʻlsa koʻkdagi qushlarga yem boʻlar.
5Bashoning boshqa ishlari, faoliyati, qahramonliklari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. 6Basho ham olamdan oʻtib, Tirzada ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning oʻrniga oʻgʻli Elox shoh boʻldi. 7Xonin oʻgʻli Yohu orqali Bashoga va uning xonadoniga Egamiz Oʻzining soʻzlarini ayon qilgan edi. Basho Egamiz oldida Yeribom xonadoni kabi qabihliklar qilgani va Yeribomning xonadonini qirib tashlagani uchun Egamiz undan gʻazablandi.
Isroil shohi Elox
8Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga yigirma olti yil boʻlganda, Elox Isroil shohi boʻldi. Elox Bashoning oʻgʻli edi. U Tirzada istiqomat qilib, ikki yil hukmronlik qildi. 9Lekin jang aravalarining yarmiga qoʻmondon boʻlgan Zimri unga suiqasd uyushtirdi. Elox Tirzada turgan paytda Tirzadagi bosh vaziri Arzoning uyida ichib mast boʻlib qoldi. 10Shunda Zimri ichkariga kirdi–yu, uni oʻldirdi. Soʻng Zimri shoh boʻlib oldi. Oso Yahudoda shohlik qilayotganiga yigirma yetti yil boʻlganda, shu voqea yuz berdi.
11Zimri shoh boʻlib taxtga oʻtirgach, Basho xonadonini bitta qoʻymay qirib tashladi. Bashoning qarindosh–urugʻidan ham, yor–birodarlaridan ham bironta erkak zoti tirik qolmadi. 12Egamizning Yohu paygʻambar orqali aytgan soʻzlariga koʻra, Zimri Basho xonadonini yoʻq qildi. 13Basho bilan uning oʻgʻli Eloxning gunohlari koʻp boʻlib, ular Isroil xalqini gunohga botirgan, oʻzlarining butlari bilan Isroil xalqining Xudosi — Egamizni gʻazablantirgani uchun shu hodisalar yuz bergan edi. 14Eloxning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan.
Isroil shohi Zimri
15Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga yigirma yetti yil boʻlganda, Zimri ham Tirzada yetti kun Isroilga shoh boʻldi. Isroil lashkari shu paytda Gibiton shahrini qamal qilib turgan edi. Bu shahar Filistlarniki edi. 16“Zimri shohga suiqasd uyushtiribdi, shohni oʻldiribdi” degan xabarni lashkar Gibitonni qamal qilib turgan yerda eshitdi. Xalq lashkarboshi Omrini qarorgohda oʻsha kuniyoq Isroil shohi qilib koʻtardi. 17Omri Isroil lashkarini boshlab Gibitondan chiqib keldi va Tirzani qamal qildi. 18Zimri esa shaharning qoʻldan ketganini koʻrdi–yu, shoh saroyining ichki qalʼasiga kirdi. Keyin orqasidan shoh saroyiga oʻt qoʻyib yuborib, oʻzi ham nobud boʻldi. 19Zimri gunoh qilgani uchun shu hodisalar yuz bergan edi. U Yeribomning yoʻlidan yurib, Egamiz oldida qabihliklar qilgan va Isroil xalqini gunohga boshlagan edi. 20Zimrining boshqa ishlari, xoinligi “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan.
Isroil shohi Omri
21Endi Isroil xalqi ikkiga boʻlinib qoldi. Xalqning yarmi: “Ginat oʻgʻli Tivnaxni shoh qilamiz”, deb unga ergashdi, yarmi esa Omrining etagini tutdi. 22Omrining etagini tutgan xalq Tivnaxga ergashgan xalq ustidan gʻolib keldi, Tivnax esa oʻldi. Omri shoh boʻlib qoldi. 23Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga oʻttiz bir yil boʻlganda, Omri Isroil shohi boʻldi. U hammasi boʻlib oʻn ikki yil hukmronlik qildi. Olti yili Tirzada oʻtdi. 24U Shamer ismli odamdan toʻrt pud#16:24 toʻrt pud — ibroniycha matnda ikki talant, taxminan 68 kiloga toʻgʻri keladi. kumushga tepalikni sotib olib, u yerga shahar qurdirdi. Shaharni tepalikning oldingi egasi Shamerning ismi bilan Samariya deb atadi.
25Omri ham Egamiz oldida qabihliklar qildi. U shu darajada qabihlik qildiki, avval oʻtgan shohlarning birortasi Omrichalik qabihlik qilmagan edi. 26Omri ham Isroil xalqini gunohga botirgan Nabat oʻgʻli Yeribomning yoʻlidan ketdi. Omri xalqni butparastlikka boshlab, Isroil xalqining Xudosi — Egamizni gʻazablantirdi. 27Omrining boshqa ishlari, koʻrsatgan qahramonliklari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. 28Nihoyat, Omri olamdan oʻtib, Samariyada ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning oʻrniga oʻgʻli Axab shoh boʻldi.
Isroil shohi Axab
29Oso Yahudoga shohlik qilayotganiga oʻttiz sakkiz yil boʻlganda, Axab Isroil shohi boʻldi. Axab Omrining oʻgʻli edi. U Samariyada turib, yigirma ikki yil davomida Isroilni boshqardi. 30Axab Egamiz oldida shunday qabihliklar qildiki, oldin oʻtgan shohlarning birortasi ham shunchalik qabihlik qilmagan edi. 31Hatto Nabat oʻgʻli Yeribomning gunohlariga sherik boʻlgani kamlik qilganday, Sidonliklar#16:31 Sidon — Finikiyada muhim ahamiyatga ega boʻlgan shahar. Bu shahar Isroildan shimolda, Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan edi. Bugungi kunda bu shahar Livan mamlakatining janubiy hududini tashkil qiladi. shohi Etbaalning qizi Izabelga uylanib, Baalga sajda qilib, xizmat qila boshladi. 32Samariyada Baalga atab qurgan uyda qurbongoh ham barpo qildi. 33Axab, buning ustiga, Asheraga#16:33 Ashera — 14:15 izohiga qarang. atab ustun yasadi. U oʻzidan avval oʻtgan hamma Isroil shohlaridan ziyoda gunoh qilib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizni gʻazablantirdi.
34Axab shohlik qilgan davrda Baytillik Xiyol Yerixo shahrini qaytadan qurdi. Egamizning Nun oʻgʻli Yoshua orqali qilgan bashorati#16:34 Egamizning…Yoshua orqali qilgan bashorati… — Yoshua 6:25 ga qarang. bajo boʻldi. Xiyol toʻngʻich oʻgʻli Aburamning joni evaziga shaharning poydevorini yotqizdi. Kichik oʻgʻli Saxuvning joni evaziga#16:34 …joni evaziga…joni evaziga… — bu ibora Xiyolning oʻgʻillari Yoshuaning aytgan laʼnati tufayli oʻlganligiga ishora qilayotgan boʻlishi mumkin. Yoki shaharni qayta qurayotgan paytda mahalliy xudolardan madad soʻrab, ularning himoyasi ostida boʻlish uchun Xiyol oʻz oʻgʻillarini oʻsha xudolarga qurbonlik qilganiga ham ishora qilayotgan boʻlishi mumkin. esa shahar darvozasini oʻrnatdi.
Currently Selected:
3 Shohlar 16: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020