Zabur 101
101
101–SANO
1Dard–alamga botganda, arzini Egamiz oldiga toʻkkan gʻaribning ibodati.
2Eshitgin ibodatimni, ey Egam,
Yetib borsin Senga ohu nolam.
3Kulfatda qolganimda mendan yuz oʻgirma,
Menga quloq tutgin.
Chaqirganimda menga tez javob bergin.
4Umrim tutunday oʻtib ketdi,
Isitmadan butun tanam yonib ketyapti.
5Yuragim qurigan oʻtday xazon boʻldi,
Biror narsa yeyishga istak yoʻqoldi.
6Faryod qilib oh–nola chekaman,
Shu bois etim suyagimga yopishgan.
7Dashtdagi qushga oʻxshayman,
Vayronadagi boyoʻgʻli kabidirman.
8Bedor boʻlib yotaman,
Tomda yolgʻiz qolgan qushga oʻxshayman.
9Gʻanimlarim doimo meni haqorat qiladi,
Meni masxaralovchilar
Ismimni laʼnat oʻqish uchun ishlatadi.
10Kulni non kabi yemoqdaman,
Ichimligimga koʻz yoshlarimni qoʻshmoqdaman.
11Sening qahru gʻazabing tufayli shunday qilyapman,
Axir, meni koʻtarib, bir yonga uloqtirding.
12Oqshomgi koʻlankaga oʻxshaydi umrim,
Qurigan maysaday boʻlib qoldim.
13Sen esa, ey Egam, to abad oʻtirasan taxtingda,
Nasllar osha Sening noming davom etar!
14Qoʻzgʻalib, shafqat koʻrsatasan Quddusga#101:14 Quddus — ibroniycha matnda Sion (shu sanoning 17–oyatida ham bor). 2:6 izohiga qarang.,
Unga marhamat koʻrsatish vaqti keldi,
Belgilangan vaqti–soati yetib keldi.
15Uning toshlari ham Sening qullaring uchun qimmatbahodir,
Quddusning hatto tuprogʻiga ham mehribonlik qilamiz.
16Xalqlar Egamizdan qoʻrqadi,
Uning shuhratidan yer yuzi shohlari titraydi.
17Zero, Egamiz Quddusni barpo qiladi,
Oʻzining shuhrati ila zohir boʻladi.
18Yoʻqsillarning ibodatiga U eʼtibor beradi,
Ularning iltijolarini rad etmaydi.
19Hali tugʻilmagan xalq ham Egamizga hamdu sano aytsin,
Kelajak nasl uchun bu yozib qoʻyilsin:
20-21Asirlarning nolasiga quloq solay deb,
Egamiz yuksakdagi muqaddas makonidan qaradi.
Oʻlimga mahkum boʻlganlarni qutqaray deb,
U osmondan zaminga nazar tashladi.
22Shu bois Egamizning dongʻi Quddusda eʼlon qilinsin,
Unga Sionda hamdu sano aytilsin.
23Egamizga birga sajda qilgani
Xalqlaru shohliklar yigʻiladi.
24Hali yosh paytimda Egam meni zaif qildi,
Kunlarimni Uning Oʻzi qisqartirdi.
25Unga faryod qildim: “Ey Xudoyim,
Yosh umrimni xazon qilmagin,
Barcha nasllar osha Sen doimo borsan.
26Azalda zaminning poydevorini#101:26 zaminning poydevori — 17:16 izohiga qarang. Sen qoʻygansan,
Samolarni Oʻz qoʻllaring ila yaratgansan.
27Ular yoʻq boʻlib ketar, Sen turaverasan,
Yeru osmon kiyim kabi eskirib ketadi,
Toʻzib ketgan kiyimday ularni almashtirasan,
Hammasini tashlab yuborasan.
28Sen esa hech oʻzgarmassan,
Sen to abad yashaysan.
29Qullaringning farzandlari xavfsiz yashar,
Ularning nasli Sening huzuringda barqaror boʻlar.”
Currently Selected:
Zabur 101: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020