Levilar 6
6
6–BOB
1Egamiz Musoga quyidagi qoidalarni berdi: 2agar birortangiz Egamizga xiyonat qilsangiz, yaʼni sizga omonatga berilgan yoki garovga qoʻyilgan narsa borasida qoʻshningizni aldasangiz, yoki qoʻshningizning biror narsasini oʻgʻirlasangiz, yoki tovlamachilik qilsangiz, 3yoki yoʻqolgan narsani topib olib, topmadim, deb aytsangiz, yoki qasam ichib turib yolgʻon guvohlik bersangiz, siz gunoh qilgan boʻlasiz. 4Gunoh qilib, aybingizni tan olganingizdan keyin oʻgʻirlagan, tovlamachilik qilib qoʻlga kiritgan, omonatga berilgan, topib olgan, 5yolgʻon qasam ichib oʻzingizga olib qolgan har qanday narsani egasiga qaytarib bering. Ustiga oʻsha narsaning beshdan bir qismi qiymatini ham qoʻshib bering. 6Bundan tashqari, ayb qurbonligi uchun Egamizga nuqsonsiz bir qoʻchqorni yoki qoʻchqorning qiymatiga yarasha kumushni olib keling. 7Ruhoniy Egamiz huzurida sizni gunohdan poklaydi, shunda qilgan har qanday aybingiz kechiriladi.
Kuydiriladigan qurbonlik keltirish qoidasi
8Egamiz Muso orqali 9Horun va uning oʻgʻillariga kuydiriladigan qurbonlikka oid quyidagi qoidalarni berdi: kuydiriladigan qurbonlik qurbongoh ustida tun boʻyi, ertalabgacha qolsin. Qurbongoh ustidagi olov doim yonib tursin. 10Ertasi kuni ertalab ruhoniy zigʻir matosidan tikilgan libosni va ichidan ishtonni kiysin. Soʻng kuydirilgan qurbonlikning kulini qurbongoh ustidan yigʻishtirib olsin. Kulni qurbongohning yoniga tashlasin. 11Keyin ustidagi liboslarni yechib, boshqa liboslarni kiysin. Kulni qarorgohdan tashqaridagi halol joyga olib chiqib tashlasin. 12Qurbongohdagi olov oʻchmay doim yonib turishi shart. Har kuni ertalab ruhoniy olovga oʻtin tashlab, uning ustiga kuydiriladigan qurbonlikni qoʻysin. Tinchlik qurbonligining yogʻini ham oʻsha olovda kuydirsin. 13Qurbongohdagi olov zinhor oʻchmasin, u muttasil yonib tursin.
Don nazri
14Don nazr qilinganda quyidagi qoidaga rioya qilinsin: Horunning oʻgʻillari don nazrini Egamizning huzuriga, qurbongoh oldiga olib kelishsin. 15Ruhoniy zaytun moyi qoʻshilgan sifatli unning bir hovuchini va ustidagi xushboʻy tutatqining hammasini olib, qurbongoh ustida kuydirsin. Bunday qilish unning hammasi Xudoga tegishli ekanini bildiradi. Bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 16Unning qolganidan xamirturushsiz nonlar yopilsin. Horun va uning oʻgʻillari bu nonlarni muqaddas joyda yesinlar. Nonlar Uchrashuv chodirining hovlisida tanovul qilinishi lozim. 17Unga xamirturush qoʻshilmasin. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan ularga beriladigan ulush shudir. U gunoh qurbonligi va ayb qurbonligi singari, gʻoyat muqaddasdir. 18Horunning naslidan boʻlgan har bir erkak zoti bu nazrdan yesa boʻladi. Egamizga atab, olovda kuydiriladigan nazrlardan Horunning nasliga avlodlar osha berilgan doimiy ulush shudir. Bu nazrga tekkan har qanday narsa muqaddas boʻladi#6:18 Bu nazrga tekkan har qanday narsa muqaddas boʻladi — yoki Bu nazrga tekkan har qanday odam muqaddas boʻladi yoxud Bu nazrga tegmoqchi boʻlgan har qanday odam poklangan boʻlishi shart..
