YouVersion Logo
Search Icon

1 Solnomalar 21

21
21–BOB
Dovud xalqni roʻyxat qiladi
1Shayton Isroilga qarshi qoʻzgʻalib, Dovudni Isroil xalqini sanab chiqishga undadi. 2Dovud Yoʻabga va lashkarboshilarga shunday buyruq berdi:
— Boringlar, Bershebadan Dangacha boʻlgan joylarni kezib, Isroil xalqini sanab chiqinglar. Menga natijasini olib kelinglar, toki qancha aholi borligini men bilayin.
3Lekin Yoʻab shunday dedi:
— Egam xalqning hozirgi sonini yuz karra koʻpaytirsin! Ey shoh hazratlari, bu xalqning hammasi sizning qullaringiz emasmi?! Nechun hazratim xalqni sanashga ehtiyoj sezib qoldilar?! Nechun Isroilga gunoh orttirmoqchilar?!
4Lekin Yoʻab soʻzidan shohning soʻzi ustun keldi. Yoʻab borib, butun Isroil yurtini kezib chiqdi. Soʻngra Quddusga qaytib keldi. 5Yoʻab roʻyxat natijasini Dovudga maʼlum qildi. Butun Isroilda jang qilishga qodir 1.100.000 odam, Yahudoda esa jang qilishga qodir 470.000 odam bor ekan. 6Yoʻab Levi qabilasi bilan Benyamin qabilasini roʻyxatga kiritmagan edi, chunki shohning bu buyrugʻidan u tamom norozi edi.
7Xalq roʻyxatga olingani Xudoga ham maʼqul kelmadi. U Isroil xalqini jazoladi. 8Shunda Dovud:
— Bu ishni qilib ogʻir gunohga botdim, aqlsizlarcha ish tutdim. Oʻtinaman, bu qulingning gunohini kechir, — deb Xudoga iltijo qildi.
9Dovudning xizmatida boʻlgan valiy Gadga Egamiz dedi:
10— Borib Dovudga shu gaplarni yetkaz: “Egam shunday deb aytmoqda: Men senga uchta jazoni taklif qilaman, shulardan bittasini tanla, keyin senga oʻsha jazoni yuboraman.”
11Gad Dovudning huzuriga borib, unga shunday dedi:
— Egamiz aytmoqda: “Oladigan jazoingni oʻzing tanla. 12Uch yil ocharchilik boʻlsinmi? Yoki uch oy davomida dushmanlaring seni taʼqib qilib, qirsinmi? Yoki Egamning Oʻzi senga uch kun davomida qilichi bilan hujum qilib, Oʻz farishtasi orqali butun yurtni oʻlatga giriftor qilsinmi?” Meni Yuborganga nima deb javob berayin?
13— Men juda ogʻir ahvolda qoldim–ku, — dedi Dovud Gadga. — Nima boʻlsa ham, odamzodning qoʻliga tushmayin. Mayli, Egamning Oʻzi meni jazolasin, chunki U gʻoyat rahmdil.
14Shunday qilib, Egamiz Isroil yurtiga oʻlat yubordi. Natijada Isroil xalqidan 70.000 odam nobud boʻldi. 15Xudo Quddusni vayron qilish uchun bir farishtani yubordi. Lekin farishta shaharni vayron qilmoqchi boʻlib turganda, Egamiz rahm qilib, balo–qazo joʻnatmaydigan boʻldi. Xalqni qirayotgan farishtaga:
— Boʻldi, bas! Yetadi! — deb amr berdi.
Egamizning farishtasi oʻsha paytda Quddusda — Yobus xalqidan boʻlgan Aravno#21:15 Aravno — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Oʻrnan (shu bobning 18-28–oyatlarida ham bor). Uning Aravno degan shakli 2 Shohlar 24:16 dan olingan. ismli odamning xirmonida#21:15 …Yobus xalqidan boʻlgan Aravno ismli odamning xirmonida… — bu joy qadimgi Quddusning tashqarisidagi tepalikda joylashgan. Keyinroq Sulaymon Maʼbadni shu yerda qurgan (22:1 ga va 2 Solnomalar 3:1 ga qarang). turgan edi.
