Yoqub 3
3
3–BOB
Tilni tiymoq haqida
1Ey birodarlarim, hammangiz ham ustoz boʻlavermanglar! Biz, ustozlar, jiddiyroq hukmga duchor boʻlishimiz oʻzingizga maʼlum. 2Odamlarning hammasi koʻp xato qiladi. Soʻzlayotganda xato qilmagan inson yetukdir. U butun vujudini jilovlay oladi. 3Biz otlarni itoat ettirish uchun ogʻizlariga suvluq solamiz. Shu orqali ularning butun tanasini boshqaramiz. 4Mana, kemalar ham, qancha ulkan boʻlmasin va kuchli shamollar yordamida yurmasin, kichkina bir rul bilan boshqariladi. Kemachi rul yordamida kemani istagan joyga yoʻnaltiradi. 5Til ham xuddi shundaydir, til badanning kichkina bir uzvidir, ammo katta muammolarni keltirib chiqaradi.
Qara, kichkina bir olov bepoyon oʻrmonni yondirib yuboradi! 6Til ham olovga oʻxshaydi. Til — uzvlarimiz orasida bir buzgʻunchi dunyo! U butun vujudimizni bulgʻaydi. U doʻzaxdan alangalanib, butun hayotimizni yondiradi.
7Turli xil yovvoyi hayvonlar bilan qushlar, sudraluvchi va dengiz hayvonlari inson zoti tomonidan boshqarilgan va boshqarilmoqda. 8Ammo tilni hech bir inson boshqara olmaydi. Tinib–tinchimas bu yovuz til zahri qotildir. 9Biz tilimiz bilan samoviy Otamiz boʻlgan Egamizni olqishlaymiz va tilimiz bilan Xudoning suratida yaratilgan insonlarni laʼnatlaymiz. 10Olqish va laʼnat bir ogʻizdan chiqadi. Ey birodarlarim, bunday boʻlmasligi kerak! 11Axir, bitta buloqdan ham shirin, ham achchiq suv oqib chiqmaydi–ku! 12Ey birodarlarim, anjir daraxti zaytun mevasini beradimi?! Yoki tok novdasi anjir tugadimi?! Yoʻq! Shoʻr buloqdan ham shirin suv oqib chiqmaydi!
Kim dono?
13Dono va farosatlimisiz? Buni ibratli hayotingiz orqali namoyon qiling. Har bir ishni kamtarlik va donolik bilan bajaring. 14Bordi–yu, yuragingizda achchiq hasad va xudbinlik boʻlsa, donoman, deb maqtanmang. Oʻzingizni shunday tutayotgan boʻlsangiz, haqiqatni rad etgan boʻlasiz. 15Dunyoga va moddiyatga xos boʻlgan bunday “donolik” Xudodan emas, shaytondandir. 16Chunki hasadgoʻylik va xudbinlik bor joyda janjal va yovuzlik hukm suradi.
17Xudodan kelgan donolik esa, avvalo pokdir. Shuningdek, bu asl donolik tinchliksevar, muloyim, haqiqatga boʻysunadigan, mehr–shafqatli, xayrli ishlarga boy, tarafkashlik qilmaydigan, oʻta samimiydir. 18Tinchlik oʻrnatuvchilar tinchlikni ekib, solihlikni oʻrib oladilar.
നിലവിൽ തിരഞ്ഞെടുത്തിരിക്കുന്നു:
Yoqub 3: O‘zbMK
ഹൈലൈറ്റ് ചെയ്യുക
പങ്ക് വെക്കു
പകർത്തുക

നിങ്ങളുടെ എല്ലാ ഉപകരണങ്ങളിലും ഹൈലൈറ്റുകൾ സംരക്ഷിക്കാൻ ആഗ്രഹിക്കുന്നുണ്ടോ? സൈൻ അപ്പ് ചെയ്യുക അല്ലെങ്കിൽ സൈൻ ഇൻ ചെയ്യുക
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020