3 Shohlar 13
13
13–BOB
1Yeribom qurbongohning yonida qurbonlik kuydirmoqchi boʻlib turgan paytda, bir paygʻambar, Egamizning amriga koʻra, Yahudodan Baytilga keldi. 2Paygʻambar Egamizning amri bilan qurbongohga nido qildi:
— Qurbongoh, ey qurbongoh! Egamiz shunday aytar: “Dovud xonadonida bir oʻgʻil farzand dunyoga kelar, Uning ismi Yoʻshiyo#13:2 Yoʻshiyo — Yahudo shohi Yoʻshiyo, miloddan oldingi 640-609 yillarda hukmronlik qilgan (4 Shohlar 22:1-23:30 ga qarang). boʻlar. Sajdagohlarda qurbonlik kuydiradigan ruhoniylarni sening ustingda qurbon qilar. Sening ustingda inson suyaklarini yoqar.”
3Paygʻambar oʻsha kuniyoq buning alomati toʻgʻrisida aytdi:
— Egamiz aytgan alomat quyidagicha boʻladi: qurbongoh yorilib ketar, ustidagi kul toʻkilar.
4Paygʻambarning Baytildagi qurbongohga aytgan bu soʻzlarini Yeribom eshitgach, qurbongohdan unga tomon qoʻlini uzatib: “Ushlanglar uni!” — dedi. Yeribomning paygʻambarga qarshi choʻzilgan qoʻli esa qurib, yogʻochday qotib qoldi. Uning qoʻli bukilmaydigan boʻlib qoldi. 5Egamizning paygʻambar orqali aytgan alomati bajo boʻldi: qurbongoh yorilib, ustidagi kul toʻkilib ketdi. 6Shunda shoh paygʻambarga dedi:
— Iltijo qilaman, Egangiz Xudoga men uchun yolvorib, ibodat qiling, toki qoʻlim avvalgi holiga kelsin.
Paygʻambar Egamizga ibodat qilgan edi, shohning qoʻli avvalgi holiga kelib, bukiladigan boʻldi. 7Shoh paygʻambarga yana aytdi:
— Men bilan yur uyimga, tamaddi qilib ol, senga hadyalar beray.
8Paygʻambar shohga dedi:
— Boyligingning yarmini bersang ham, sen bilan bormayman, bu yerda non ham yemayman, suv ham ichmayman. 9Egamiz menga: “Non yemaysan, suv ichmaysan, borgan yoʻlingdan qaytmaysan”, deb amr bergan.
10Shundan keyin paygʻambar Baytilga kelgan yoʻlidan qaytmay, boshqa yoʻldan ketdi.
Baytillik keksa paygʻambar
11Baytilda keksa bir paygʻambar yashardi. Uning oʻgʻillari kelib, Yahudolik paygʻambarning shu kuni Baytilda qilgan ishlari haqida otalariga aytib berdilar. Paygʻambarning shohga aytgan soʻzlarini ham otalariga bayon qildilar. 12Otasi oʻgʻillaridan: “Oʻsha odam qaysi yoʻldan ketdi?” — deb soʻradi.
Yahudodan kelgan paygʻambarning qaysi yoʻldan ketganini unga oʻgʻillari koʻrsatdilar. 13Shunda keksa paygʻambar oʻgʻillariga: “Eshagimni egarlanglar!” — dedi. Oʻgʻillari paygʻambarning eshagini egarlab berdilar, u eshagiga minib joʻnadi.
14Keksa paygʻambar Yahudolik paygʻambarning izidan ketdi va nihoyat uni topdi. Yahudolik paygʻambar eman daraxti ostida oʻtirgan ekan. Keksa paygʻambar undan:
— Yahudodan kelgan paygʻambar senmisan? — deb soʻradi.
— Ha, menman, — javob berdi u. 15Keksa paygʻambar unga:
— Men bilan yur uyimga, tamaddi qilib ol, — dedi. 16U esa keksa paygʻambarga:
— Sen bilan birga qaytib borolmayman, — dedi. — Bu yerda sen bilan birga non ham yemayman, suv ham ichmayman. 17Egamiz menga: “U yerda non ham yemaysan, suv ham ichmaysan, borgan yoʻlingdan qaytmaysan”, deb amr bergan.
