Mark 4
4
4–BOB
Urugʻ sepuvchi haqida masal
1Iso yana koʻl boʻyida taʼlim berdi. Uning atrofida shu qadar koʻp olomon toʻplandiki, U koʻldagi qayiqqa tushib oʻtirishga majbur boʻldi. Olomon esa koʻl qirgʻogʻida turardi. 2Iso masal orqali xalqqa taʼlim berib, shunday dedi: 3“Quloq solinglar! Bir dehqon urugʻ sepgani chiqibdi. 4Urugʻ sepayotganda baʼzi urugʻlar soʻqmoq yoʻl ustiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, urugʻlarni choʻqib ketibdi. 5Baʼzi urugʻlar tuprogʻi kam toshloqqa tushibdi. Tuproq kam boʻlgani uchun urugʻlar tez koʻkarib chiqibdi. 6Biroq quyosh chiqqach, qovjirab, ildizi boʻlmagani uchun soʻlib qolibdi. 7Boshqa urugʻlar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar oʻsib, urugʻlarni boʻgʻib qoʻyibdi, urugʻlar hosil bermabdi. 8Yana boshqa urugʻlar esa yaxshi tuproqqa tushibdi va unib–oʻsib, oʻttiz, oltmish, hattoki yuz barobar koʻp hosil beribdi.”
9Keyin Iso yana dedi: “Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!”
Masallarning maqsadi
10Iso oʻn ikki shogirdi va boshqa baʼzi odamlar bilan yolgʻiz qolganda, ular Isodan boyagi masalni tushuntirib berishini soʻradilar. 11Iso ularga dedi: “Xudo Shohligining sirini bilish sizlarga berilgan. Tashqaridagilarga esa hamma narsani masallar bilan gapiraman, 12toki:
«Ular qarab turib, anglamasinlar,
Tinglab turib, tushunmasinlar.
Aks holda, Xudoga qaytadilar,
Gunohlaridan forigʻ boʻladilar.»”#4:12 Muallif bu oʻrinda Ishayo 6:9-10 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.
Urugʻ sepuvchi haqidagi masalning maʼnosi
13Iso ularga dedi: “Agar bu masalni tushunmagan boʻlsangiz, boshqa masallarni qanday tushunasiz?! 14Urugʻ sepuvchining sepgani — Xudoning kalomidir. 15Baʼzi odamlar soʻqmoq yoʻl ustiga tushgan urugʻlarga oʻxshaydilar. Ular kalomni eshitadilar, ammo oʻsha zahoti shayton kelib, ularning ichiga ekilgan kalomni olib ketadi. 16Boshqa odamlar toshloq yerga tushgan urugʻlarga oʻxshaydilar. Ular kalomni eshitganda, uni darrov sevinch bilan qabul qiladilar. 17Lekin ularning ildizi boʻlmagani uchun uzoqqa chidamaydilar. Kalom tufayli qaygʻu yoki quvgʻinga duchor boʻlishsa, darrov chekinadilar. 18Boshqa birlari tikanlar orasiga tushgan urugʻlarga oʻxshaydilar. Ular Xudoning kalomini eshitadilar, 19lekin dunyoning tashvishlari, boylikka oʻchlik va boshqa havaslar ularning yuraklariga kirib, kalomni boʻgʻib qoʻyadi, kalom esa samarasiz qoladi. 20Boshqa birlari esa yaxshi tuproqqa tushgan urugʻlarga oʻxshaydilar. Ular kalomni eshitib, qabul qiladilar va oʻttiz, oltmish, hatto yuz barobar hosil beradilar.”
Idish ostidagi chiroq
21Iso ularga yana dedi: “Chiroqni olib kelib, idishning yoki chorpoyaning tagiga qoʻyadimi?! Aksincha, chiroqpoyaga qoʻyadi. 22Shu singari, har qanday yashirin narsa maʼlum boʻladi, har qanday sir ochiladi. 23Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!”
24Keyin ularga yana dedi: “Eshitayotganlaringizni qulogʻingizga quyib oling! Siz qanday oʻlchov bilan oʻlchasangiz, xuddi shunday oʻlchov bilan sizga ham oʻlchab beriladi. Sizga yana qoʻshib beriladi. 25Kimda bor boʻlsa, unga yana beriladi. Kimda yoʻq boʻlsa, bori ham undan tortib olinadi.”
Unib chiqqan urugʻ haqida masal
26Iso yana shunday dedi: “Xudoning Shohligini shunga qiyoslasa boʻladi: dehqon dalasiga urugʻ ekadi. 27Kechasi boʻldimi, uxlaydi, kunduzi boʻldimi, turadi. Ammo urugʻ qanday unib chiqib, oʻsishini u bilmaydi. 28Yer oʻz–oʻzidan avval poyani, soʻngra boshoqni, undan keyin boshoqdagi toʻliq donni yetishtiradi. 29Hosil pishgach, yigʻim–terim vaqti keldi, deb oʻsha odam darhol oʻroqni ishga soladi.”
Xantal urugʻi haqida masal
30Iso yana dedi: “Xudoning Shohligini yana nimaga oʻxshatsak boʻladi?! Uni qanday masal bilan ifodalasak boʻladi?! 31Xudoning Shohligi xantal urugʻiga#4:31 xantal urugʻi — oʻsha zamonda odamlar xantal urugʻini eng mayda urugʻ deb bilishardi. oʻxshaydi: u yerga sepiladigan urugʻlarning eng maydasidir. 32Lekin sepilgandan keyin koʻkaradi va barcha koʻkatlardan baland boʻlib oʻsadi. Katta shoxlar chiqaradi, osmondagi qushlar ham uning panohida uya quradi.”
33Shunday qilib, Iso xalqning eshitish imkoniyatiga qarab, bu singari, koʻpgina masallar orqali Xudoning soʻzini oʻrgatardi. 34Ularga masalsiz gapirmas edi. Shogirdlari bilan yolgʻiz qolganda esa, ularga hammasini tushuntirar edi.
Iso boʻronni tinchlantiradi
35Oʻsha kuni kechqurun Iso shogirdlariga:
— Koʻlning narigi tomoniga#4:35 koʻlning narigi tomoni — Jalila koʻlining sharqiy qirgʻogʻiga ishora. oʻtaylik, — dedi.
36Ular olomonni qoldirib, Isoni oʻtirgan qayigʻida olib ketdilar. Isoning ketidan boshqa qayiqlar ham suzib ketdi. 37Shu orada koʻlda kuchli boʻron koʻtarildi. Toʻlqinlar qayiqni tebratib yubordi, qayiq suvga toʻla boshladi. 38Iso esa qayiqning quyruq tomonida yostiqqa bosh qoʻyib, uxlab yotgan edi.
Shogirdlar Isoni uygʻotib:
— Ustoz! Halok boʻlyapmiz! Nahotki Sizga baribir boʻlsa?! — deyishdi. 39Shunda Iso turib, shamolga: “Jim boʻl!” va koʻlga: “Bas qil!” deb buyurdi. Shu onda shamol tindi, chuqur sukunat boʻldi.
40Iso shogirdlariga:
— Nega qoʻrqasizlar? Nega haligacha ishonchingiz yoʻq? — dedi. 41Ular esa vahimaga tushib, bir–biriga shunday deyishdi:
— Bu Kim boʻldi ekan–a? Shamol ham, koʻl ham Unga boʻysunadi–ya!
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020