Sahroda Kirish

Kirish
Sahroda kitobi Tavrotning toʻrtinchi kitobidir. Mazkur kitobda Isroil xalqining Misrdagi qullikdan ozod boʻlib chiqqandan keyingi tarixi bayon etiladi. Kitobda Isroil xalqining Sinay togʻidan Kanʼon yurtiga qilgan qirq yillik safari davomida sahroda yuz bergan voqealar hikoya qilinadi. Shu sababdan kitob “Sahroda” deb nomlangan. Sinay sahrosi hozirgi Misrning shimoli–sharqidadir.
Kitobni uch qismga boʻlish mumkin. Birinchi qismda (1:1-10:10) Xudo Musoga: “Urushga yaroqli hamma erkaklarni sanab chiq!” deb amr beradi. Soʻng Isroil xalqining qarorgohda joylashish tartibi va Levi qabilasining Uchrashuv chodiri atrofida qay tarzda oʻrnashishi toʻgʻrisida Musoga batafsil koʻrsatmalar beradi. Shu yoʻl bilan Xudo Isroil xalqini janglarga shay holatga keltiradi.
Ikkinchi qismda (10:11-21:20) Isroil xalqining sahroda tortgan mashaqqatlari haqida hikoya qilinadi. Isroil xalqi sahrodagi hayotdan koʻp noliydi, hatto Xudoga va Musoga qarshi isyon koʻtaradi. Ular Kanʼon yurtida istiqomat qilayotgan qudratli xalqlar toʻgʻrisida eshitgandan keyin, Xudoga itoat etmay, Kanʼon yurtiga hujum qilishdan bosh tortadi. Shuning uchun Xudo Isroil xalqini jazolaydi. Oqibatda, ular qirq yil sahroda darbadar kezishadi, shu vaqt mobaynida xalqning roʻyxatga kirgan, urushga yaroqli butun avlodi oʻlib ketadi. Xudo Isroil xalqining yangi avlodini Oʻzi vaʼda qilgan yurtga boshlaydi. Nihoyat, xalq Muso boshchiligida Edom yurtidan Moʻab yurti tomon yoʻl oladi.
Sahroda kitobining uchinchi qismi (21:21-36:13) Isroil xalqining Iordan daryosi sharqidagi yerlarni egallashi toʻgʻrisidagi voqealar bilan boshlanadi. Moʻab shohi Isroil xalqini laʼnatlash uchun begona xalqdan boʻlgan Balom paygʻambarni yollaydi. Lekin Balom Isroil xalqini qayta–qayta duo qiladi. Shu orqali Xudo Oʻz xalqiga boʻlgan sadoqatini namoyon qiladi, ularning itoatsizligiga qaramay, ezgu niyatlarini amalga oshirmoqchi ekanini koʻrsatadi.
Soʻng Isroil xalqi Iordan daryosidan oʻtishga va gʻarbdagi Kanʼon yurtini zabt etishga tayyorgarlik koʻradi. Isroil xalqining baʼzi qabilalari Iordan daryosining sharqiga oʻrnashishga qaror qilishadi. Isroil xalqining urushga yaroqli yangi avlodi roʻyxatga olinadi, soʻng Xudo Yoshuani Musoning oʻrniga Isroilning navbatdagi yoʻlboshchisi qilib tayinlaydi.
Sahroda kitobida isyonkor, ruhan tushkun, Xudodan umidini uzgan xalq toʻgʻrisida hikoya qilinadi. Shuningdek, kitobda Xudoning Oʻz xalqiga koʻrsatgan mehribonligi, ularni janglarda himoya qilgani, qaqragan sahroda ularga yegulik va suv ato etgani toʻgʻrisidagi voqealar ham bayon qilinadi.

നിലവിൽ തിരഞ്ഞെടുത്തിരിക്കുന്നു:

Sahroda Kirish: O‘zbMK

ഹൈലൈറ്റ് ചെയ്യുക

പങ്ക് വെക്കു

പകർത്തുക

None

നിങ്ങളുടെ എല്ലാ ഉപകരണങ്ങളിലും ഹൈലൈറ്റുകൾ സംരക്ഷിക്കാൻ ആഗ്രഹിക്കുന്നുണ്ടോ? സൈൻ അപ്പ് ചെയ്യുക അല്ലെങ്കിൽ സൈൻ ഇൻ ചെയ്യുക