16Dovud qarasa, Egamizning farishtasi yer bilan osmon oʻrtasida, qoʻlidagi yalangʻochlangan qilichini Quddus tomonga choʻzib turgan ekan. Shunda qanor kiygan#21:16 …qanor kiygan… — qanor dagʻal qoramtir mato boʻlib, echki yoki tuya junidan toʻqilgan. Qanor kiyib olish umidsizlikni va qaygʻuli holatni ifodalaydi. Koʻpincha bu harakat Xudodan kechirim soʻrab ibodat qilish va Undan madad tilash bilan birgalikda amalga oshirilgan. Dovud va oqsoqollar muk tushdilar.
17— Xalqni sanashga amr bergan menman–ku, — deya yolvordi Xudoga Dovud. — Gunoh qilgan menman, men aybdorman! Qoʻyday beozor bu insonlar nima ayb qilibdi? Ey Egam Xudo, gʻazabingni menga va otam xonadoniga socha qol! Xalqingni esa oʻlatdan xalos et.
18Shundan keyin Egamizning farishtasi Gadga buyurdi:
— Dovudga borib ayt: “Yobus xalqidan boʻlgan Aravnoning xirmoniga borib, oʻsha yerda Egamizga atab bir qurbongoh qur.”
19Gad borib, Dovudga Egamizning buyrugʻini yetkazdi. Dovud uning aytganini qilib, xirmonga bordi. 20Oʻsha payti Aravno bilan uning toʻrt oʻgʻli bugʻdoy yanchayotgan edilar. Birdaniga ular farishtani koʻrib qoldilar. Oʻgʻillarning toʻrtalasi ham qochib yashirinib oldilar. 21Xuddi oʻsha zahoti Dovud ham xirmonga yaqinlashib qolgan edi. Aravno Dovudni koʻrishi bilanoq xirmondan chiqib, yerga muk tushib taʼzim qildi. 22Dovud Aravnoga aytdi:
— Menga xirmoningni toʻliq narxiga sot, men Egamga atab qurbongoh qurmoqchiman, toki oʻlat xalqdan daf boʻlsin.
23— Xirmonimni olavering, — deya javob berdi Aravno. — Shoh hazratlari nimani maʼqul koʻrsalar, shuni qilsinlar. Mana, kuydirib qurbonlik qilishlari uchun hoʻkizlarimni beraman, oʻtin uchun xoʻptirim#21:23 xoʻptir — ostiga uchli tosh yoki temir mahkamlangan ogʻir taxta. Donni boshoqdan ajratib olish uchun oʻrilib xirmonga yoyilgan bugʻdoy ustidan xoʻptir yurgizilardi. bor, don nazri uchun bugʻdoyim ham tayyor. Hammasini olavering.
24— Boʻlmaydi! — dedi shoh Dovud. — Sendan bu narsalarni toʻliq narxiga sotib olaman. Sening mulkingni Egamga bagʻishlamayman. Tekin tushgan qurbonliklarni Egamga kuydirib nazr qilmayman.
25Dovud Aravnoga oʻsha yer uchun olti yuz oltin tanga#21:25 olti yuz oltin tanga — ibroniycha matnda olti yuz shaqal oltin, taxminan 7 kiloga toʻgʻri keladi. berdi. 26Dovud u yerda Egamizga atab qurbongoh qurib, kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini atadi. Soʻngra Egamizga iltijo qildi. Egamiz uning iltijosiga javob berib, qurbongoh ustiga osmondan olov tushirdi.
27Shundan soʻng Egamiz farishtaga: “Qilichingni#21:27 Qiliching — shu bobning 16–oyatiga qarang. qiniga qaytarib solib qoʻy!” deb amr bergan edi, farishta itoat etdi. 28Dovud qilgan iltijosiga Egamizdan javob olganini koʻrgach, Aravnoning xirmonida yana qurbonliklar keltirdi. 29Muso sahroda yasagan Egamizning chodiri va qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh oʻsha paytda Givondagi#21:29 Givon — 16:39 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. sajdagohda joylashgan edi. 30Ammo Dovud Xudoga iltijo qilgani u yerga bormagandi. Chunki u Egamizning farishtasi qilichidan qoʻrqqan edi.

Currently Selected:

1 Solnomalar 21: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in