Zabur 62
62
62–SANO
1Dovud Yahudo choʻlida boʻlgandan keyin#62:1 Dovud Yahudo choʻlida boʻlgandan keyin… — 2 Shohlar 15:13-28, 16:1-2, 13-14, 17:16, 27-29 ga qarang., uning aytgan sanosi.
2Ey Xudo, mening Xudoyimsan, intilaman Senga,
Quruq, toliqqan suvsiz tuproqday
Jonim tashnadir Senga,
Vujudim orzumanddir Senga.
3Muqaddas maskaningda Senga nigoh tashladim,
Qudratingni, shuhratingni koʻrdim.
4Hayotdan afzal Sening sevging,
Tilimdan tushmas Senga madhiya.
5Bir umr Seni olqishlayman,
Qoʻllarimni koʻtarib, Senga sajda qilaman.
6Ilik bilan yogʻ yeganday jonim mamnun boʻladi,
Shodiyona qoʻshiqlar ila Seni madh qilaman.
7Oʻrnimda yotib ham, Seni eslayman,
Seni oʻylab, tunni qarshi olaman.
8Oʻzing mening madadkorim boʻlding,
Qanotlaring soyasida sevinch ila kuylayman.
9Sening ortingdan qolmay ergashaman,
Oʻng qoʻling meni mahkam tutadi.
10Jonimning payiga tushganlar
Yerning qaʼriga tushib yoʻq boʻlib ketadi.
11Ular qilichning damiga yoʻliqadi,
Chiyaboʻrilarga yem boʻladi.
12Shoh esa Xudodan sevinch topadi,
Xudo nomi bilan ont ichganlar Uni madh qiladi,
Yolgʻonchilarning ogʻzi esa yopiladi.
Currently Selected:
Zabur 62: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020