Levilar 20

20
20–BOB
Itoatsizlik uchun jazolar
1Egamiz Muso orqali 2Isroil xalqiga shunday dedi: “Oʻz bolasini Moʻlaxga qurbonlik qilgan har qanday odamga, Isroil xalqidan yoki yurtingizda yashagan musofir boʻlishidan qatʼi nazar, oʻlim jazosi berilsin. Butun jamoa uni toshboʻron qilsin. 3Men Oʻzim bunday odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yoʻq qilib yuboraman, chunki u farzandini Moʻlaxga qurbonlik qilib, Muqaddas chodirimni bulgʻagan boʻladi, Men, Muqaddas Xudoni badnom etgan boʻladi. 4Bordi–yu, jamoa bu odamning qilmishidan koʻz yumib, uni oʻldirmasa, 5Men Oʻzim bu odamga va uning xonadoniga qarshi chiqaman. Ularni xalq orasidan yoʻq qilaman. Menga bevafolik qilib, Moʻlaxga sigʻinadigan barcha izdoshlarini ular qatori qirib yuboraman.
6Agar biror odam Menga bevafolik qilib, arvoh chaqiruvchiga va folbinga maslahat solsa, Men oʻsha odamga qarshi chiqib, uni xalq orasidan yoʻq qilib yuboraman. 7Oʻzlaringizni Menga bagʻishlanglar, muqaddas boʻlinglar. Men Egangiz Xudoman. 8Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar. Sizlarni muqaddas qiladigan Egangizman. 9Otasini yoki onasini xoʻrlagan har qanday odamga oʻlim jazosi berilsin. Uning qoni oʻz gardanida qoladi.
10Agar erkak qoʻshnisining xotini bilan zino qilsa, ikkovi ham oʻldirilsin. 11Otasining xotini bilan yotgan erkak otasining shaʼniga dogʻ tushirgan boʻladi. Bunday erkak va ayol oʻldirilsin. Ularning qoni oʻz gardanida qoladi. 12Agar erkak oʻz kelini bilan yotsa, ikkovi ham oʻldirilsin. Axir, ular oʻtaketgan razillik qildilar. Ularning qoni oʻz gardanida qoladi. 13Agar erkak ayol bilan yotganday boshqa erkak bilan yotsa, ularning ikkovi jirkanch ish qilgan boʻladilar. Ikkovi ham oʻldirilsin, ularning qoni oʻz gardanida qoladi. 14Agar erkak xotin olib, xotinining onasiga ham uylansa, u buzuqlik qilgan boʻladi. Ularning uchalovi ham tiriklayin olovga tashlansin. Orangizdan buzuqlikni yoʻq qiling. 15Agar erkak hayvon bilan jinsiy aloqa qilsa, u oʻlim jazosini olsin. Hayvon ham oʻldirilsin. 16Agar ayol hayvonning oldiga borib jinsiy aloqa qilsa, ayolni ham, hayvonni ham oʻldiring. Ularning qoni oʻz gardanida qoladi.
17Agar erkak oʻz singlisiga — otasining yoki onasining qiziga uylanib, u bilan qovushsa, sharmandalikka yoʻl qoʻygan boʻladi. Ularning ikkovi ham xalqning koʻzi oldida yoʻq qilinsin. U singlisining shaʼniga dogʻ tushirgani uchun jazoga tortilsin. 18Agar erkak hayz koʻrgan ayol bilan yotsa, ikkalasi ayolning hayz manbaini ochgan hisoblanadi. Ularning ikkovi ham xalq orasidan yoʻq qilinsin. 19Xolangiz yoki ammangiz bilan yotmang. Bunday qilgan odam oʻz qondoshining shaʼniga dogʻ tushirgan boʻladi. Ularning ikkovi ham jazoga tortilsin. 20Agar erkak amakisining xotini bilan yotsa, u amakisining shaʼniga dogʻ tushirgan boʻladi. Erkak ham, ayol ham jazoga tortilsin. Ular farzand koʻrmay oʻtib ketishadi. 21Agar erkak akasining yoki ukasining xotiniga uylansa, yaramas ish qilgan boʻladi#20:21 Agar erkak akasining yoki ukasining xotiniga uylansa, yaramas ish qilgan boʻladi — erkak oʻz akasi yoki ukasining tirikligi paytida uning xotiniga uylanishi qatʼiyan man etilardi. Faqatgina akasi yoki ukasi farzand koʻrmay vafot etgandagina, u marhumning beva qolgan xotiniga uylanishga burchli edi. Bundan maqsad marhum qondoshining naslini davom ettirish edi (Qonunlar 25:5-6 ga qarang).. U akasining yo ukasining shaʼniga dogʻ tushirgani uchun, ular farzandsiz oʻtib ketishadi.
22Qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar, toki Men sizlarni olib borayotgan yurt sizlarni qusib yubormasin. 23Men oldingizdan quvib yuborayotgan xalqlarning odatlariga taqlid qilmanglar. Ular bu ishlarning hammasini qilganlari uchun, Men ulardan jirkanib ketdim. 24Sizlar ularning sut va asal oqib yotgan yurtini#20:24 sut va asal oqib yotgan yurt — nihoyatda hosildor yerni bildiruvchi ibora. Moʻl–koʻl sut — mol uchun koʻm–koʻk yaylovlarning koʻpligini bildiradi. Asal — xurmodan olinadigan quyuq, shirin murabboga ishora boʻlishi mumkin. Murabboning moʻlligi yaxshi hosil beradigan yerni bildiradi. mulk qilib olasizlar, deb Men sizlarga vaʼda qilgan edim. Oʻsha yurtni sizlarga Men beraman. Men Egangiz Xudoman. Sizlarni xalqlar orasidan ajratib olganman. 25Shunday ekan, sizlar halol bilan harom hayvonning farqiga, halol bilan harom qushning farqiga borishingiz lozim. Harom hayvonu qushlarni va yerda sudralib yuruvchilarni yeb oʻzingizni bulgʻamang. Men ularni harom deb eʼlon qilganman. 26Oʻzingizni Menga bagʻishlab, muqaddas boʻlinglar, chunki Men, Egangiz, muqaddasman. Men sizlarni boshqa xalqlardan Oʻzim uchun ajratib olganman.
27Arvoh chaqiradigan va folbinlik qiladigan erkagu ayolning jazosi oʻlimdir. Ularni toshboʻron qiling, ularning qoni oʻz gardanida qoladi.”

നിലവിൽ തിരഞ്ഞെടുത്തിരിക്കുന്നു:

Levilar 20: O‘zbMK

ഹൈലൈറ്റ് ചെയ്യുക

പങ്ക് വെക്കു

പകർത്തുക

None

നിങ്ങളുടെ എല്ലാ ഉപകരണങ്ങളിലും ഹൈലൈറ്റുകൾ സംരക്ഷിക്കാൻ ആഗ്രഹിക്കുന്നുണ്ടോ? സൈൻ അപ്പ് ചെയ്യുക അല്ലെങ്കിൽ സൈൻ ഇൻ ചെയ്യുക