YouVersion Logo
Search Icon

Sahroda 18

18
18–BOB
Ruhoniylar va levilarning burchlari
1Egamiz Horunga dedi: “Sen, oʻgʻillaring va butun Levi qabilasi Muqaddas chodirga nisbatan qilingan har qanday ayb uchun javobgar boʻlasizlar. Ruhoniylik xizmatida yoʻl qoʻyilgan ayblar uchun esa faqatgina sen va oʻgʻillaring javobgar boʻlasizlar. 2Qabiladosh levi birodarlaringni yoningga ol. Sen oʻgʻillaring bilan Muqaddas ahd chodirida#18:2 Muqaddas ahd chodiri — ibroniycha matnda Guvohlik chodiri. 1:50 izohiga qarang. xizmat qilayotganingda, ular sizlarga yordam berishadi. 3Levilar sizlarning nazoratingiz ostida xizmat qilib, Muqaddas chodirga oid barcha yumushlarni bajarishadi. Lekin ular muqaddas jihozlarga va qurbongohga zinhor yaqinlashmasinlar, aks holda, ular ham, sizlar ham halok boʻlasizlar. 4Levilar sizlarga qoʻshilishib, Uchrashuv chodiridagi barcha vazifalarni bajarishsin. Levilardan boshqa birortasi sizlar bilan birga xizmat qilmasin. 5Mening gʻazabim Isroil xalqiga qarshi yana avj olmasligi uchun Chodirning Muqaddas xonalarida va qurbongohda faqatgina sen oʻgʻillaring bilan xizmat qilgin. 6Levi birodarlaringni Men Oʻzim senga yordamchi qilib, Isroil xalqi orasidan tanlab olganman. Ular Uchrashuv chodirida xizmat qilishlari uchun Men, Egangizga bagʻishlangan. 7Shunday boʻlsa–da, qurbongoh va ichki parda orqasidagi Eng muqaddas xona bilan bogʻliq boʻlgan barcha ruhoniylik xizmatini faqat sen oʻgʻillaring bilan bajar. Ruhoniylikni Men sizlarga hadya qilib berdim. Muqaddas buyumlar oldiga kelgan boshqa har qanday odamning jazosi oʻlimdir.”
Ruhoniylarning ulushi
8Egamiz yana Horunga dedi: “Isroil xalqi Menga olib kelgan hamma muqaddas nazrlarni nazorat qilishni senga topshirdim. Bu nazrlarni senga va oʻgʻillaringga doimiy ulush qilib berdim. 9Isroil xalqi Menga beradigan eng muqaddas nazrlarning, yaʼni don nazri, gunoh qurbonligi va ayb qurbonliklarining kuydirilmaydigan qismi sen bilan oʻgʻillaringga tegishlidir. 10Bularni muqaddas joyda tanovul qilinglar. Bu nazrlarni faqat erkaklar tanovul qilishlari mumkin. Bu nazrlarni gʻoyat muqaddas deb bilinglar.
11Qurbongoh oldida Isroil xalqi yuqoriga koʻtarib, Menga bergan boshqa hamma nazrlar ham sen bilan oʻgʻil–qizlaringning doimiy ulushidir. Xonadoningdagi har bir pok odam bu nazrlarni tanovul qilishi mumkin.
12Odamlar Men, Egangizga nazr qilgan ilk hosilning eng sifatli zaytun moyini, sharobini va donini ham Men sizlarga berdim. 13Menga nazr qilingan butun yurtning ilk hosili sizlarniki boʻladi. Xonadoningizdagi har bir pok odam bu nazrlarni tanovul qilishi mumkin. 14Isroilda Menga tamomila bagʻishlangan har bir narsa sizlarniki boʻladi. 15Isroil xalqi Menga nazr qilgan har bir toʻngʻich oʻgʻil va hayvonlarining birinchi erkak bolasi ham sizlarnikidir. Lekin sizlar ularning har bir toʻngʻich oʻgʻli evaziga hamda harom hayvonning#18:15 harom hayvon — Xudoga qurbonlik qilishga yaramaydigan hayvon. Halol va harom hayvonlar haqida toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun Levilar 11:1-47 ga qarang. birinchi erkak bolasi evaziga ulardan kumush olishlaringiz shart. 16Har bir toʻngʻich oʻgʻil bir oylik boʻlganda, ularning evaziga besh boʻlakdan kumush olinglar. Har bir kumush boʻlakning ogʻirligi 2,5 misqol boʻlsin#18:16 …besh boʻlakdan kumush olinglar. Har bir kumush boʻlakning ogʻirligi 2,5 misqol boʻlsin — ibroniycha matnda …besh shaqaldan ol. Har bir shaqalning ogʻirligi Muqaddas chodirda ishlatiladigan shaqalning ogʻirligiga teng kelib, 20 gera boʻlsin. 20 gera taxminan 11 grammga toʻgʻri keladi, demak, har bir toʻngʻich oʻgʻil evaziga berilgan kumush taxminan 55 grammga toʻgʻri keladi..