19Egamiz Muso orqali yana quyidagi qoidalarni berdi: 20Horun va uning oʻgʻillari ruhoniylikka tayinlangan kuni Egamizga don nazrini keltirishsin. Bu nazrning miqdori, kundalik nazrday, toʻrt kosa#6:20 toʻrt kosa — ibroniycha matnda efaning oʻndan bir qismi, taxminan 2 litrga toʻgʻri keladi. sifatli undan tashkil topsin. Unning ikki kosasi ertalab, ikki kosasi kechqurun nazr qilinsin. 21Undan zaytun moyiga xamir qorilsin, soʻng tovada qovurilsin. Qovurilgan xamir moyga yaxshilab boʻktirilgan boʻlsin, uni burdalab Egamizga nazr qiling. Bu nazrdan Egamizga yoqimli hid boradi. 22Boshiga moy surtilib, ruhoniylikka tayinlanadigan Horunning oʻgʻli bu nazrni tayyorlasin. Bu turdagi nazr har bir ruhoniylikka tayinlash marosimida Egamizga keltirilsin. Nazrni butunlay kuydirish lozim. 23Xullas, ruhoniy keltirgan har qanday don nazri butunlay kuydirilsin, uni yeyish mumkin emas.
Gunoh qurbonligi
24Egamiz Muso orqali 25Horun va uning oʻgʻillariga gunoh qurbonligiga oid quyidagi qoidalarni berdi: gunoh qurbonligi qilinadigan jonivor Egamizning huzurida, kuydiriladigan qurbonlik boʻgʻizlanadigan joyda boʻgʻizlansin. Bu gʻoyat muqaddas qurbonlikdir. 26Gunoh qurbonligini keltirgan ruhoniy qurbonlik goʻshtidan tanovul qilsin. Qurbonlik goʻshti muqaddas joyda, yaʼni Uchrashuv chodirining hovlisida yeyilishi lozim. 27Qurbonlik goʻshtiga tekkan har qanday narsa muqaddas boʻladi#6:27 Qurbonlik goʻshtiga tekkan har qanday narsa muqaddas boʻladi — shu bobning 18–oyati izohiga qarang.. Agar qurbonlikning qoni kiyimga sachrasa, kiyim muqaddas joyda yuvilsin. 28Goʻsht pishirilgan sopol idish sindirilsin#6:28 Goʻsht pishirilgan sopol idish sindirilsin — sopol idishni goʻshtning yogʻlaridan butunlay tozalab boʻlmasdi. Qaynatilgan qurbonlik goʻshti tufayli idish muqaddas hisoblanardi, shuning uchun uni boshqa idishlar singari qayta ishlatish mumkin emas edi.. Bordi–yu, goʻsht bronza qozonda pishirilgan boʻlsa, qozonni ishqalab yuvish lozim. 29Ruhoniylar urugʻiga mansub har bir erkak zoti bu qurbonlik goʻshtidan tanovul qilsa boʻladi. Bu qurbonlik gʻoyat muqaddasdir. 30Bordi–yu, gunoh qurbonligining qoni Uchrashuv chodirining ichiga, gunohdan poklash uchun Muqaddas xonaga olib kirilsa, bunday qurbonlik goʻshtini#6:30 bunday qurbonlik goʻshti — 4:1-21 ga qarang. tanovul qilish mumkin emas. Uni butunlay kuydirish lozim.
നിലവിൽ തിരഞ്ഞെടുത്തിരിക്കുന്നു:
Levilar 6: O‘zbMK
ഹൈലൈറ്റ് ചെയ്യുക
പങ്ക് വെക്കു
പകർത്തുക
നിങ്ങളുടെ എല്ലാ ഉപകരണങ്ങളിലും ഹൈലൈറ്റുകൾ സംരക്ഷിക്കാൻ ആഗ്രഹിക്കുന്നുണ്ടോ? സൈൻ അപ്പ് ചെയ്യുക അല്ലെങ്കിൽ സൈൻ ഇൻ ചെയ്യുക
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020