Mark 2
2
2–BOB
Iso sholni sogʻaytiradi
1Bir necha kundan keyin Iso yana Kafarnahum shahriga keldi. Uning kelgani toʻgʻrisidagi xabar tezda shaharga tarqaldi. 2Shu qadar koʻp odam yigʻildiki, Iso oʻtirgan uyning#2:2 uy — Butrus va Endrusning uyiga ishora boʻlsa kerak (1:29 ga qarang). hatto eshigi oldida ham joy qolmadi. Iso xalqqa Xudoning soʻzini oʻrgatayotgan edi. 3Shu orada toʻrt kishi bir shol odamni koʻtarib keldilar. 4Olomon koʻpligidan ular sholni Isoning oldiga olib bora olmay, uyning tomidan teshik ochdilar#2:4 …uyning tomidan teshik ochdilar — qadimgi Falastinda uylarning tomi tekis boʻlar edi. Tomga uyning devori boʻylab qurilgan zina orqali chiqilardi. Uylarning tomi yopilganda, koʻndalang yotqizilgan toʻsinlar ustiga shox–shabbalar terilib, ustiga loy va somon qorishmasidan tayyorlangan loʻmboz bosilar edi.. Sholni toʻshagi bilan Isoning oldiga tushirdilar.
5Iso ularning ishonchini koʻrib, sholga:
— Oʻgʻlim, gunohlaring kechirildi, — dedi.
6Bu yerda baʼzi Tavrot tafsirchilari oʻtirgan edilar. Ular ichlarida shunday deb oʻylagan edilar: 7“Nega bu Odam bunday deyapti? Bu kufrlik–ku! Xudodan boshqa hech kim gunohlarni kechira olmaydi!” 8Iso shu onda ularning oʻy–fikrlarini bilib, dedi:
— Nega bunday narsalarni oʻylaysizlar? 9Qaysi biri osonroq? Sholga: “Gunohlaring kechirildi”, deb aytishmi yoki: “Oʻrningdan tur, toʻshagingni olgin–da, yur!” deb aytishmi? 10Inson Oʻgʻliga#2:10 Inson Oʻgʻli — Iso Masih koʻpincha Oʻziga nisbatan ishlatgan unvon. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi INSON OʻGʻLI iborasiga qarang. yer yuzida gunohlarni kechirish hokimiyati berilgan. Hozir shuni bilib olasizlar.
U shunday dedi–yu, sholga:
11— Senga aytaman: oʻrningdan tur! Toʻshagingni olib, uyingga bor! — deb buyurdi.
12Shol odam oʻrnidan turdi, darhol toʻshagini olib, hammaning koʻzi oldida chiqib ketdi. Hamma hayratga tushib: “Bunaqasini hech qachon koʻrmagan edik”, deb Xudoni ulugʻlar edilar.
Iso Levini chaqiradi
13Iso yana Jalila koʻli boʻyiga chiqdi. Tumonat xaloyiq Uning oldiga toʻplandi. Iso ularga taʼlim berdi.
14Iso koʻl boʻylab yurarkan, soliq yigʻadigan joyda oʻtirgan Xalfey oʻgʻli Levini#2:14 Levi — Matto ismi bilan ham tanilgan (Matto 9:9 ga qarang), Matto bayon etgan muqaddas Xushxabarning muallifi. koʻrib qoldi. Iso unga:
— Ortimdan yur! — dedi. Levi oʻrnidan turib, Isoga ergashdi.
15Bir ozdan keyin Iso Levining uyida mehmon boʻldi. Isoga ergashgan koʻp soliqchilar#2:15 soliqchilar — bu soliqchilar odatda yahudiy boʻlib turib, Rim davlatiga ishlagani uchun hamma ularni yomon koʻrardi. Koʻp soliqchilar firibgarlik qilib, xalqdan soliq uchun keragidan ortiqroq pul undirardilar–da, bu pulni oʻz choʻntaklariga urardilar. Mana shuning uchun ham xalq soliqchilardan nafratlanib, ularni oʻz imonini sotgan xoinlar deb bilardi. va gunohkorlar ham Uning shogirdlari qatorida dasturxon atrofida oʻtirardilar. 16Iso gunohkorlar va soliqchilar bilan birga ovqatlanib oʻtirganini farziy#2:16 farziy — yahudiylarning muhim bir diniy mazhabi. Farziylar Tavrot qonunlariga qatʼiy rioya qilardilar, ogʻzaki ravishda tarqalgan urf–odatlarga hamda poklanish udumlariga izchil amal qilardilar. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi FARZIY soʻziga qarang. mazhabidan boʻlgan baʼzi Tavrot tafsirchilari koʻrib, Uning shogirdlariga:
— Bu qanday gap? U soliqchilaru gunohkorlar bilan birga ovqatlanib oʻtiribdi–ku! — deyishdi. 17Iso buni eshitib, shunday javob berdi:
— Men solihlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman. Axir, sogʻlar emas, xastalar tabibga muhtojdir.