17Lekin sigirning, qoʻyning va echkining birinchi bolasi evaziga hech qanday toʻlov olma. Bu jonivorlar faqat Menga tegishlidir. Ularning qonini qurbongohga sep, yogʻini esa Men, Egangizga yoqimli hid kelishi uchun olovda kuydir. 18Qoʻchqorning yuqoriga koʻtarilgan toʻshi va oʻng soni seniki boʻlgani kabi, bu jonivorlarning goʻshti ham seniki boʻladi. 19Isroil xalqi Menga keltiradigan ehsonlarning hammasini Men senga va oʻgʻil–qizlaringga doimiy ulush qilib beraman. Bu sen va sening nasling bilan Mening oʻrtamdagi qatʼiy ahddir.”
20Soʻng Egamiz Horunga yana dedi: “Sizlar Isroil yurtida ulush olmaysizlar, xalqingiz orasida sizlarga bir boʻlak yer ham berilmaydi. Zotan, Isroil xalqi orasidagi ulushingiz ham, mulkingiz ham Menman.
Levilarning ulushi
21Levilarning Uchrashuv chodirida qilgan xizmati evaziga Men ularga Isroil yurtidagi hamma ushrlarni#18:21 ushr — har qanday daromadning oʻndan bir qismi. Levilar 27:30-33, Qonunlar 14:22-29, 26:12-13 ga qarang. xizmat haqi qilib beraman. 22Bundan buyon Isroil xalqi Uchrashuv chodiriga yaqin kelmasin. Aks holda, ular qilgan gunohi uchun jazo tortib oʻladilar. 23Levilar esa Uchrashuv chodirida xizmat qilib, Chodirga nisbatan qilingan har qanday ayb ish uchun javobgar boʻlishadi. Bu avlodlaringiz osha abadiy qonun–qoida boʻlsin. Levilar Isroil xalqi orasida yerni ulush qilib olishmaydi. 24Buning oʻrniga, Men ularga Isroil xalqining Menga nazr qilgan barcha ushrlarini beraman. Shu sababli Men, levilar Isroil xalqi orasida ulush olmaydi, deb aytgan edim.”
Levilarning ushri
25Egamiz yana Musoga dedi:
26— Levilarga Mening shu gapimni yetkaz: “Egamiz Isroil xalqining ushrini sizlarga ulush qilib bergan. Sizlar ushrni olganingizda, shu ushrning oʻndan bir qismini Egamizga nazr qilib beringlar. 27Egamiz bu nazringizni don bilan sharobning ilk hosili oʻrnida qabul qilib oladi. 28Demak, sizlar Isroil xalqidan oladigan jamiki ushringizning oʻndan bir qismini Egamizga nazr qilishingiz shart. Oʻsha nazrni ruhoniy Horunga beringlar. 29Isroil xalqidan qabul qilgan ushrning faqatgina eng sifatlisini Egamizga nazr qilinglar. 30Isroil xalqi Egamizga don bilan sharob nazrlarini keltirgandan keyin hosilning qolganini oʻzlariga qoldiradilar. Shu singari, sizlar ham ushrlarning eng sifatlisini Egamizga bagʻishlaganingizdan keyin, qolganini oʻzingizga olinglar. 31Qolganini oʻzingiz oilangiz bilan har qanday joyda yeb–ichishingiz mumkin. Bular Uchrashuv chodirida qilgan xizmatingiz uchun toʻlovdir. 32Egamizga ushrning eng sifatlisini bagʻishlaganingizdan keyingina ushrning qolganini yeyishingiz mumkin, shunda sizlar aybdor hisoblanmaysizlar. Shunday yoʻl tutsangiz, Isroil xalqining muqaddas hadyalarini bulgʻamagan boʻlasizlar, oʻzlaringiz nobud boʻlmaysizlar.”

Currently Selected:

Sahroda 18: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in