1 Butrus 4
4
4–BOB
Xudo yoʻlida yashash
1Masih bu dunyoda azob chekkani kabi, sizlar ham azob chekishga tayyor turinglar. Zotan, azob chekishga rozi boʻlgan kishi gunohdan yuz oʻgirgan boʻladi. 2Bunday odam qolgan umrini nafsini qondirishga emas, Xudoning irodasini bajarishga bagʻishlaydi. 3Sizlar oʻtmishda xudosizlarday yashaganingiz yetar. Oʻsha vaqtlarda axloqsizlik, shahvatparastlik, mayxoʻrlik, aysh–ishrat, kayf–safo, razil butparastlik bilan kun kechirardingizlar. 4Endi esa atrofdagilar sizlarni koʻrib, hayron boʻlyaptilar. Ularning yaramas qilmishlariga qoʻshilmaganingiz uchun sizlarni haqorat qilyaptilar. 5Ammo ular oʻz qilmishlari uchun Xudo oldida javob beradilar. Xudo tirigu oʻliklarni hukm etishga tayyor turibdi. 6Xushxabar nima sababdan eʼlon qilinganini esingizda tutinglar. Toʻgʻri, Xushxabarni eshitgan koʻp odamlar olamdan koʻz yumdi, chunki oʻlim bu dunyoga gunoh natijasida kirib keldi. Ular ham, boshqa insonlar kabi, jisman oʻlimga mubtalo boʻlishdi. Biroq bir kun kelib, Xudo ularga ulugʻvor, yangi hayot ato qiladi#4:6 …Xudo ularga ulugʻvor, yangi hayot ato qiladi — yunoncha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …ular ruhda Xudoga munosib ravishda hayot kechiradilar. Bu oʻrinda ruhda soʻzi Xudo bilan munosabat qilib kechiriladigan yangi hayot tarziga ishora qiladi..
7Oxirzamon yaqinlashib qoldi. Aqlingizni yigʻib, doim hushyorlik bilan ibodat qilinglar. 8Avvalambor, bir–biringizni chin yurakdan yaxshi koʻringlar. Chunki sevgi koʻp gunohlarni yuvadi. 9Nolimay, ochiq chehra bilan bir–biringizni mehmon qilinglar. 10Xudo sizlarga bergan inʼomlar bilan bir–biringizga xizmat qilinglar. Xudoning bu boy ehsonlaridan oqilona foydalaninglar. 11Vaʼzxonmisiz? Shunday vaʼz qilingki, goʻyo siz orqali Xudoning Oʻzi gapirganday boʻlsin. Xizmatchimisiz? Xudoning bergan kuchiga muvofiq xizmat qiling. Toki Iso Masih orqali Xudo har bir ishingizda va har bir soʻzingizda ulugʻlansin. Qudratli Xudoga abadulabad shon–sharaflar boʻlsin. Omin.
Masih uchun azob chekish
12Ey azizlarim, xuddi gʻayritabiiy hodisa yuz berganday, boshingizga tushgan ogʻir sinovlardan hayron boʻlmanglar. 13Aksincha, Masihning azoblariga sherik boʻlganingizdan xursand boʻlinglar! Shunday qilsangiz, U oxiratda ulugʻvorlikka burkanib kelganda, qalbingiz yanada koʻproq quvonchga toʻladi. 14Agar sizlarni Masihga tegishli boʻlganingiz uchun haqorat qilishsa, baxtlisizlar! Axir, Xudoning Ruhi sizlarga madad beradi. U sizlarni Xudoning ulugʻvorligidan bahramand qiladi#4:14 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Ularga qolsa, Ruhni haqorat qiladilar, sizlarda esa Ruh sharaflanadi.. 15Orangizda hech kim qotil, oʻgʻri, badkirdor yoki janjalkash odam sifatida azob chekmasin. 16Ammo masihiy boʻlganingiz uchun azob cheksangiz, bundan uyalmang, aksincha, sizlarni bunday nomga sazovor qilgan Xudoni ulugʻlang.
17Xudo dunyoni hukm qiladigan vaqt keldi. U hukmini Oʻz xonadonidan boshlaydi. Agar biz birinchi navbatda hukm qilinadigan boʻlsak, unda Xushxabarni rad etib, Xudoga itoat qilmaganlarning oxirati nima boʻladi? 18Agar solih odam zoʻrgʻa qutulsa, betavfiqu gunohkorning holi ne kechadi?#4:18 Agar solih odam zoʻrgʻa qutulsa, betavfiqu gunohkorning holi ne kechadi? — muallif bu oʻrinda Hikmatlar 11:31 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.
19Shunday ekan, Xudoning irodasiga koʻra, azob chekayotgan boʻlsangiz, yaxshilik qilishda davom etinglar, oʻzingizni sodiq Yaratuvchiga topshiringlar.
നിലവിൽ തിരഞ്ഞെടുത്തിരിക്കുന്നു:
1 Butrus 4: O‘zbMK
ഹൈലൈറ്റ് ചെയ്യുക
പങ്ക് വെക്കു
പകർത്തുക

നിങ്ങളുടെ എല്ലാ ഉപകരണങ്ങളിലും ഹൈലൈറ്റുകൾ സംരക്ഷിക്കാൻ ആഗ്രഹിക്കുന്നുണ്ടോ? സൈൻ അപ്പ് ചെയ്യുക അല്ലെങ്കിൽ സൈൻ ഇൻ ചെയ്യുക
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020