Roʻza tutish haqida savol
18Yahyoning ham, farziylarning ham shogirdlari roʻza tutishar edi. Baʼzi odamlar Isoning yoniga kelib:
— Nega Yahyoning shogirdlari va farziylarning shogirdlari roʻza tutadi–yu, Sizning shogirdlaringiz tutmaydi? — deb soʻrashdi. 19Iso ularga dedi:
— Toʻyda mehmonlar roʻza tuta oladilarmi? Albatta, yoʻq! Kuyov ular bilan birga boʻlganda, ular roʻza tuta olmaydilar. 20Biroq ular kuyovdan judo boʻladigan kunlar keladi, ana oʻshanda roʻza tutadilar. 21Hech kim eski kiyimga yangi matodan yamoq solmaydi. Aks holda, yangi yamoq eski kiyimni battar yirtib yuboradi. 22Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Chunki yangi sharob meshni yorib yuboradi#2:22 …yangi sharob meshni yorib yuboradi… — qadimgi paytlarda suyuqlik odatda hayvon terisidan qilingan meshlarda saqlanardi. Uzum sharbati bijgʻib, sharobga aylanganda, meshlar shishardi. Mesh eskirgani sari oʻz choʻziluvchanligini yoʻqotgani bois, yangi sharob eski meshga solinganda, meshni yorib yuborardi., sharob ham, mesh ham isrof boʻladi. Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quymoq darkor.
Shabbat kuniga rioya qilish haqida
23Shabbat kunlarining birida Iso bugʻdoyzordan oʻtib ketayotgan edi. Uning shogirdlari yoʻl–yoʻlakay boshoqlarni uza boshladilar#2:23 …shogirdlari…boshoqlarni uza boshladilar — Tavrot qonunlariga koʻra, och qolgan odam birovning dalasidan boshoqlarni uzib, donini yeyishi mumkin edi (Qonunlar 23:24-25 ga qarang).. 24Buni koʻrgan farziylar Isoga:
— Qara, nega ular Shabbat kuni qonunga xilof ish#2:24 Shabbat kuni qonunga xilof ish — farziylar Tavrotdagi qonunni (Chiqish 34:21 ga qarang) oʻzlaricha jiddiy sharhlab, hatto inson hayotiga oid ikir–chikirlarni ham qonun darajasiga koʻtarganlar. Shuning uchun ular Isoning shogirdlari qilgan ishni Shabbat kuniga xilof ish deb hisoblaganlar. qilyaptilar? — deyishdi. 25Iso ularga dedi:
— Dovud hamrohlari bilan och qolib, ovqatga muhtoj boʻlganda nimalar qilganini#2:25 Dovud hamrohlari bilan och qolib, ovqatga muhtoj boʻlganda nimalar qilgani — 1 Shohlar 21:1-6 ga qarang. nahotki sizlar hech oʻqimagan boʻlsangiz?! 26U oliy ruhoniy Abuatar#2:26 Abuatar — 1 Shohlar 22:20-23 ga qarang. zamonida Xudoning uyiga kirib, muqaddas nonlarni#2:26 muqaddas nonlar — Levilar 24:5-9 ga qarang. Yana lugʻatdagi MUQADDAS NON iborasiga qarang. yegan. Hatto hamrohlariga ham bergan. Qonunga muvofiq esa bunday nonlarni faqat ruhoniylar yeyishga haqli edilar–ku!
27Keyin Iso davom etdi:
— Inson Shabbat kuni uchun emas, balki Shabbat kuni inson uchun yaratilgan. 28Shu bois, Inson Oʻgʻli Shabbat kunining ham Hokimidir.
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020