YouVersion Logo
Search Icon

1 Yuhanno 4

4
4–BOB
Ruhlarni sinovdan oʻtkazing
1Ey azizlarim, menda Xudoning Ruhi bor degan har qanday odamga ishonib ketavermanglar. Har bir odamni sinanglar, u Xudodan yoki Xudodan emasligini bilinglar, chunki dunyoda soxta paygʻambarlar koʻpayib ketgan. 2Odamda Xudoning Ruhi borligini shundan bilib olsangiz boʻladi: Iso Masih inson boʻlib kelganini#4:2 Iso Masih inson boʻlib kelgani — 5:6 ning birinchi izohiga qarang. tan oladigan har bir odam Xudodandir. 3Buni tan olmaydigan odam esa Xudodan emas. Bunday odamdagi ruh Masihning dushmanida#4:3 Masihning dushmani — 2:18-22 oyatlarga qarang. Yana 2 Salonikaliklar 2:3-12, Vahiy 13:1-17 ga qarang. boʻladigan ruhdir. Masihning dushmani kelishi haqida eshitgansizlar. Mana, unda boʻladigan ruh hozirdanoq shu dunyodadir.
4Sizlar esa, aziz bolalarim#4:4 aziz bolalarim — 2:1 izohiga qarang., Xudodansizlar va soxta paygʻambarlarni yengdingizlar. Axir, ichingizdagi Ruh dunyodagi shaytondan ustundir. 5Oʻsha soxta paygʻambarlar bu dunyodan, ularning gapi ham bu dunyoga tegishli, shuning uchun dunyo ularga quloq soladi. 6Biz esa Xudodanmiz. Xudoni tanigan odam bizga quloq soladi, Xudodan boʻlmagan esa quloq solmaydi. Haqiqat Ruhi bilan yolgʻon ruhini biz ana shundan farqlay olamiz.
Sevgi Xudodandir
7Ey azizlarim, bir–birimizni yaxshi koʻraylik, chunki sevgi Xudodandir. Sevadigan har bir odam Xudoning farzandidir va Xudoni biladi. 8Sevmaydigan odam esa Xudoni hech qachon bilmagan. Axir, Xudo sevgidir. 9Xudo bizga boʻlgan sevgisini shunday namoyon qildi: U bizga hayot berish uchun yagona Oʻgʻlini dunyoga yubordi. 10Haqiqiy sevgi — bizning Xudoga boʻlgan sevgimiz emas, balki Xudoning bizga koʻrsatgan sevgisidir. Zero, Xudo bizni gunohlarimizdan poklash uchun Oʻz Oʻgʻlini qurbon qildi.
11Azizlarim, Xudo bizni shu qadar sevgani uchun biz ham bir–birimizni yaxshi koʻrishimiz kerak. 12Hech kim hech qachon Xudoni koʻrgan emas. Agar biz bir–birimizni yaxshi koʻrsak, demak, Xudo biz bilan birga va Uning sevgisi bizda oʻzining mukammal ifodasini topgan. 13Xudo har birimizga Oʻz Ruhini bergan. Shundan bilamizki, Xudo biz bilan va biz Xudo bilan birga yashamoqdamiz. 14Otamiz Xudo Oʻz Oʻgʻlini dunyoning Najotkori qilib yuborganini biz koʻrdik va bu haqda guvohlik beryapmiz. 15Isoni Xudoning Oʻgʻli deb tan olgan har bir odam Xudo bilan birga yashaydi va Xudo u bilan birga yashaydi. 16Xudoning bizga boʻlgan mehr–muhabbatini biz tatib koʻrib, Xudo bizni yaxshi koʻrishiga ishonch hosil qildik.
Xudo sevgidir. Sevgini diliga jo qilgan kishi Xudo bilan birga yashaydi va Xudo u bilan birga yashaydi. 17Shu tariqa Uning sevgisi bizda mukammal ifodasini topadi. Shunda biz qiyomat kunini dadillik bilan qarshilab olamiz, chunki hozirdanoq Masih singari, Xudo bilan birga yashamoqdamiz. 18Xudoning sevgisini ardoqlagan kishi qiyomat kunidan qoʻrqmaydi, chunki qalbini toʻldirgan Xudoning sevgisi bu qoʻrquvni quvib chiqaradi. Qoʻrqoq kishining qalbi esa Xudoning sevgisiga toʻlmagan. Shuning uchun u qiyomat kunidan qoʻrqib yashaydi.
19Biz sevamiz#4:19 sevamiz — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Xudoni sevamiz, ammo bu oʻrinda Yuhanno odamlarning Xudoga boʻlgan sevgisi ularning bir–birlariga boʻlgan mehr–muhabbati orqali namoyon boʻlishiga urgʻu beradi., chunki Xudo bizni birinchi boʻlib sevdi. 20Agar biror kishi Xudoni sevaman desa–yu, birodaridan nafratlansa, u yolgʻonchidir. Koʻrib turgan birodarini seva olmagan odam koʻrmagan Xudoni ham seva olmaydi. 21Xudoni sevgan odam birodarini ham yaxshi koʻrishi kerak! Bu amrni bizga Xudo bergan.

Currently Selected:

1 Yuhanno 4: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in