18Paygʻambar esa unga shunday dedi:
— Men ham senga oʻxshagan bir paygʻambarman, farishta menga Egamizning shu soʻzlarini aytdi: “Uni yoʻldan qaytarib, oʻzing bilan birga uyingga olib kel, non yeb, suv ichib olsin.”
Lekin keksa paygʻambar yolgʻon gapirayotgan edi.
19Shunday qilib, Yahudolik paygʻambar keksa paygʻambar bilan birga qaytib keldi, uning uyida tamaddi qildi. 20Ular dasturxon atrofida oʻtirganlarida, keksa paygʻambarga Egamiz shu soʻzlarni ayon qildi. 21Keksa paygʻambar esa Yahudolik paygʻambarga dedi:
— Egamiz shunday aytmoqda: “Sen Mening soʻzimga itoat qilmading! Men, Egangiz Xudoning amriga qarshi chiqib 22orqangga qaytding. Men senga non yema, suv ichma, deb aytgan yerda yeb–ichding. Endi sening jasading ota–bobolaring xilxonasiga dafn qilinmaydi.”
23Yahudolik paygʻambar tamaddi qilib boʻlishi bilanoq, keksa paygʻambar uning eshagini egarlab berdi. 24Yahudolik paygʻambar yoʻlda ketayotgan edi, oldidan bir sher chiqib qoldi. Sher uni tilka–pora qilib, jasadni yoʻlning ustiga tashladi. Eshak ham, sher ham jasadning oldida turardi. 25Shu yerdan oʻtib ketayotgan odamlar yoʻl oʻrtasidagi jasadni va jasad yonida turgan sherni koʻrdilar. Odamlar keksa paygʻambar yashaydigan shaharga borib, koʻrganlarini aytdilar. 26Yahudolik paygʻambarni yoʻldan qaytarib kelgan keksa paygʻambar shu voqeani eshitib dedi:
— Egamizning amriga itoat etmagan paygʻambar oʻshadir. Shuning uchun Egamiz sherni yubordi va sher uni tilka–pora qilib tashladi. Egamiz, aytganiga binoan, uni oʻldirdi.
27Keksa paygʻambar oʻgʻillariga: “Eshagimni egarlanglar!” — dedi. Oʻgʻillari eshakni egarlab berdilar. 28U borib, yoʻl oʻrtasida yotgan jasadni topdi. Eshak ham, sher ham jasadning yonida turar, sher jasadni yemagan, eshakka hech qanday zarar yetkazmagan edi. 29Keksa paygʻambar Yahudolik paygʻambarning jasadini yerdan koʻtarib olib, eshakka ortdi va orqasiga qaytarib olib ketdi. Uni dafn qilib, unga aza ochay deb, shaharga keldi. 30Jasadni oʻzining qabriga qoʻygach: “Voy jigarim, voy jigarim!” deb qabr ustida faryod chekdi. 31Yahudolik paygʻambarni dafn qilgach, keksa paygʻambar oʻgʻillariga:
— Vafot etganimdan soʻng meni ham Yahudolik paygʻambar dafn qilingan xilxonaga qoʻyinglar, — dedi. — Suyaklarim uning suyaklari yonida tursin. 32Egamizning amriga koʻra, Baytildagi qurbongoh va Samariya#13:32 Samariya — bu voqeadan keyin taxminan 50 yil oʻtgach, Samariya shahri qurilgan (16:23-24 ga qarang). Ancha vaqt oʻtgandan keyingina Isroilga, yaʼni shimoliy shohlikka Samariya nomi berilgan (4 Shohlar 17:24 ga qarang). shaharlaridagi hamma sajdagohlar haqida uning aytgan soʻzlari albatta bajo boʻladi.
Yeribomning gunoh ishlari
33Bu hodisadan keyin ham Yeribom qabih yoʻldan qaytmadi. Yana sajdagohlarga oddiy xalqdan ruhoniylar tayin etdi. Kimni xohlasa, oʻshani ruhoniy qilib tayinlayverdi. 34Bu gunoh ishlar Yeribom naslining yer yuzidan qirilib, yoʻqolib ketishiga sabab boʻldi.
Currently Selected:
3 Shohlar 13: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020